№1331 Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish haqida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№1331                                                   2024-yil  27-may

 

 

Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish haqida

 

 

Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish, saylov jarayonlari ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, saylov komissiyalari faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

2. Quyidagilar:

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Markaziy saylov komissiyasi) tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini yuksaltirishga qaratilgan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda – respublika ishchi guruhi) 2-ilovaga muvofiq tuzilsin;

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi mutaxassislaridan iborat yuqori malakali ekspertlar (keyingi o‘rinlarda – yuqori malakali ekspertlar) tarkibi shakllantirilganligi qayd etib o‘tilsin.

 

3. Markaziy saylov komissiyasining Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi direktori Sh.Xasanov yuqori malakali ekspertlar bilan birgalikda:

 

saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarining dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarini (ma’ruza matni, topshiriq savollari, test, taqdimot materiallari, infografika, video-dars va boshqalar) o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida ishlab chiqsin hamda nashr etishga tayyorlasin;

 

Konsepsiyaning amalga oshirilishi yuzasidan, shu jumladan respublika va hududlarda o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarning tasdiqlangan dastur hamda reja-jadvallar asosida, yuqori saviyada tashkil etilishi va o‘tkazilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin.

 

4. Markaziy saylov komissiyasi a’zolari A. Ibodullayev, X.Paluaniyazov Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining bosh buxgalteri Sh. Umarov hamda Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi direktori Sh.Xasanov bilan birgalikda:

 

Markaziy saylov komissiyasining faoliyatiga ko‘maklashish uchun jalb qilingan yuqori malakali ekspertlar, respublika ishchi guruhi a’zolari, shuningdek hududiy trenerlar uchun o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tkazish, ularga uslubiy va amaliy ko‘mak berish hamda ta’lim sifatini monitoring qilishni tashkil etish maqsadida yetakchi oliy ta’lim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilaridan iborat tarkibda shakllantirilgan respublika trenerlari (keyingi o‘rinlarda – respublika trenerlari) bilan belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar tuzilishini;

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida saylov komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari va kotiblarini o‘qitish uchun oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlardan shakllantirilgan hududiy trenerlar (keyingi o‘rinlarda – hududiy trenerlar) bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari o‘rtasida belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar tuzilishini;

 

yuqori malakali ekspertlar, respublika ishchi guruhi a’zolari va respublika trenerlariga fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomada belgilangan to‘lovlar, shu jumladan respublika trenerlarining hududlarda tashkil etiladigan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarida ishtirokini ta’minlash uchun xizmat safari xarajatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, hududiy trenerlarga fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomada belgilangan to‘lovlar esa xududiy saylov komissiyalari tomonidan o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlasin.

 

5. Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati Moddiy-texnika ta’minoti bo‘limi (J. Faxrutdinov) Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi direktori Sh.Xasanov buyurtmasiga asosan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari ishtirokchilari uchun tegishli tarqatma materiallarni (o‘quv-uslubiy qo‘llanma, video-dars va boshqalar) belgilangan miqdorda chop etilishi (tayyorlanishi) va o‘rnatilgan tartibda hududlarga yetkazib berilishini ta’minlasin.

 

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari respublika ishchi guruhi bilan kelishilgan holda 2024-yil 1-iyulga qadar:

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 3-ilovaga muvofiq tarkibda o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda – hududiy ishchi guruhlar) tuzsin hamda ularning respublika ishchi guruhi bilan uzviy hamkorligini ta’minlasin;

 

har bir tuman va shaharda 4-ilovaga muvofiq tarkibda o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) ishchi guruhlarini tuzsin hamda ularning hududiy ishchi guruhlari bilan uzviy hamkorligini yo‘lga qo‘ysin;

 

Konsepsiyada belgilangan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini respublika va hududiy ishchi guruhlar tomonidan tasdiqlangan reja-jadvallarda belgilangan vaqtda va joylarda uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida ularni tegishli binolar, xonalar, o‘quv mashg‘ulotlari uchun zarur jihozlar bilan ta’minlasin;

 

o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan joylarning o‘zida o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari ishtirokchilari bepul ovqatlanishlarini tashkil etsin hamda respublika trenerlari va hududiy trenerlar o‘quv-mashg‘ulotlariga qatnashishlari uchun bepul transport bilan ta’minlasin, shuningdek o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan binolarda xavfsizlikni ta’minlash choralarini ko‘rsin.

 

7. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati (M. Alimbayev) bilan hamkorlikda uchastka saylov komissiyasi faoliyatiga oid videoroliklarni 2024-yil 25-iyunga qadar tayyorlasin va respublika ishchi guruhiga yetkazib bersin.

 

8. Mazkur qaror Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin va manfaatdor tashkilotlar e’tiboriga yetkazilishi ta’minlansin.

 

9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                               Z. Nizamxodjayev