№ 1142 SAYLOVCHILARNING MUDDATIDAN OLDIN OVOZ BERISHINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 


 № 1142                                                      2021-yil 05-oktabr

 


Saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish to‘g‘risida

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 57-moddalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov uchastkalarida saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazilsin.

 

2. Muddatidan oldin ovoz berish 2021-yil 14-oktabr kuni boshlanib 2021-yil 20-oktabrning yakuniga qadar o‘tkazilsin.

 

Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti soat 9:00 dan soat 19:00 ga qadar deb belgilansin.

 

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan soat 19:00ga qadar amalga oshiriladi.

 

3. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 561-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.

 

4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati (X. Mamatov) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalariga saylov okrugi hududidagi saylovchilar umumiy sonining 5 (besh) foizi miqdorida saylov byulletenlari va zarur kanselyariya buyumlarini, shuningdek shaxsiy himoya va dezinfeksiya vositalarini 2021-yil 9-oktabrga qadar yetkazib berilishini ta’minlasin.

 

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari uchastka saylov komissiyalariga saylovchilar umumiy sonining 5 (besh) foizi miqdorida saylov byulletenlarini va zarur kanselyariya buyumlarini, shuningdek shaxsiy himoya va dezinfeksiya vositalarini 11-oktabrgacha yetkazib bersin.

 

6. Uchastka saylov komissiyalari:

 

saylovchilarni muddatidan oldin ovoz berish kuni, vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilsin;

 

saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish bo‘yicha murojaatlarini o‘z vaqtida qabul qilsin va muddatidan oldin ovoz berishni qonunchilik talablari asosida o‘tkazilishini ta’minlasinlar.

 

7. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari:

 

uchastka saylov komissiyasining binosida muddatidan oldin ovoz berishni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi 1066-son qarori asosida;

 

saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 22-oktabrdagi 966-son qarori asosida amalga oshirsin.

 

8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur qarorni O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari e’tiboriga yetkazilishini ta’minlasin.

 

9. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

 

10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklatilsin.

 

 

Rais                                                                               Z. Nizamxodjayev