№ 950 OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING QONUNCHILIK PALATASI, XALQ DEPUTATLARI VILOYAT, TUMAN VA SHAHAR KENGASHLARI DEPUTATLIGIGA NOMZODLARNING SAYLOVOLDI TASHVIQOTINI OLIB BORISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
qarori

№ 950 2019-yil 5-oktabr

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING QONUNCHILIK PALATASI, XALQ DEPUTATLARI VILOYAT, TUMAN VA SHAHAR KENGASHLARI DEPUTATLIGIGA NOMZODLARNING SAYLOVOLDI TASHVIQOTINI OLIB BORISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

QAROR QILADI:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga:

siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar, shuningdek ularning ishonchli vakillarining ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi arizalarini imkon qadar qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish;

ommaviy tadbirlarning umumiy sonini ko‘rsatgan holda saylov kampaniyasi tugaguniga qadar amal qilish muddati bilan bir qator ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun yagona ruxsatnoma berish tavsiya etilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar, shuningdek ularning ishonchli vakillarining saylovoldi tashviqoti bilan bog‘liq ommaviy tadbirlar o‘tkazishda jamoat xavfsizligini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

5. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.

RaisM. Abdusalomov