O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№1400 2024-yil 12-oktabr
Ayrim saylov uchastkalarida tajriba-sinov tariqasida ovoz berishni elektron shaklda amalga oshirilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
2024-yil 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 26-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasining tavsiyasiga asosan Toshkent shahridagi 16, 17, 18, 19, 20, 21, 22, 23, 24 va 25-saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tajriba-sinov tariqasida joriy etilsin.
Ushbu saylov uchastkalarida saylovchilar o‘z xohish-irodalarini erkin namoyon etgan holda ixtiyoriy ravishda elektron shaklda yoki saylov byulletenlari orqali (an’anaviy tarzda qog‘oz shaklda) ovoz berish huquqi mavjudligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Tajriba-sinov tariqasida ayrim saylov uchastkalarida elektron ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda:
elektron ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish uchun joriy yilning 15-oktabriga qadar mazkur qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan saylov uchastkalarida elektron ovoz berish qurilmalari o‘rnatilishi va saylov kuni uzluksiz ishlashini ta’minlasin;
elektron ovoz berish tashkil etiladigan saylov uchastkalaridagi komissiya a’zolari uchun elektron ovoz berish tartibi haqida tushuntirish va o‘qitish ishlari amalga oshirilsin.
4. Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda joriy yilning 18-oktabriga qadar elektron ovoz berish tashkil etiladigan saylov uchastkalari uzluksiz elektr energiya manbasiga ulanishi hamda ularda zaxira elektr ta’minoti mavjud bo‘lishini ta’minlasin.
5. Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasi elektron ovoz berish tashkil etiladigan saylov uchastkalarining komissiya a’zolari bilan birgalikda ushbu saylov uchastkalarida tajriba-sinov tariqasida ovoz berish elektron shaklda amalga oshirishning imkoniyati mavjudligi haqida saylovchilarga keng tushuntirish ishlari olib borish choralarini ko‘rsin.
6. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
7 Ushbu qaror nusxasi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Energetika vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasiga yuborilsin.
8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. Nizamxodjayev