O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№1363 2024-yil 10-avgust
Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzish to‘g‘risida
Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishni tashkillashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 39-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlari ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Ekspert guruhlari:
siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillarini tekshiruv o‘tkaziladigan vaqt va joy haqida xabardor qilinishini ta’minlasin;
imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligi tekshirilayotganda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 11 sentyabrdagi 933-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan imzolarni to‘plash va imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga qat’iy rioya qilsin.
3. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. Nizamxodjayev