Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

saylov_komissiyalari_in

2021-yilning 24-oktabr kuni mamalakatimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. 5 ta Siyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlar saylovchilarning quyidagi miqdordagi ovozini oldi:

 

O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abduhalimov – 3,39 foiz;

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Oblomuradov – 4,14 foiz;

 

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirov – 5,48 foiz;

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maksuda Varisova – 6,63 foiz;

 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev – 80,12 foiz.

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 50 foizdan ortig‘ining ovozini olgan nomzod Prezident etib saylangan, deb hisoblanadi.

 

Ushbu ma’lumotlarga tayanib, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovchilarning eng ko‘p – 80,12 foiz ovozini olib, ishonchli g‘alaba qozondi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.

 

Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 milliondan ortiq saylovchidan 80,4 foizdan ko‘prog‘i saylov jarayonlarida ishtirok etgan.

Saylovda konsullik ro‘yxatida turgan turmaganligidan qat’i nazar, xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun 37 davlatda tashkil etilgan 54 saylov uchastkasida ovoz berish imkoniyati yaratildi.

 

Bu galgi Prezident saylovi ilk bor 2019-yilda qabul qilingan Saylov kodeksi asosida o‘tdi.

 

Saylov qonunchiligiga shu yilning 8-fevral va 31-may kunlari kiritilgan o‘zgartishlar va qo‘shimchalarga binoan, eng avvalo, saylov jarayoni ishtirokchilari, ya’ni saylovchilar, siyosiy partiyalar, saylov komissiyalari, ommaviy axorot vositalari hamda kuzatuvchilarning huquqlari va kafolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali saylov jarayonlarini boshqarish tizimi yanada takomillashtirildi. 

 

Barcha darajadagi saylov komissiyalari o‘z ishini Saylov kodeksi talablariga binoan, qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga to‘la amal qilgan holda tashkil etdi.

 

Siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlar uchun saylov kampaniyasi davrida saylovoldi  tashviqoti uchun teng va keng imkoniyatlar yaratildi.

 

Saylov uchastkalarida pandemiya sharoitida aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratildi.

 

Saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi va uning hududiy bo‘limlarida saylov jarayonining barcha ishtirokchilari uchun keng media-maydon yaratildi. Ularda yuzlab matbuot anjumanlari, brifinglar, intervyular, seminarlar, uchrashuvlar o‘tkazildi.

 

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rahbarlari, Oliy sudi raisi, Bosh prokurori, Ichki ishlar, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirlari, okrug saylov komissiyalari raislarining axborotlari tinglandi.

Saylov kampaniyasiga start berilgan kundan buyon xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida 76 mingdan ortiq materiallar e’lon qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi qabul qilingani va izchillik bilan amalga oshirilgani saylovlarni qonun talablari asosida, yuksak tashkiliy darajada o‘tkazishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Saylovchilarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlar haqida xabardor qilishga qaratilgan hamda saylovda faol ishtirok etishga chaqiruvchi turli o‘lchamlardagi 765 ming 60 nusxadagi plakatlar o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida nashr etilib, aholi gavjum joylarga joylashtirildi.   

 

Bundan tashqari, respublika bo‘ylab fuqarolarni saylovda faol ishtirok etishga chorlovchi 2 ming 315 ta tashqi reklama vositalarida bannerlar o‘rnatilgan hamda 781 ta elektron monitorlarda videoroliklar bepul namoyish etildi. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilar uchun 19 522 189 ta saylovga taklifnomalar chop etildi va hududlarga yetkazib berildi. Xususan mazkur axborot materiallarida saylovchilarga qulaylik yaratish maqsadida manzillar, ishonch telefoni va bog‘lanish uchun telefon raqamlar hamda QR kodlar orqali MSKning veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarining havolalari ko‘rsatib o‘tildi.  

 

10-oktabrdan boshlab haftaning seshanba, payshanba va yakshanba kunlarida “24-oktabr - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni. O‘z Konstitusiyaviy huquqingizdan foydalaning”, “14-oktabrdan 20-oktabrgacha muddatidan oldin ovoz berishingiz mumkin”, “O‘z saylov uchastkangizni aniqlang” degan mazmundagi sms xabarlar fuqarolarning mobil telefonlariga yuborildi.

Shuningdek, Saylov jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida jami 197 ta mahalliy ommaviy axborot vositalarining 1439 nafar vakillari akkreditasiyadan o‘tkazildi. 

 

Shuningdek, Avstriya, Vengriya, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Belarus Respublikasi, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya,  Misr, Gresiya, Isroil, Hindiston, Italiya, Eron, Ispaniya, Qozog‘iston, Quvayt Qirg‘iziston, Lyuksemburg, Niderlandiya, Latviya, Malayziya,  Ummon Sultonligi, Pokiston, Polsha, Koreya Respublikasi, Rossiya, Saudiya Arabistoni, AQSH, Tojikiston, Turkiya, Ukraina, Fransiya, Shveysariya, Yaponiya, Xitoy kabi davlatlarning 140 dan ortiq nufuzli xorijiy OAVlarining 233 nafar vakillari akkreditasiyadan o‘tkazildi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan keng yoritilganligi saylovning xalqaro standartlar asosida ochiq va oshkora o‘tkazilganligini tasdiqlovchi yaqqol dalil bo‘ldi.