AYOLLARGA NISBATAN KAMSITISHLARGA BARHAM BERISH TO‘G‘RISIDAGI DEKLARATSIYA
(1967-yil 7-noyabrda BMT Bosh Assambleyasining 2263 (XXII) rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan)
1-modda
Ayollarga nisbatan ularning erkaklar bilan teng huquqliligini inkor etish yoki cheklashga olib keladigan kamsitish tubdan adolatsizdir va inson qadr-qimmatiga qarshi jinoyat hisoblanadi.
2-modda
Ayollarga nisbatan kamsituvchi qonunlar, urf-odatlar, qoidalar va amaliyotlarni bekor qilish, erkaklar va ayollar tengligini tegishli huquqiy himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish, xususan:
a) erkaklar va ayollar tengligi prinsipi konstitutsiyaga kiritilishi yoki qonun bilan boshqacha tarzda kafolatlanishi;
b) Birlashgan Millatlar Tashkiloti va ixtisoslashtirilgan idoralarning ayollarga nisbatan kamsitishlarga barham berish bo‘yicha xalqaro hujjatlari ratifikatsiya qilinishi yoki ularga qo‘shilishi va imkon qadar tezroq to‘liq amalga oshirilishi kerak.
3-modda
Ijtimoiy fikrni shakllantirish va milliy sa’y-harakatlarni xurofotlarni yo‘q qilishga, ayollarning qadrsizligi g‘oyasiga asoslangan urf-odatlar va boshqa barcha amaliyotlarni bekor qilishga yo‘naltirish uchun barcha tegishli choralar ko‘rilishi kerak.
4-modda
Ayollar erkaklar bilan teng sharoitlarda, hech qanday kamsitishlarsiz ta’minlash uchun barcha tegishli choralar ko‘rilishi kerak:
a) saylovda ovoz berish va xalq tomonidan saylanadigan organlarga saylanish huquqi;
b) barcha umumxalq referendumlarida ovoz berish huquqi;
v) davlat xizmatidan foydalanish huquqi va barcha davlat funksiyalarini bajarish huquqi. Bu huquqlar qonun bilan kafolatlanishi kerak.