MAHALLIY VAKILLIK KENGASHLARIGA SAYLOV QAY TARTIBDA AMALGA OSHIRILADI?

19.06.2024

2429

msk_yangiliklari_in

Xabaringiz bor, 2019-yil dekabr oyida mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga deputatlar saylovi bo‘lib o‘tgan edi. Saylov ilk bor yangi Saylov kodeksi asosida o‘tkazildi.

 

Ovoz berish natijalariga ko‘ra 831 nafar viloyat Kengashi hamda 5739 nafar tuman va shahar Kengashi deputatlari saylandilar. Xo‘sh, mahalliy vakillik Kengashlariga saylov qay tartibda amalga oshiriladi?

 

Darhaqiqat 2019-yil 25-iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi 15 - bobi “Mahalliy Kengashlarga saylovning o‘ziga xos xususiyatlari” deb nomlanadi. Mazkur bobda 6 ta modda (88-93-moddalar) mavjud. Demak, milliy saylov qonunchiligimizga muvofiq, mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga o‘tkaziladi. Mahalliy Kengashlarga saylovni tashkil etish va o‘tkazish uchun xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tuziladi.

 

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tegishli mahalliy Kengashlar tomonidan saylovga kamida sakson kun qolganida 11-21 nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuziladi hamda o‘z vakolatlarini keyingi saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingunga qadar amalga oshiradi.

 

Yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma’lumotga , qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin. Boshqa saylov komissiyalarining a’zolari, siyosiy partiyalarning a’zolari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, nomzodlarga bevosita bo‘ysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

 

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni  taqdim etishi kerak:

 

- saylovda ishtirok etish to‘g‘risida siyosiy partiyaning tegishli viloyat, tuman, shahar organi rahbari tomonidan imzolangan ariza;

 

- siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin ro‘yxatga olinganligi haqidagi ma’lumotnoma.

 

Saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddatda partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro‘yxati arizalar kelib tushish navbati tartibiga qarab matbuotda e’lon qilinadi.

 

Saylov kuni yigirma bir yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar mahalliy Kengashlar deputatligiga saylanish huquqiga ega.

 

Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib sodir etgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar, saylov kuniga qadar so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qo‘mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari ro‘yxatga olinmaydi.

 

Mahalliy Kengashlarning deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugallanadi. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning tegishli organlari tomonidan amalga oshiriladi. Siyosiy partiyalar tegishli hududda joylashgan har bir saylov okrugidan mahalliy Kengashlar deputatligiga bittadan nomzod ko‘rsatishga vakolatlidir. Bir shaxs tegishli mahalliy Kengashga saylov o‘tkazish bo‘yicha faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin. Deputatlikka nomzodlar tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.

 

Siyosiy partiya tegishli organining rahbari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni iltimos qilib, tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

 

- siyosiy partiya tegishli organining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori;

 

- siyosiy partiya tegishli organi majlisining mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, shuningdek saylov okrugining nomi va raqami ko‘rsatiladi;

 

- mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodning o‘z nomzodi tegishli saylov okrugidan ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi;

 

Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning Saylov kodeksi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni saqlab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

 

Viloyat Kengashi deputatligiga nomzod besh nafarga qadar, tuman va shahar Kengashi deputatligiga nomzod uch nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli. Ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasi o‘tkazishda yordam beradi, saylanish uchun tashviqot olib boradi, munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.

 

Xotima o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksida mahalliy vakillik Kengashlariga saylovlarning ochiq va shaffof, tan olingan xalqaro standartlarga asoslangan holda demokratik tamoyillarga muvofiq ravishda o‘tkazilishi uchun zarur bo‘lgan barcha huquqiy  asoslar yaratilgan.

 

Suyarjon Kurbankulov

Markaziy saylov komissiyasi a’zosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur