№ 787 2016-yil 1-dekabr
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR VAZIRLIGINING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVINI O‘TKAZUVCHI SAYLOV OKRUGLARI HAMDA SAYLOV UCHASTKALARINING XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH BO‘YICHA AMALGA OSHIRGAN ISHLARI YUZASIDAN AXBOROTI TO‘G‘RISIDA
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 10-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI:
1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglari hamda saylov uchastkalarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirgan ishlari yuzasidan axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar xavfsizligini ta’minlash choralarini yanada kuchaytirsin;
- uchastka saylov komissiyalaridagi saylov varaqalari va saylov byulletenlarini saylov kuniga qadar qo‘riqlash choralarini ko‘rsin;
- saylov kuni ovoz berish yakunlangach, tegishli hujjatlarni okrug saylov komissiyasiga o‘z vaqtida yetkazilishida xavfsizlikni ta’minlasin;
- okrug saylov komissiyalari tomonidan saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlashga doir okrug saylov komissiyasining bayonnomalarini Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan muddatlarda va xavfsiz yetkazish choralarini ko‘rsin;
- Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov yakunlari rasman e’lon qilinadigan kungacha saylov uchastkalarida saqlanayotgan saylovga doir hujjatlarni (saylov varaqalari va saylov byulletenlari) tegishli hokimlik arxiviga topshirilgunga qadar qo‘riqlanishni ta’minlasin.
3. Ichki ishlar organlari o‘z faoliyatlarini amalga oshirish jarayonida saylov komissiyalarining mustaqilligi va ular ishiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaslik tamoyillariga qat’iy rioya etsinlar.
4. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek boshqa manbalarda e’lon qilinsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibi S. Kurbankulov zimmasiga yuklansin.
RaisM. Abdusalomov