Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

№1236 O‘zbekiston Respublikasi referendumi davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№ 1236                            2023-yil 14-aprel

 

 

O‘zbekiston Respublikasi referendumi davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

 

 

O‘zbekiston Respublikasi referendumi davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasi, “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasi hamda “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunining 18-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. Quyidagilar:

 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi O‘zbekiston Respublikasi referendumi davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlashni;

 

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi referendum okruglari va uchastkalari hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini taʼminlashni amalga oshiradi.

 

2. O‘zbekiston Respublikasi referendumi davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlashda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi:

 

referendum okruglari va uchastkalari hududida, komissiyalar joylashgan binolarda, shu jumladan ovoz berish binolarida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash uchun masʼul xodimlarini (keyingi o‘rinlarda – jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodim) biriktiradi;

 

jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan tegishli eslatma bilan taʼminlaydi;

 

jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimlariga ularning jamoat xavfsizligini taʼminlashdagi vazifalari, huquq va majburiyatlari bo‘yicha tushuntirishlar berilishini hamda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishini tashkil etadi.

 

3. Referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyalari joylashgan binolar va hududlarning qo‘riqlanishi milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining hududiy rahbarlari tomonidan tasdiqlangan navbatchilik jadvali asosida amalga oshiriladi.

 

4. Jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimlar:

 

ovoz berish byulletenlari referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyalari tomonidan olingan kundan eʼtiboran ovoz berish byulletenlari hamda boshqa hujjatlar saqlanadigan binolarning (xonalar) qo‘riqlanishini taʼminlaydi;

 

ovoz berish byulletenlari referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi tomonidan uchastka komissiyasiga xavfsiz yetkazib berilishini taʼminlaydi;

 

referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyalari aʼzolari tomonidan referendum natijalariga doir hujjatlar, shu jumladan ovoz berish yakunlariga oid bayonnomalarni tegishli referendum o‘tkazuvchi komissiyalarga olib borib topshirishda ularni kuzatib boradi hamda xavfsizligini taʼminlaydi;

 

2023-yil 30-aprel – referendum kuni xizmat faoliyatini ovoz berish binosiga kirmagan holda olib boradi;

 

fuqarolarning yashirin ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligini, shuningdek referendum jarayoni ishtirokchilarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzmagan holda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash choralarini ko‘radi.

 

5. Jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimlarga quyidagilar taqiqlanadi:

 

ovoz beruvchi fuqarolar, kuzatuvchilar va referendum jarayonining boshqa ishtirokchilariga taʼsir o‘tkazish;

 

ovoz beruvchi fuqaro ovoz berish byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasiga kirish;

 

biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish;

 

ovoz beruvchi fuqarolardan ular bergan ovozlari haqida surishtirish yoki ularga ovoz berish byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;

 

referendum o‘tkazuvchi komissiya faoliyatiga, shu jumladan ovoz berish qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish.

 

6. Qonunchilikka muvofiq:

 

fuqarolarning yashirin ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligini buzish, referendum jarayoni ishtirokchilarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga g‘ayriqonuniy ravishda putur yetkazish maʼmuriy yoxud jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi;

 

referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi raisi ovoz berish binosida tinchlik saqlanishi va tartibga rioya qilinishini taʼminlash, ovoz berish va ularni sanab chiqishda g‘ayriqonuniy to‘sqinliklar vujudga kelganida jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimga murojaat qilishi;

 

referendum uchastkasi hududidagi tartibsizlik, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar bartaraf etilganidan so‘ng jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodim uchastka komissiyasi raisi ko‘rsatmasi asosida ovoz berish binosini tark etishi va xizmatni davom ettirishi shartligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

 

7. Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining raisi (yoki rais o‘rinbosari) ovoz berish binosida tartibga rioya etilishini nazorat qiladi.

 

8. Referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari referendum okruglari hududida mazkur qarorga muvofiq jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash, shuningdek favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

 

9. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

 

10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                          Z. Nizamxodjayev