O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№1388 2024-yil 27-sentabr
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosarining saylov qonunchiligi targ‘iboti borasida adliya organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqidagi axboroti to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari A. Karimovning saylov qonunchiligiga oid savodxonligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari borasida adliya organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotini eshitib va muhokama qilib, Adliya vazirligi tomonidan bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etadi.
“Mening tanlovim-obod vatanim” shiori ostida aholining saylov qonunchiligiga oid huquqiy savodxonligini oshirish borasida adliya organlari tomonidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish, saylov qonunchiligiga oid huquqiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovini o‘tkazishda qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini yoritish bo‘yicha media-reja tasdiqlanib ijroga qaratilgan.
Joylarda tashkil qilinadigan tadbirlarda foydalanish uchun huquqiy targ‘ibot materiallari to‘plamlari (taqdimot, infografika, videorolik, buklet) tayyorlanib manzilli yetkazilgan.
Hududiy adliya organlari va tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda targ‘ibot guruhlari tashkil qilinib, har bir tuman (shahar) kesimida reja-grafik ishlab chiqilgan.
Yuqorida bayon etilganlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari A. Karimovning saylov qonunchiligiga oid savodxonligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari borasida adliya organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda saylov kampaniyasi davrida “Mening tanlovim-obod vatanim” shiori ostida mahallalarda, korxona va tashkilotlarda huquqiy targ‘ibot tadbirlarini;
Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari bilan saylov jarayonlariga oid fikr-mulohazalar aks etgan intervyu-suhbatlarni;
joylarda saylov jarayoni ishtirokchilariga saylov institutining mohiyati, saylovga doir qonunchilik hujjatlarining mazmunini tushuntirishga qaratilgan seminar va davra suhbatlari o‘tkazilishini saylov yakuniga qadar davom ettirsin.
3. Vazirlik va idoralar hamda hokimliklar o‘zining tizimidagi barcha idoralarda xodimlarning saylovga doir huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil qilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar uchun saylov qonunchiligining mazmuni, ayniqsa aralash saylov tizimining o‘ziga xos jihatlarini tushuntirishga doir seminar va davra suhbatlari tashkil etilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga jamoatchilikni saylov qonunchiligi yangiliklari bilan keng tanishtirib borish, saylov qonunchiligining mazmun-mohiyati va ahamiyatini, shu jumladan saylovchilarning saylovga oid huquqlarini televideniye va radio orqali keng yoritish, shuningdek markaziy va hududiy teleradiokanallarda saylov jarayonlariga bag‘ishlangan maxsus dasturlarni tashkil etish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
7. Ushbu qaror nusxasi manfaatdor vazirlik va idoralarga yuborilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. Nizamxodjayev