17.03.2023

3615

msk_yangiliklari_in

Davlat tiliga e’tibor, uning nufuzini yanada oshirish borasidagi ishlardan gap ochilsa, odatda, ko‘cha-ko‘y, jamoat joylari va ommaviy axborot vositalaridagi reklamalar matni-yu g‘aliz bitikli peshlavhalardan yozg‘irish boshlanadi: ajnabiy atamalar urchib ketgan, xatosiz yozilgan o‘zbekcha so‘z anqoning urug‘i... Yozg‘irish poyoni ham ko‘pincha: “Ovro‘pa mamlakatlariga borsangiz...” degan o‘kinchga borib taqaladi.

Til va ehtiyoj

Davlat tiliga e’tibor, uning nufuzini yanada oshirish borasidagi ishlardan gap ochilsa, odatda, ko‘cha-ko‘y, jamoat joylari va ommaviy axborot vositalaridagi reklamalar matni-yu g‘aliz bitikli peshlavhalardan yozg‘irish boshlanadi: ajnabiy atamalar urchib ketgan, xatosiz yozilgan o‘zbekcha so‘z anqoning urug‘i... Yozg‘irish poyoni ham ko‘pincha: “Ovro‘pa mamlakatlariga borsangiz...” degan o‘kinchga borib taqaladi.

Asrlardan buyon mustaqillik nashidasini surib yashayotgan badavlat,  serma’rifat mamlakatlar ahliga havasimiz kelishi, ulardan ulgu olishga intilishimiz tabiiy. Faqat qariyb 150 yil davom etgan istibdoddan xalqimiz kuni kecha xalos bo‘lganiyu har jabhada qaddini dadil tiklayotganini ba’zan unutib qo‘yayotgandekmiz.

Inson o‘zi shunday – ozodlik, farovonlik, boylik kabi hammaga va hamisha ham nasib etavermaydigan ne’matlarga tezroq erishishni istaydi. Qancha do‘rji bo‘lsa, shuncha kamdek tuyulaveradi. Ehtiyojning esa had-cheki yo‘q.

Bu ham tabiiy.

Ammo ortimizga birrov nazar tashlasak, dahshatli tush kabi tuyuladigan ayanchli manzaralar yodimizga tushmaydimi. Insof bilan aytganda, boshqa ne’matlarni qo‘ya turaylik, oddiy non, shakar, tuz xarid qilish ilinjida peshtaxtalari huvillab yotgan magazinlar oldida kallai sahardan yarim tungacha navbatda turmaganmidik. Istiqlolimiz bergan imkoniyat o‘laroq, farovon yurtlarga ilk bor qadam qo‘yganimizda, “hatto avtomobillarning magazinlarda sotilayotganini” ko‘rib, og‘izlarimiz lang ochilib qolmaganmidi.

Bugungi tadbirkorlarning aksariyati o‘sha taqchillik zamonida  —  ham moddiy, ham ma’naviy immuniteti pasaygan davrda shakllangan, “hovlisida eshagi bilan pishagidan boshqa mulki bo‘lmagan”, kambag‘al ishchi-dehqon oilasidan chiqqani bilan umri bo‘yi faxrlanib o‘tgan yo‘qsillar vakillari yoki ularning farzandlari emasmi. Yo‘qsillik psixologiyasidan qutulib, xususiy mulkchilik, to‘qchilik madaniyati, tafakkuri va ma’naviyatiga erishish oson kechadigan jarayon emasligi ayon.

Qonunlarda qanchalik keng erkinlik va imkoniyat nazarda tutilmasin, fuqarolar ulardan to‘g‘ri, samarali foydalanishni bilmasa, nafi kam. Shunday ekan, jamiyatda moliyaviy-iqtisodiy shart-sharoit, imkoniyat qatori, milliy tadbirkorlik madaniyati va tafakkuri ham shakllanishi zarur. Zero, ona tilini, milliy an’analarimiz va madaniyatimizni puxta bilmasdan, faqat pul-mablag‘ bilan qut-barakaga erishish dushvorligi ayon bo‘lib qoldi.

Yo‘qsa, Parijni tomosha qilib kelgan tujjor ayol qishloqdagi hovlisining paxsa devoriga “Vêtements de mariage” degan uch qulochlik peshlavhani ilib qo‘yib, maqtanib yurarmidi. Orzuga ayb yo‘q, albatta. Ammo farang xonimlari tubkaning tagidagi o‘sha qishloqqa kelib, bo‘y yetgan qizlariga kelinlik libosini buyurtma berishiga hozircha ishonish qiyinroq. Kelganida ham endilikda yopilib ketgan o‘sha bichish-tikish do‘konini o‘zbekcha peshlavhasi orqali ham bir amallab topib olishi mumkindir...

Qani endi, necha o‘n yillar, hatto, asrlar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni bir kunda, bir farmon yoki bir qonun bilan hal etishning iloji bo‘lsa. Qani endi, xalqimizni, ya’ni sizu bizni seminar-treninglarda o‘qitish yo‘li bilan ongu tafakkurimizni bir kunda o‘zgartirib, mutaraqqiy davlatlar fuqarolari kabi yuksak ma’rifatli, muttasil o‘qib-o‘rganadigan, farovon yashaydigan qilib qo‘yishning chorasi topilsa.

Dunyoqarashni o‘zgartirish qonunlarni o‘zgartirishdan ancha qiyin. Buyuk shoir aytganidek, “g‘isht ustiga g‘isht qo‘ymoq uchun ham fursat kerak”.

Yangi tarix va yuksak e’tibor

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan 21 oktyabr sanasining «O‘zbek tili bayrami kuni» deb e’lon qilinishi mamlakatimizning yangi tarixi, yangi taraqqiyot bosqichida amalga oshirilayotgan buyuk islohatlarning yuksak samaralaridan biridir.

O‘zbek tili bayrami – ona tilimizni sharaflash, uning qaddini va qadrini yanada yuksaltirish ayyomidir. Bu bayram davlat tilining O‘zbekistonda yashayotgan barcha  millatlar va elatlarning sevimli tiliga, ma’naviy ehtiyojiga, faxr-iftixoriga aylanishida muhim omil bo‘ladi.

Bu boradagi ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda va uning dastlabki samaralari ko‘zga tashlana boshlandi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini olaylik.

Bugun o‘nga yaqin millat vakillari mehnat qilayotgan Markaziy saylov komissiyasining aksariyat xodimlari faqat davlat tilini emas, xorijiy tillarni ham pishiq-puxta biladi. Saylov komissiyasining majlislari ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirokida davlat tilida o‘tkaziladi. Komissiyaning hujjatlari to‘la davlat tilida ishlab chiqiladi, tayyorlanadi va qabul qilinadi. Ayni paytda huquqshunoslar, tilshunoslar va adiblar bilan bamaslahat saylovga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlarni davlat tili nuqtai nazaridan yanada takomillashtirish, chetdan kirib kelgan atamalarning o‘zbekcha muqobillarini topish, yaratish va amaliyotga joriy etish borasidagi izlanishlar izchil davom etmoqda.

Ko‘lami keng, ahamiyati beqiyos

Mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish va uni barcha jabhalarga keng joriy etish borasidagi ishlarga e’tibor so‘nggi yillarda g‘oyat oshdi. Bunda yuqorida nomi qayd etilgan farmonda belgilab berilgan dasturiy vazifalar muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim. Ko‘lami keng, ahamiyati beqiyos ushbu vazifalar sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotir.

“Davlat tili haqida”gi qonun bor edi-yu, uning ijrosi uchun mas’ul tashkilot yo‘q edi. O‘ttiz yil mobaynida bu boradagi muammolarga doir yozg‘irishlar kutilgan samaralar bermaganining boisi ham, bir hisobda, shundan. Endi yuqoridan quyigacha mas’ullar tayin.

Bu –O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibida tashkil etilgan yangi tuzilma – Davlat tilini rivojlantirish departamenti, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilganidir.

O‘tgan qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida gap ketganda, ko‘pchilikning e’tiborini tortgan muhim bir o‘zgarishni qayd etish o‘rinli. Ilgari davlat tiliga bag‘ishlangan gap-so‘zlar, tadbirlar, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar asosan, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun - 21 oktyabr oldidan ko‘payar edi-yu, keyin go‘yo bu masala deyarli unutilar edi. Endi bu boradagi ishlar tobora keng ko‘lam va muntazamlik kasb etib bormoqda.

Buni, avvalo, ommaviy axborot vositalari -  tele-radiokanallar, gazeta-jurnallar, ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, Davlat tilini rivojlantirish departamentining rasmiy sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahafalarida davlat tilini targ‘ib qilish, muammolar va kamchiliklar haqida tanqidiy-tahliliy chiqishlar sezilarli darajada ko‘payib, jamoatchilikning e’tibor va e’tirofiga sazovor bo‘layotganida ko‘rish mumkin.

Buni barcha bo‘g‘indagi maslahatchilar hamkor tashkilotlar vakillari bilan birgalikda joylarda reklamalar matnlari, peshlavhalar, joy nomlarini davlat tiliga va reklamaga oid qonunlar talablariga mosligi yuzasidan birma-bir xatlovdan o‘tkazib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rayotganida ko‘rish mumkin.

Buni davlat tilini rivojlantirish, amaliyotda qo‘llash, faol o‘rganish, o‘zbek tilining ilmiy asoslarini yanada mustahkamlashga bag‘ishlangan turli tanlovlar, jumladan, ilmiy ishlar uchun grant tanlovlari o‘takazilayotganida, yangidan-yangi kitoblar, lug‘atlar, qo‘llanmalar nashr etilayotganida, ularning elektron shakllari internet tarmog‘iga joylanib, minglab-millionlab muxlislar tomonidan faol foydalanila boshlaganida ko‘rish mumkin.

Ona tilimizning nufuzini, jamiyatdagi va xalqaro miqiyosdagi mavqeini oshirishga xizmat qilayotgan ushbu jarayonda jamoatchilik tomonidan ko‘plab amaliy takliflar aytilmoqda. Innovasion g‘oyalar va texnologiyalarga asoslangan zamonaviy  fikrlar ilgari surilmoqda.

Davlat tili va ta’lim

“Davlat tili masalasi milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lishi zarur, - deb ta’kidladi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev. - Yosh avlod qalbiga ona tilimizni bolalikdan singdirish maqsadida ta’limning barcha bosqichlarida o‘zbek tilini zamonaviy va innovasion texnologiyalar asosida mukammal o‘rgatishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Toki, bolalarimiz o‘zbek tilida ravon o‘qiydigan, ravon yozadigan va teran fikrlaydigan insonlar bo‘lib yetishsin”.

Bunday ulug‘vor maqsadga erishish umumta’lim jarayonida umumiy savodxonlikka, ona tili va adabiyot ta’limiga e’tiborni yanada kuchaytirishni taqozo qiladi.

Hayotda tez-tez uchrab turadigan bir holat esga tushadi. Boshqalarni qo‘yavering, oliy ma’lumotli ba’zi mutaxassislar ham o‘zining ona tilida, ya’ni o‘rta maktabda va oliy ta’lim muassasida o‘zbek tilida ta’lim olganiga qaramay, xat-hujjatni davlat tilida tuzukroq yoza olmaydi. E’tiroz bildirsangiz, “men tilshunos yoki jurnalist emasman”, deydi. Go‘yo o‘zbek tilini faqat ushbu kasb egalari bilishi kerag-u, boshqalarga taalluqli emasday.

Shu jihatdan jamoatchilik o‘rtasida maktablarda o‘zbek tilini o‘qitishni takomillashtirish bilan bog‘liq masalaning ko‘tarilgani va muhokama qilinayotgani juda xayrli ish. Ayrim tilshunos-pedagoglarning fikricha, o‘quvchilarning ona tilini o‘rganishi qiyin kechib, umumiy savodxonlik darajasining pastligicha qolayotganining sababi - darslarda asosiy urg‘u nazariyaga qaratilayotgani bilan bog‘liq. Endi maktabda zamonaviy uslublardan foydalanib, amaliy garmmatikani, ya’ni  so‘zlashuvda va yozishda faol qo‘llaniladigan til qoidalarini o‘rgatishga o‘tish zarur. Boshqacha aytganda, farzandlarimiz ega bilan kesim, olmosh, sifatning qoidasi bilan birga to‘g‘ri yozishni, to‘g‘ri gapirishni va to‘g‘ri fikrlashni ham puxtaroq o‘rgansin.

Albatta, har qanday baxs-munozarada bo‘lgani kabi bu o‘rinda ham fikrlar xilma hil. Ammo bir masalada ko‘pchilik yakdilki, har qanday tilni yaxshi o‘rganish va o‘rgatish uchun o‘sha tilning tabiatidan kelib chiqib ish ko‘rilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, har bir millatning o‘ziga xos turmush tarzi, urf-odatlari va madaniyati bor. Til uning eng muhim tarkibiy qismidir.

Yuksak samaralarning buyuk omillari esa har birimizda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.

 

Qulman OCHILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

Raisining maslahatchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

 

 

Manba: “Guliston” jurnali,

2020 yil, 4-son.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur