O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№ 1213 2023-yil 16-mart
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7 va 8-moddalari hamda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining referendumida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, shuningdek referendum jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida (keyingi o‘rinlarda – OAV) yoritib borish, referendumning barcha ishtirokchilariga, keng jamoatchilikka, milliy va xorijiy OAV vakillariga tezkor xolis axborot berish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi (keyingi o‘rinlarda – Matbuot markazi) tashkil etilsin.
Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazuvchi okrug komissiyalari huzurida Matbuot markazining hududiy bo‘linmalari sifatida hududiy matbuot markazlari tashkil etiladi va ularga umumiy rahbarlik qilish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish Matbuot markazi tomonidan amalga oshiriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi to‘g‘risidagi nizom va uning tarkibiy tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Matbuot markazi Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 1-uyda (Maʼrifat markazi, Simpoziumlar saroyi binosi) joylashtirilsin.
4. Matbuot markazi:
O‘zbekiston Respublikasining referendumi jarayonini OAVda keng yoritish, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq brifinglar, matbuot anjumanlarini tayyorlash va o‘tkazish, jurnalistlarga va jamoatchilikka referendumga oid masalalar bo‘yicha tezkor axborot berib borish va maʼlumotlarni yetkazish ishlarini tashkil etsin;
O‘zbekiston Respublikasining referendumiga oid axborot materiallarini ovoz beruvchilarga, kuzatuvchilarga va keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti, mobil ilovalari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va boshqa axborot resurslari yuritilishini taʼminlasin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur bino va xonalar ajratilishini hamda ularning zarur texnika vositalari (kompyuter, printer, skaner, nusxa ko‘chirish apparati, telefon apparati, proyektor, LED-monitor, sinxron tarjima uchun qurilmalar va boshqa vositalar) bilan jihozlanishini, shuningdek ularni telekommunikatsiya tarmoqlariga (telefon va yuqori tezlikdagi Internet) ulanishini taʼminlasin;
Matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalariga avtotransport, shuningdek bannerlar, elektron reklama stendlari, bilbordlar va boshqa zarur jihozlar ajratilishi bo‘yicha zarur choralar ko‘rsin;
Matbuot markazining hududiy bo‘linmalariga 4 nafar mutaxassisdan iborat tarkibda malakali mutaxassislarni jalb qilish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
6. Matbuot markaziga mutaxassislarni jalb etish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot xizmati rahbari taqdimnomasiga asosan Markaziy saylov komissiyasi hamda mutaxassislar o‘rtasida tuziladigan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida, Matbuot markazining hududiy bo‘linmalariga mutaxassislarni jalb etish esa, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot xizmati rahbari bilan kelishilgan holda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi hamda mutaxassislar o‘rtasida tuziladigan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzosi A.Ibodullayev O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining bosh buxgalteri Sh.Umarov hamda Matbuot xizmatining rahbari M.Alimbayev bilan birgalikda Matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalariga jalb etilgan xodimlar va ekspertlar bilan belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy shartnomalar rasmiylashtirilishini va shu asosda ish haqi to‘lovlari amalga oshirilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B.Kuchkarov zimmasiga yuklatilsin.
Rais Z. Nizamxodjayev