№ 1018 2020-yil 6-yanvar
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASI DEPUTATINING VA SENATI A’ZOSINING GUVOHNOMASI VA KO‘KRAK NISHONI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 73, 85-moddalari hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 20-moddalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI :
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining guvohnomasi va ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining ko‘krak nishoni tavsifi va namunasi 2 va 2a-ilovalarga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining guvohnomasi tavsifi va namunasi 3 va 3a-ilovalarga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining guvohnomasiga transportda bepul yurish huquqini beradigan ilova varaqasining tavsifi va namunasi 4 va 4a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasida belgilangan deputatning va senatorning transportda tekin yurish huquqini amalga oshirilishini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining ayrim qarorlari 5-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
RaisM. Abdusalomov