№ 1232 O‘zbekiston Respublikasining referendumida muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№ 1232                          2023-yil 12-aprel

 

 

O‘zbekiston Respublikasining referendumida muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish to‘g‘risida

 

 

O‘zbekiston Respublikasi referendumida fuqarolarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18, 35va 352-moddalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. Referendum uchastkalarida referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazilsin.

 

2. Belgilansinki, muddatidan oldin ovoz berish 2023-yil 19-aprel kuni boshlanib, 2023-yil 26-aprel kuni yakunlanadi.

 

Referendum uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 12:00 dan soat 16:00 ga qadar etib belgilansin.

 

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan referendum uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu referendum uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar amalga oshiriladi.

 

3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 352-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda fuqarolarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.

 

4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati (X. Mamatov) O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazuvchi okrug komissiyalariga referendum okrugi hududidagi ovoz beruvchi fuqarolar umumiy sonining 5 (besh) foizi miqdoridagi ovoz berish byulletenlari va zarur kanselyariya buyumlari 2023-yil 15-aprelga qadar yetkazib berilishini taʼminlasin.

 

5. O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazuvchi okrug komissiyalari referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalariga ovoz beruvchilar umumiy sonining 5 (besh) foizi miqdoridagi ovoz berish byulletenlarini va zarur kanselyariya buyumlarini 2023-yil 17-aprelga qadar yetkazib bersin.

 

6. Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari:

 

fuqarolarni muddatidan oldin ovoz berish kuni, vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilsin;

 

fuqarolarning muddatidan oldin ovoz berish bo‘yicha murojaatlarini o‘z vaqtida qabul qilsin va muddatidan oldin ovoz berishning qonunchilik talablari asosida o‘tkazilishini taʼminlasin.

 

7. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari:

 

referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining binosida muddatidan oldin ovoz berishni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil 28-iyundagi 1172-son qarori asosida;

 

fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil 13-iyuldagi 1178-son qarori asosida amalga oshirsin.

 

8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur qarorni O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlasin.

 

9. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

 

10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklatilsin.

 

 

Rais                                                                              Z. Nizamxodjayev