06.01.2023

4729

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining saylovlarga taalluqli qisqartmalari

Kopengagen 1990 yil

 

(5) (Ishtirok etuvchi davlatlar) tantanali ravishda shuni bayon qiladilarki, inson shaxsiga xos bo‘lgan qadr-qimmatni hamda barcha odamlarning teng va ajralmas huquqlarini to‘laroq ifoda etish uchun zarur bo‘lgan adolat elementlari sirasiga quyidagilar kiradi:

 

(5.1) amaliyotda saylovchilarning o‘z vakillarini saylashlari chog‘ida fikr bildirishni ta’minlaydigan sharoitlarda yashirin ovoz berish yoki shunga teng keladigan ovoz berish yo‘li bilan oqilona vaqt oraliqlari o‘rtasida o‘tkaziladigan erkin saylovlar;

 

(...)

 

(6) Ishtirok etuvchi davlatlar shuni bayon qiladilarki, muntazam o‘tkaziladigan va haqiqiy saylovlar borasida erkin hamda rostakamiga ifoda etiladigan xalq irodasi hokimiyat va har qanday hukumat qonuniyligining asosidir. Ishtirok etuvchi davlatlar tegishincha o‘z fuqarolarining bevosita yoki haqiqiy saylov jarayonida o‘zlari erkin saylaydigan vakillar orqali mamlakatni boshqarishda qatnashish huquqlarini hurmat qiladilar (...)

 

(7) Xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo‘lib xizmat qilishi uchun ishtirok etuvchi davlatlar:

 

(7.1) qonunda belgilanganidek oqilona vaqt oralig‘ida erkin saylov o‘tkazadilar;

 

(7.2) milliy qonun chiqaruvchi organning hech bo‘lmasa bir palatasidagi hamma mandatlar umumxalq saylovi jarayonida nomzodlar erkin tortishuvining ob’yekti bo‘lishiga yo‘l qo‘yadilar;

 

(7.3) katta yoshdagi fuqarolarga umumiy va teng saylov huquqini kafolatlaydilar;

 

(7.4) ovoz berish yashirin o‘tkazilishini yoki erkin ovoz berishga teng keladigan tartibot qo‘llanilishini va ovozlarni hisoblash hamda bu haqdagi axborot haqqoniy bo‘lishini, uning rasmiy yakunlari esa matbuotda e’lon qilinishini ta’minlaydilar;

 

(7.5) fuqarolarning shaxs sifatida yoki siyosiy partiyalarning yoxud tashkilotlarning vakili sifatida, kamsitishsiz, siyosiy yoki davlat lavozimlariga erishish huquqlarini hurmat qiladilar;

 

(7.6) alohida shaxslarning yoki shaxslar guruhlarining to‘la erkinlik sharoitida o‘z siyosiy partiyalarini yoki boshqa siyosiy tashkilotlarni tuzish huquqini hurmat qiladilar hamda bunday siyosiy partiyalar va tashkilotlarga huquq va davlat organlari oldida tenglik asosida, bir-biri bilan musobaqalashish imkonini beruvchi zarur yuridik kafolatlar beradilar;

 

(7.7) hech qanday ma’muriy harakat zo‘ravonlik yoki qo‘rqitish partiya va nomzodlarni o‘z qarashlari hamda baholarini erkin bayon etishdan to‘xtata olmaydigan, shuningdek, saylovchilarga bu qarashlar va baholar bilan tanishish va ularni muhokama qilish yoki jazolanishdan qo‘rqmasdan erkin ovoz berish uchun hech kim xalaqit bermaydigan erkinlik va haqqoniylik sharoitida siyosiy kampaniyalar o‘tkazilishiga qonun va davlat siyosati yo‘l qo‘yishini ta’minlaydilar;

 

(7.8) ommaviy axborot vositalaridan moneliksiz foydalana olish uchun saylov jarayonida ishtirok etishni xohlovchi barcha siyosiy guruhlar va alohida shaxslarga kamsitmaslik asosida qandaydir yuridik yoki ma’muriy to‘siqlar o‘rnatilmasligini ta’minlaydilar;

 

(7.9) qonunda belgilangan zarur miqdorda ovoz olgan nomzodlar lozim darajada mansablarini egallashi va mansablarida vakolat muddati tugagunga yoki boshqa, demokratik parlament va konstitusiyaviy tartibotga mos ravishda qonun bilan muvofiqlashtiriladigan tarzda ular tugatilgunga qadar qolishlarini ta’minlaydilar;

 

(8) Ishtirok etuvchi davlatlar ham xorijiy, ham milliy kuzatuvchilarning hozir bo‘lishi saylov o‘tkaziladigan davlat uchun saylov jarayonining obro‘sini oshirishi mumkin, deb hisoblaydilar. Shuning uchun ular YeXHKda ishtirok etuvchi har qanday boshqa davlatdan hamda qanday tegishli muassasa va tashkilotlardan kuzatuvchilarni qonun yo‘l qo‘yadigan darajada milliy saylov borishini kuzatish uchun taklif qiladilar. Xuddi shuningdek, ular umummilliy darajadan pastroq darajada o‘tkaziladigan saylov jarayonlarida ishtirok etish uchun ham ko‘maklashishga harakat qiladilar. Bunday kuzatuvchilar o‘z zimmalariga saylov jarayoniga aralashmaslik majburiyatini oladilar.

 


Parij 1990 yil (Demokratiya, tinchlik va birdamlikning yangi davri)

 

Biz, hech qanday kamsitishlarsiz har bir inson:

 

(...)

 

erkin va adolatli saylovda qatnashish,

 

(...)

 

huquqlariga ega ekanligini tasdiqlaymiz.

 

(...)

 

Biz ishtirok etuvchi davlatlarda saylovlar to‘g‘risidagi aloqalar va axborot ayriboshlashga ko‘maklashish uchun Varshavada Erkin saylovlar bo‘yicha byuro tashkil etish qarorini qabul qilamiz.

 

Jeneva 1991 yil

 

Ishtirok etuchi davlatlar umummilliy darajadan ancha past darajada o‘tkaziladigan saylovda, shuningdek, ozchilikni tashkil etuvchi millatlar yashaydigan hududlardagi saylovda, qonun qanchalik yo‘l qo‘yishiga qarab kuzatuvchilarning hozir bo‘lishini ma’qullaydilar va buni ta’minlashga harakat qiladilar. (...)

 

Lissabon 1996 yil (Oliy darajadagi uchrashuv deklarasiyasi)

 

9. (...) Insoniylik mezonlarining o‘tkir muammolari orasida hamon davom etayotgan inson huquqlarini buzish hollari, chunonchi (...) saylovdagi qallobliklar (...) katta xavf bo‘lib qolmoqda. Biz bu muammolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarimizni davom ettirishga qat’iy ahd qilganmiz.

 

Istambul 1999 yil (Oliy darajadagi uchrashuv deklarasiyasi)

 

26. Bizni kutayotgan ko‘p sonli saylovlarni hisobga olgan holda, ular erkin va ochiq xususiyatlarga, shuningdek YeXHT doirasida qabul qilingan prinsiplar va majburiyatlarga muvofiq bo‘lishini ta’minlashga to‘la qat’iyatdamiz. Bu demokratik rivojlanish uchun mustahkam asosni ta’minlaydigan yagona yo‘ldir. Biz DIIHBning turli mamlakatlarga YeXHT doirasida qabul qilingan prinsiplar va majburiyatlarga javob beradigan saylovlar to‘g‘risidagi qonunchilikni ishlab chiqishga yordam ko‘rsatishidagi rolini munosib baholaymiz va u tomonidan saylovlarni o‘tkazishni baholashiga va tavsiyalariga darhol munosabat bildirish niyatidamiz. Biz DIIHB va YeXHT Parlament assambleyasining demokratik jarayonga qo‘shimcha hissa bo‘layotgan saylovlardan oldingi, saylovlar paytidagi va saylovlardan keyingi ishini qadrlaymiz. Biz ozchilikni tashkil qilgan shaxslar uchun ovoz berish huquqini to‘la hajmda ishonarli ta’minlash va qochoqlarga ular avval boshdan yashab kelgan mamlakatda o‘tkazilayotgan saylovlarda ishtirok etish uchun sharoitlar yaratish qat’iy niyatidamiz. Biz ham nomzodlar o‘rtasida, ham partiyalar o‘rtasida halol raqobatni ta’minlash, shu jumladan ularga ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni taqdim etish va yig‘ilishlar erkinligini hurmat qilish yo‘li bilan ta’minlash majburiyatini olamiz.

 

Istambul 1999 yil (Yevropa xavfsizligi xartiyasi: III. Bizning umumiy javobimiz)

 

25. Biz YeXHT doirasida qabul qilingan, jumladan 1990 yilgi Kopengagen hujjatlaridagi majburiyatlarga muvofiq erkin va halol saylovlar o‘tkazish bo‘yicha o‘z majburiyatlarimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Biz DIIHB ishtirok etuvchi davlatlarga saylovlar to‘g‘risidagi qonunchilikni ishlab chiqishda va amalga oshirishda yordam ko‘rsatishi mumkinligini e’tirof etamiz. Biz bu majburiyatlarga muvofiq mamlakatlarimizda o‘tkaziladigan saylovlarga boshqa ishtirok etuvchi davlatlardan, DIIHB, YeXHTning Parlament assambleyasi hamda saylovlarni o‘tkazish ustidan kuzatishni xohlagan tegishli institutlar va tashkilotlardan kuzatuvchilarni taklif etamiz. Biz DIIHBning saylovlarni o‘tkazishni baholash xulosasi va uning tavsiyalariga darhol munosabat bildirishga rozimiz.

 

Portu 2002 yil (Qarorlar: Saylovlarga taalluqli majburiyatlar 7/02-son Qarori)

 

Vazirlar kengashi, YeXHKning Insoniylik mezonlari bo‘yicha konferensiyasining Kopengagen kengashi hujjati (1990 yil) qoidalariga murojaat qilib,

 

bu qoidalar yangi majburiyatlar bilan to‘ldirilganligini (...) ta’kidlab,

 

bu majburiyatlarni bajarishga qat’iyatimizni yana bir bor tasdiqlab,

 

demokratik saylovlar turli xil saylov tizimlari sharoitlarida o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidlab,

 

DIIHBning ishtirok etuvchi davlatlarga saylovlar bilan bog‘liq majburiyatlarini bajarishga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ekspert salohiyatini e’tirof etib,

 

Doimiy kengashning 509-son «Xalqaro normalar va majburiyatlar: demokratik saylovlarni o‘tkazishning yaxshi amaliyoti bo‘yicha amaliy qo‘llanma» Qarorini e’tiborga olib,

 

ishtirok etuvchi davlatlarni DIIHBning saylovlarni kuzatish yakunlari bo‘yicha tavsiyalariga ta’sirchanroq munosabatda bo‘lishga da’vat etadi. (...)

 

Maasrixt 2003 yil (Qarorlar: Saylovlar bo‘yicha 5/03-son Qarori)

 

Vazirlar kengashi,

 

(...)

 

DIHB bilan YeXHT Parlament assambleyasi o‘rtasida saylovlarni kuzatish sohasida davom etayotgan samarali hamkorlikni ma’qullab,

 

bu yil iyun oyida DIIHB tomonidan tayyorlangan va ishtirok etuvchi davlatlarga taqdim etilgan «YeXHT ishtirok etuvchi davlatlarida demokratik saylovlarga nisbatan mavjud majburiyatlar: ishning borishi to‘g‘risida ma’ruza» (ODIHR.GAL/39/03) hujjatini ma’qullab, jumladan, elektoratga umuman butun jarayonga ishonch bildirish, saylov tartiblari transparentligi va saylovlarni o‘tkazish bilan shug‘ullanayotgan organlar hisob berishlari zarurligini e’tirof etib, ishtirok etuvchi davlatlarni bundan buyon ham DIIHB bilan mazkur sohadagi o‘z hamkorligini chuqurlashtirishga da’vat etadi,

 

DIIHBga o‘zining ishtirok etuvchi davlatlarga DIIHBning saylovlarni kuzatish to‘g‘risidagi ma’ruzasida qayd etilgan tavsiyalari yuzasidan choralar ko‘rishlarida o‘z yordami samaradorligini oshirish yo‘llarini ko‘rib chiqishni bildiradi. (...)

 

Bryussel 2006 yil (Qarorlar: YeXHT samaradorligini oshirish 19/06-son Qarori)

 

Vazirlar kengashi,

 

(...)

 

1. DIIHBga Vazirlar kengashining 17/05-son Qarori 2-bandiga muvofiq bajargan ishi uchun minnatdorchilik bildiradi va uning 2006 yil 10 noyabrida nashr etilgan ma’ruzasini ma’lumot uchun qabul qiladi;

 

(...)

 

3. Ishtirok etuvchi davlatlarga o‘z qonunchiligi va huquqiy amaliyotini YeXHT majburiyatlari bilan solishtirishlari lozimligini eslatadi;

 

4. Ishtirok etuvchi davlatlarning mavjud majburiyatlarini amalga oshirishlari borishining hozirgi holatiga taalluqli bahoni ma’lumot uchun qabul qiladi va, jumladan, ular tomonidan YeXHT doirasida qabul qilingan majburiyatlarning samarali bajarilishi uchun ma’suliyat ishtirok etuvchi davlatlar zimmasida ekanligini ta’kidlaydi. Shu munosabat bilan DIIHB ularga yordam ko‘rsatib, muhim rol o‘ynaydi;

 

5. Doimiy kengashga DIIHB va YeXHTning boshqa tegishli institutlarining tavsiyalarini e’tiborga olgan holda mazkur ma’ruzada qayd qilingan sohalardagi majburiyatlarni bajarish muammolariga, DIIHB yordamidan samaraliroq foydalanishni e’tiborga olgan holda e’tibor qaratishni topshiradi;

 

6. Bu ma’ruzada yangi majburiyatlarga taalluqli takliflarni ma’lumot uchun qabul qiladi va Doimiy Kengashdan Vazirlar kengashining 2007 yilda Madriddagi uchrashuvi boshlangunga qadar ular yuzasidan o‘z xulosasini chiqarishini so‘raydi;

 

(...)

 

8. YeXHTning elektorat jarayoni bilan bog‘liq faoliyatini bundan buyon ham rivojlantirish majburiyatini oladi va shu munosabati bilan YeXHKning Insoniylik mezonlari bo‘yicha konferensiyasi Kopengagen kengashining hujjati (1990 yil) qoidalarini ishtirok etuvchi davlatlar tomonidan inson huquqlari va asosiy erkinliklarini, shu jumladan demokratik saylovlarni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan huquqlar va erkinliklarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadlarida qabul qilishgan YeXHTning umumiy majburiyatlarini tamal toshi sifatida yana bir bor tasdiqlaydi;

 

9. Bu majburiyatlar Oliy darajadagi Budapesht uchrashuvining Deklarasiyasi (1994 yil), Oliy darajadagi Lissabon uchrashuvining Deklarasiyasi (1996 yil), oliy darajadagi Istambul uchrashuvining Deklarasiyasi (1999 yil), Yevropa xavfsizligi xartiyasi (1999 yil) va Vazirlar kengashining Portu (2002 yil) tegishli qoidalari va Maastrixt (2003 yil) uchrashuvlarining qarorlari bilan to‘ldirilganligini ta’kidlaydi;

 

10. Ishtirok etuvchi davlatlarning saylovlar monitoringini olib borish uchun boshqa ishtirok etuvchi davlatlardan, DIIHB, YeXHTning Parlament assambleyasidan hamda o‘z kuzatuvchilarini yuborishni xohlayotgan tegishli institutlar va tashkilotlardan kuzatuvchilarni taklif etish majburiyatlarini yana bir bor tasdiqlaydi;

 

11. Ishtirok etuvchi davlatlarning o‘z kuzatuvchilarini yuborishlari yo‘li orqali elektorat jarayoni halolligii mustahkamlashga o‘zlari samarali yordam ko‘rsatishlari mumkinligini ta’kidlaydi; (...)

 

Ostona 2010 yil

 

6. (...) Biz fuqarolik jamiyati va erkin OAV inson huquqlarini asosiy erkinliklari, demokratiyani, shu jumladan erkin va halol saylovlarni hamda huquq ustunligini hurmat qilishni to‘la hajmda ta’minlashga o‘zimizga yordam berar ekan, ular o‘ynayotgan muhim rolini qadrlaymiz.