№1396 Saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№1396                                                  2024-yil  8-oktabr

 

 

Saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish to‘g‘risida

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 57-moddalariga hamda Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1343-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovi kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazilsin.

 

2. Belgilansinki:

 

muddatidan oldin ovoz berish 2024-yil 16-oktabr kuni boshlanib, 2024 yil 23-oktabr kuni yakunlanadi;

 

O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari binolarida muddatidan oldin ovoz berish tegishincha ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar davom etadi.

 

3. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Saylov kodeksining 561-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.

 

4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati (A. Ro‘ziyev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalariga saylov okrugi (hudud) bo‘yicha saylovchilar umumiy sonining 10 (o‘n) foizi (xorijdagi uchastka saylov komissiyalari uchun 100,5 foiz) miqdorida saylov byulletenlari va zarur kanselyariya buyumlarini 2024-yil 10-oktabrga qadar yetkazib berilishini ta’minlasin.

 

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalari tuman, shahar saylov komissiyalariga saylov okrugi (hudud) bo‘yicha saylovchilar umumiy sonining 10 (o‘n) foizi miqdorida saylov byulletenlari va zarur kanselyariya buyumlarini 2024-yil 12-oktabrga qadar yetkazib bersin.

 

Uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylov uchastkasi hududidagi saylovchilar umumiy sonining 10 (o‘n) foizi miqdorida saylov byulletenlari va zarur kanselyariya buyumlari tuman, shahar saylov komissiyalaridan 2024-yil 13-oktabrga qadar olinishi hamda belgilangan tartibda saqlanishi ta’minlansin.

 

6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya saylov byulletenlari olingan kundan boshlab saylov byulletenlari hamda boshqa hujjatlar saqlanadigan tegishli saylov komissiyalarining binolarini belgilangan tartibda qo‘riqlanishini ta’minlash choralarini ko‘rsin.

 

7. Uchastka saylov komissiyalari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari:

 

saylov uchastkasi hududidagi saylovchilarni muddatidan oldin ovoz berish kuni, vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilsin;

 

saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish bo‘yicha murojaatlarini o‘z vaqtida qabul qilsin;

 

muddatidan oldin ovoz berish saylov qonunchiligi talablari asosida o‘tkazilishini ta’minlasin.

 

8. O‘zbekiston Milliy teleradiokampaniyasiga ushbu qarorning 2-bandiga muvofiq muddatidan oldin ovoz berish kunlari va vaqti haqida saylovchilarga doimiy axborot berib borilishini hamda muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari keng yoritilishini ta’minlash tavsiya etilsin.

 

9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur qarorni O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga yetkazilishini ta’minlasin.

 

10. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

 

11. Ushbu qaror nusxasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalariga hamda manfaatdor vazirlik va idoralarga yuborilsin.

 

12. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                                    Z. Nizamxodjayev