№1401 Saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№1401                                                  2024-yil  12-oktyabr

 

Saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8, 14 va 16-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. Saylov kuni ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida texnik talabalarga muvofiq bo‘lgan respublikaning tuman va shaharlari hududida joylashgan saylov uchastkalarida videokuzatuv kamera va boshqa zarur qurilmalar o‘rnatilsin.

 

2. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda:

 

2024-yil 15-oktyabrga qadar ovoz berish jarayonini video-translyatsiya qilish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalarining tavsiyalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga muvofiq saylov uchastkalarida videokuzatuv kamera va zaruriy qurilmalar o‘rnatilishi hamda jihozlanishini ta’minlasin;

 

2024-yil 18-oktyabrga qadar Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi ekranlarda, saylov.uz rasmiy veb-saytida hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” va boshqa telekanallarida ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) kuzatish imkoniyatini yaratish choralarini ko‘rsin.

 

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda 2024-yil 18-oktyabrga qadar:

 

saylov uchastkalarini uzluksiz elektr energiya manbai bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;

 

ovoz berish jarayoni real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilinadigan saylov uchastkalarida zaxira elektr ta’minoti mavjud bo‘lishini ta’minlasin.

 

4. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

 

5. Ushbu qaror nusxasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalariga hamda manfaatdor vazirlik va idoralarga yuborilsin.

 

6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                                          Z. Nizamxodjayev