Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

№1300 Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

№1300                          2023-yil 20-iyun

 

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

 

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasi, “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasi hamda Saylov kodeksining 14, 16 va 49-moddalariga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. Quyidagilar:

 

Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlashni;

 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi saylov okruglari va uchastkalari hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini taʼminlashni amalga oshiradi.

 

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlashda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya:

 

saylov okruglari va uchastkalari hududida, saylov komissiyalari joylashgan binolarda, shu jumladan ovoz berish binolarida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash uchun masʼul xodimlarini (keyingi o‘rinlarda – jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodim) biriktiradi;

 

jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimlarini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan tegishli eslatma bilan taʼminlaydi;

 

jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimlariga ularning jamoat xavfsizligini taʼminlashdagi vazifalari, huquq va majburiyatlari bo‘yicha tushuntirishlar berilishini hamda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishini tashkil etadi.

 

3. Okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar va hududlarning qo‘riqlanishi milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining hududiy rahbarlari tomonidan tasdiqlangan navbatchilik jadvali asosida amalga oshiriladi.

 

4. Jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimlar:

 

saylov byulletenlari okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan olingan kundan eʼtiboran saylov byulletenlari hamda boshqa hujjatlar saqlanadigan binolarning (xonalar) qo‘riqlanishini taʼminlaydi;

 

saylov byulletenlari okrug saylov komissiyasi tomonidan uchastka saylov komissiyasiga xavfsiz yetkazib berilishini taʼminlaydi;

 

okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolari tomonidan saylov natijalariga doir hujjatlar, shu jumladan ovoz berish yakunlariga oid bayonnomalarni tegishli saylov komissiyalariga olib borib topshirishda ularni kuzatib boradi hamda xavfsizligini taʼminlaydi;

 

2023-yil 9-iyul – saylov kuni o‘z xizmat faoliyatini ovoz berish binosiga kirmagan holda olib boradi;

 

saylovchilarning yashirin ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligini, shuningdek saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzmagan holda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash choralarini ko‘radi.

 

5. Jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimlarga quyidagilar taqiqlanadi:

 

saylovchilar, kuzatuvchilar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilariga taʼsir o‘tkazish;

 

saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasiga kirish;

 

biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish;

 

saylovchilardan ular bergan ovozlari haqida surishtirish yoki ularga saylov byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;

 

saylov komissiyasi faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish.

 

6. Qonunchilikka muvofiq:

 

saylovchilarning yashirin ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligini buzish, saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga g‘ayriqonuniy ravishda putur yetkazish maʼmuriy yoxud jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi;

 

uchastka saylov komissiyasi raisi ovoz berish binosida tinchlik saqlanishi va tartibga rioya qilinishini taʼminlash, ovoz berish va ularni sanab chiqishda g‘ayriqonuniy to‘sqinliklar vujudga kelganida jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimga murojaat qilishi;

 

saylov uchastkasi hududidagi tartibsizlik, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar bartaraf etilganidan so‘ng jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodim uchastka saylov komissiyasi raisi ko‘rsatmasi asosida ovoz berish binosini tark etishi va xizmatni davom ettirishi shartligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

 

7. Uchastka saylov komissiyasining raisi (yoki rais o‘rinbosari) ovoz berish binosida tartibga rioya etilishini nazorat qiladi.

 

8. Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari saylov okruglari hududida mazkur qarorga muvofiq jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash, shuningdek favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

 

9. Mazkur qaror Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

 

10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                            Z. Nizamxodjayev