O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№1375 2024-yil 5-sentyabr
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifini tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 31 va 32-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylov byulletenining shakli, matni va tavsifi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov byulletenining shakli, matni va tavsifi 2-ilovaga muvofiq;
xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifi namunasi 3-ilovaga muvofiq;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifi namunasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha deputatlikka nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi hamda saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi;
yagona saylov okrugi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi hamda hudud bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritiladi;
tegishli saylov komissiyalariga taqdim etilgan ma’lumotlarga muvofiq saylov okrugi (hudud) bo‘yicha saylovchilar sonini, shu jumladan tegishli hudud aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda saylov byulletenlarini tayyorlash bo‘yicha ehtiyojni inobatga olgan holda chop etiladi;
chop etish jarayonida yaroqsiz deb topilgan va ortiqcha chop etilgan saylov byulletenlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, shu jumladan tegishincha hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasining mas’ul xodimi va saylov byulletenini chop etuvchi korxonaning kamida ikki nafar vakillari ishtirokida darhol yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilinadi hamda bu haqda dalolatnoma tuzilib, imzolanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
2024 yil 21 sentyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari hamda konsullik muassasalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar soni haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etsin;
2024 yil 13 oktyabrga qadar tegishli saylov byulletenlari O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari hamda konsullik muassasalari huzuridagi uchastka saylov komissiyalariga yetkazib berilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati (A. Ro‘ziyev) chop etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalariga belgilangan tartibda yetkazib berilishini ta’minlasin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalari:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yetkazib berilgan saylov byulletenlari o‘rnatilgan tartibda qabul qilib olinishini, sifatli holda saqlanishini va qo‘riqlanishini hamda o‘z vaqtida tuman, shahar saylov komissiyalariga yetkazib berilishini;
saylov byulletenlarini uchastka saylov komissiyalari tomonidan 2024-yil 13-oktyabrgacha saylov uchastkasidagi saylovchilar umumiy sonining 10 foizi miqdorida, 2024-yil 23-oktyabrgacha 90,5 foizi miqdorida tegishli tillarda taqsimlangan holda tuman, shahar saylov komissiyalaridan olishlarini ta’minlasinlar.
Bunda, uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov byulletenlarining umumiy soni saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilar sonidan yarim foizga ortiq bo‘lishi (100,5 foiz), biroq undan ko‘p bo‘lmasligi inobatga olinsin.
6. Hududiy, tuman, shahar saylov komissiyalari tegishli xalq deputatlari Kengashi sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matnini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan tegishli namunaga muvofiq tasdiqlasin va chop etsin.
Saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun tayyorlanadigan trafaretlarga mos kelishini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matnini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan tegishli namunalarni inobatga olgan holda tasdiqlash va chop etish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. Nizamxodjayev