O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№1340 2024-yil 21-iyun
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, Kotibiyat xodimlari hamda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalarining
doimiy asosda ishlovchi a’zolariga uzoq muddat ishlaganligi uchun ustama to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 6-noyabrdagi PQ-4004-son qarori, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2024-yil 22-yanvardagi PF-19-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1.O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, Kotibiyat xodimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalarining doimiy asosda ishlovchi a’zolariga uzoq muddat ishlaganligi uchun ustama to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 6-noyabrdagi PQ–4004-son qarorining 5-bandiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va Kotibiyat xodimlari maqomi, mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish, moddiy-maishiy ta’minot shart-sharoitlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Qonunchilik palatasi Devonining tegishli xodimlariga tenglashtirilganligi inobatga olinsin.
3. Ushbu qarorda nazarda tutilgan xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi doimiy asosda ishlovchi a’zolari va Kotibiyat xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2020-yil 6-noyabrdagi 1041-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-noyabrdagi 1041-son qaroriga asosan hisoblangan to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, Kotibiyat xodimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalarining doimiy asosda ishlovchi a’zolariga uzoq muddat ishlaganligi uchun ustama to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari asosida qayta hisoblansin hamda joriy yilning 1-iyul sanasidan to‘lab borilsin.
6. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z.Nizamxodjayev