O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING YXHT DIIHB EHTIYOJLARNI BAHOLASH MISSIYASINING 2021 YIL 19 IYULDAGI HISOBOTI BO‘YICHA BAYONOTI

20.03.2023

2413

msk_yangiliklari_in

YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) bilan bo‘lgan hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – MSK) uchun muhim ahamiyatga ega.
 

DIIHB missiyalari 1999 yildan beri mamlakatimizda o‘tgan barcha parlament va prezident saylovlarini kuzatishda ishtirok etib kelmoqda. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonda saylovlarni umum e’tirof etilgan xalqaro saylov amaliyoti hamda respublikaning xalqaro majburiyatlariga muvofiq o‘tkazilishiga xizmat qilmoqda.

 

MSK taklifiga binoan YXHT DIIHBning Ehtiyojlarni baholash bo‘yicha missiyasi (EBM) mamlakatimizdagi saylovoldi holat va joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy voqea – Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonini o‘rganish uchun joriy yilning 24-28 may kunlari mamlakatimizga tashrif buyurgan edi.

 

Markaziy saylov komissiyasi DIIHBga va uning Ehtiyojlarini baholash missiyasiga saylovoldi holatning, shu jumladan, saylovga tayyorgarlik ko‘rishning har tomonlama tahlil qilganligi, shuningdek, bo‘lajak saylovning xalqaro kuzatuvini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqqanligi uchun o‘z minnatdorligini bildiradi.

 

Missiya o‘zining 2021 yil 19 iyuldagi Hisobotida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashabbus qilingan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasini yaqin istiqbolda mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha eng ustuvor hujjat sifatidagi ahamiyatini alohida qayd etgan. Hisobotda Prezident saylovi parlament va siyosiy partiyalar rolini mustahkamlash, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, qonun ustuvorligi va sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, gender tengligini ilgari surish, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga e’tibor kuchaygan sharoitda bo‘lib o‘tishi ta’kidlangan. “DIIHB EBM uchrashgan ko‘pchilik suhbatdoshlar o‘zlarining bo‘lajak saylovdagi ishtiroki haqida so‘z yuritganda mazkur mezonlarga tayandilar hamda “ortga qaytmaydigan va muqarrar tus olgan mazkur islohotlar” saylovni milliy va xalqaro huquq tamoyillari asosida o‘tkazishni ta’minlaydi, deb ta’kidladilar”, - deyiladi EBM hisobotida.

 

Hisobotda xotin-qizlarning mamlakat hayotining barcha sohalarida, shu jumladan, siyosiy sohadagi ishtirokini kengaytirish borasida ko‘rilayotgan choralarning muhimliligi ta’kidlangan. Saylov boshqaruvidagi gender muvozanat qonunchilik darajasida belgilanganligi alohida qayd etilgan.

 

Ehtiyojlarni baholash missiyasi 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning bir qator jihatlariga ijobiy baho bergan.

 

Hisobotda O‘zbekiston tomonidan YXHT DIIHBning qator tavsiyalari bajarilgani ta’kidlangan: “Bo‘lajak saylov yaqinda qayta ko‘rib chiqilgan va takomillashtirilgan huquqiy asoslarga muvofiq o‘tkaziladi. O‘zgartishlar esa DIIHBning avvalgi ba’zi tavsiyalari bilan bog‘liqdir”.

 

Jumladan:

 

- saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar o‘tkazish uchun ruxsatnoma olish o‘rniga xabardor qilish mexanizmining belgilanishi;

 

- haqorat va tuhmat uchun jinoiy jazoning liberallashtirilishi (ozodlikdan mahrum qilish jazosining bekor qilinishi);

 

- davlat resurslaridan saylov maqsadlarida noqonuniy foydalanishga taqiq joriy etilishi;

 

- siyosiy partiyalar tomonidan saylov kampaniyasi xarajatlari bo‘yicha oraliq va yakuniy hisobotlarning taqdim etilishi;

 

- shikoyatlar berish ikkiyoqlama tizimining bartaraf etilishi va sudning saylovga oid nizolarni hal qilish bo‘yicha yagona instansiya sifatida belgilanishi.

 

EBM tomonidan berilgan baholardan ko‘rinib turibdiki, har saylov bilan O‘zbekiston saylov kampaniyalarini o‘tkazishda izchillik bilan rivojlanishga erishmoqda.

 

EBM hisobotida muhim ijobiy o‘zgarishlar sifatida quyidagilar alohida qayd etilgan:

 

- MSK tomonidan barcha darajadagi komissiyalar a’zolari uchun keng ko‘lamli “kaskad” usulidagi o‘qitishning yo‘lga qo‘yilishi, boshqalar uchun ovoz berish bilan bog‘liq muammoni hal etishga alohida e’tibor qaratgan holda, saylovchilarni saylovning o‘ziga xos jihatlari haqida xabardor qilish uchun keng ko‘lamli kampaniya o‘tkazishga kirishilgani;

 

- imkoniyati cheklangan saylovchilarning saylovda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratish nazarda tutilgan maxsus chora-tadbirlarning ko‘rilgani;

 

- barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyatiga oid, jumladan, boshqalar uchun ovoz berishning oldini olish va saylov kuni saylov tartib-qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, saylovchilar va nomzodlarni ro‘yxatga olish, saylov kampaniyasini o‘tkazish, uni ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha yangilangan qonunchilik bazasining joriy etilgani.

 

Shunday qilib, EBM 2021 yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga Saylovni kuzatish bo‘yicha to‘laqonli missiyasini yuborish maqsadga muvofiq degan xulosaga kelgan.

 

“Ekspertlarning asosiy guruhidan tashqari, saylov jarayonini butun mamlakat bo‘ylab kuzatish uchun DIIHB YXHT ishtirokchi davlatlari tomonidan 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilarni, shuningdek, saylov kuni saylov jarayonlarini kuzatish uchun 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilarni yuborishni so‘rashi zarur”, - deyiladi YXHT DIIHB EBM Hisobotida.

 

EBM hisobotida tanqidiy mulohazalar ham mavjud. Markaziy saylov komissiyasi YXHT DIIHBning pozisiyasiga ehtiromini bildirar ekan, ularni ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qiladi. Shu bilan birga, saylovlarni o‘tkazish borasidagi ko‘p yillik tajribaga, milliy qonunchilik va xalqaro amaliyotga asoslanib, ularning ayrimlari bo‘yicha prinsipial pozisiyasi mavjud ekanligini qayd etadi. MSK EBM Hisobotining shu va boshqa ayrim holatlari bo‘yicha YXHT DIIHB missiyasining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi chog‘ida birgalikda ishlashni davom ettirish niyatida.

 

Shu bilan birga, o‘tkazilgan har bir saylovlar natijalariga binoan, O‘zbekistonning saylov qonunchiligi va amaliyotida YXHT DIIHB Saylovlarni kuzatish missiyasining maqbul tavsiyalari saylov qonunchiligiga implementasiya qilinayotgani va shu tariqa milliy huquqiy baza va saylov amaliyoti takomillashtirilayotganini ta’kidlash lozim.

 

MSK qayd etadiki, bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovining YXHT DIIHB tomonidan to‘laqonli formatda kuzatilishi saylovning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, qoidabuzarliklarning oldini olish, shuningdek, saylov jarayonini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish orqali milliy saylov jarayonlari nufuzining yanada oshishiga xizmat qiladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi