XALQARO MIGRATSIYA TASHKILOTINING O‘ZBEKISTONDAGI VAKOLATXONASI VAKILLARI BILAN UCHRASHUV

23.01.2024

2623

msk_yangiliklari_in

2023-yilning 30-mart kuni Markaziy saylov komissiyasida Xalqaro migratsiya tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Xususan, uchrashuv chog‘ida mehnat, o‘qish, davolanish va boshqa sabablarga ko‘ra xorijiy davlatlarda bo‘lgan, istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ovoz berish huquqlarini yana-da taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda saylovlar va referendum davrida O‘zbekiston Respublikasining diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida ham uchastka komissiyalari tuzilayotganligi, xorijda bo‘lgan vatandoshlarimizning saylovlar va referendumga oid xabardorligini oshirish, ularni ovoz beruvchilar ro‘yxatiga kiritish va ro‘yxat bilan tanishtirish, ovoz berish joyi va vaqti haqida xabardor qilish borasidagi keng ko‘lamli ishlar tashkil etilayotganligi qayd etildi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev saylovlar va referendum jarayonlarida Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikni kuchaytirish xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining saylovlar va referendumdagi ishtirokini kengaytirishda, ularning ovoz berish huquqlarini taʼminlashda, yuqorida keltirib o‘tilgan saʼyi-harakatlarni to‘laqonli amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab o‘tdi. 

Uchrashuvda Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy koordinatori, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Zeynal Gadjiyev Markaziy saylov komissiya bilan hamkorlik aloqalarni rivojlantirishga va amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirib o‘tdi.

Zeynal Gadjiyev Markaziy saylov komissiyasining XMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlik qilish intilishini yuqori baholar ekan bu o‘z navbatida migrantlarning saylov huquqlarini taʼminlash, xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini demokratik jarayonlarga xususan, jamiyat va davlat boshqarish ishlariga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Shuningdek, Zeynal Gadjiyev uchrashuv ishtirokchilariga XMT faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida maʼlumot berdi.

 

Qayd etish joiz, O‘zbekiston 2019-yilda XMTga to‘laqonli aʼzo bo‘ldi va bu respublikamiz va tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishga xizmat qildi. Ushbu o‘zaro taʼsir barqaror o‘sib bormoqda.

 

2020-yilda O‘zbekiston va XMT o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan. 2021-yilda esa tashkilotning Toshkentdagi to‘laqonli vakolatxonasi o‘z faoliyatini boshlagan.