№ 776 SAYLOV TOʻGʻRISIDAGI QONUN HUJJATLARINING AYRIM NORMALARINI BIR XILDA QOʻLLANILISHIGA DOIR MASALALAR HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
qarori

№ 776 2016-yil 17-noyabr

SAYLOV TO‘G‘RISIDAGI QONUN HUJJATLARINING AYRIM NORMALARINI BIR XILDA QO‘LLANILISHIGA DOIR MASALALAR HAQIDA

“O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq, shuningdek okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ayrim normalarini bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

QAROR QILADI:

1. Uchastka saylov komissiyalari “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 31 va 32-moddalariga binoan saylovchilarning ovoz berishini tashkil etishda quyidagilarga alohida e’tibor qaratsin:

a) uchastka saylov komissiyasi saylovchiga saylov varaqasi yoki saylov byulletenini saylovchilarning ro‘yxati asosida uning pasporti yoki boshqa guvohnomasi ko‘rsatilgach beradi. Bunda boshqa guvohnoma deganda, harbiy xizmatchining harbiy guvohnomasi, agar saylovchining pasporti yo‘qolgan yoxud almashtirish uchun topshirilgan bo‘lsa, bu haqda ichki ishlar organlari tomonidan berilgan belgilangan shakldagi ma’lumotnoma tushunilishi lozim;

b) muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kuni bo‘la olmasligi sababi (ta’til, xizmat safari, chet elga chiqish va hakozo) ko‘rsatilgan arizasi asosida o‘z yashash joyidagi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqasini oladi. Bunda uchastka saylov komissiyasi saylovchidan uning saylov kuni o‘z saylov uchastkasida bo‘la olmasligi sababini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni talab etmasligi lozim.

v) saylovchilarning turgan joyida ovoz berishini tashkil etishda quyidagilarga e’tibor berish lozim:

saylovchining turgan joyida ovoz berishiga faqat saylov kuni imkoniyat yaratiladi hamda bu saylovchining ovoz berish kunidan oldin yoki ovoz berish kuni bergan va saylov uchastkasiga kela olmasligining sababi ko‘rsatilgan yozma arizasi yoki og‘zaki murojaati asosida amalga oshiriladi. Uchastka saylov komissiyasi a’zosi bu haqda saylovchilarning murojaatlarini qayd qilish jurnaliga tegishli yozuv kiritadi;

saylovchilarning murojaatlarini qayd qilish jurnalida murojaatning kelib tushgan vaqti, saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash manzili ko‘rsatiladi hamda uchastka saylov komissiyasi a’zosining imzosi bilan tasdiqlanadi;

uchastka saylov komissiyasi tomonidan saylovchining turgan joyida ovoz berishini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilishda murojaatning kelib tushgan vaqti, saylovchining uchastkaga kela olmasligi sababi, uchastka saylov komissiyasining joriy ish hajmi va mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqiladi;

turgan joyida ovoz bergan saylovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar uchastka saylov komissiyasi a’zosi tomonidan mazkur qarorning ilovasiga muvofiq shaklda tuzilgan saylovchilar ro‘yxatidan ko‘chirmaga kiritib boriladi. saylovchi saylov byulletenini olganligini tasdiqlab, saylovchilar ro‘yxatidan ko‘chirmada o‘z familiyasi ro‘parasiga imzo qo‘yadi;

saylovchi turgan joyida ovoz berganidan so‘ng, saylovchilar asosiy ro‘yxatining tegishli joyiga (turgan joyda ovoz bergan saylovchining familiyasi ro‘parasiga) “Turgan joyida ovoz berdi” degan yozuv kiritilib, komissiya a’zolari tomonidan imzolanadi;

mazkur normalarni qo‘llashda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 31 va 32-moddalari hamda Markaziy saylov komissiyasining 2015-yil 3-fevraldagi 681-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha uchastka saylov komissiyalari faoliyatini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 10-bobi talablari inobatga olinadi.

2. Okrug saylov komissiyalari mazkur qarorning uch kun muddat ichida barcha uchastka saylov komissiyalariga yetkazilishini, shuningdek joylarda uchastka saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligiga oid huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan seminar-treninglarda uning mazmun-mohiyati tushuntirilishini hamda so‘zsiz ijro etilishini ta’minlasin.

3. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek boshqa manbalarda e’lon qilinsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari K. Adilovga zimmasiga yuklansin.

RaisM. Abdusalomov