№ 1016 2019-yil 25-dekabr
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASIGA DEPUTATLAR SAYLOVI BO‘YICHA AYRIM SAYLOV OKRUGLARIDA TAKRORIY OVOZ BERISHNI O‘TKAZISH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga 2019-yil 22-dekabrda o‘tkazilgan saylovlar bo‘yicha okrug saylov komissiyalarining saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalariga asosan hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 59, 96-moddalariga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi
QAROR QILADI:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o‘tkazuvchi 22 ta okrug saylov komissiyalari tomonidan bironta nomzod ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pini ovozini ololmaganligi sababli, mazkur saylov okruglarida takroriy ovoz berishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilingan;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 67-Pastdarg‘om, 102-Yaypan, 106-Bag‘dod okrug saylov komissiyalari tomonidan arifmetik xatoga yo‘l qo‘yilgani sababli mazkur saylov okruglaridan deputatlar saylangani to‘g‘risida barvaqt xulosaga kelingan;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 67-Pastdarg‘om, 102-Yaypan, 106-Bag‘dod saylov okruglari bo‘yicha bironta nomzod ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pini ovozini ololmaganligi sababli, mazkur saylov okruglarida eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod o‘rtasida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 25 ta saylov okruglarida (1-ilova) takroriy ovoz berish 2020-yil 5-yanvar – yakshanba kuni o‘tkazilsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlariga saylovlar bo‘yicha takroriy ovoz berishni 2020-yil 5-yanvar – yakshanba kuni o‘tkazish tavsiya etilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi bo‘yicha ayrim saylov okruglarida takroriy ovoz berishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 59-moddasiga muvofiq takroriy ovoz berish saylov okrugi bo‘yicha eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha ushbu okrugda o‘tkaziladi;
takroriy ovoz berish asosiy saylovni o‘tkazish uchun tuzilgan o‘sha saylov uchastkalarida va saylovchilarning o‘sha ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o‘tkazuvchi tegishli okrug va uchastka saylov komissiyalari takroriy ovoz berishni O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi talablariga qat’iy amal qilgan holda o‘tkazishni ta’minlasinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati (X.Mamatov) bir haftalik muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylov bo‘yicha takroriy ovoz berish uchun saylov byulletenlari, chaqiruv va nomzodlar plakatlari, taklifnomalar, boshqa saylov jihozlarini joylarga yetkazib berilishini ta’minlasin.
Takroriy ovoz berish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasi doirasida amalga oshirilsin.
7. O‘zbekiston Milliy teleradiokampaniyasi o‘zining hududiy telekanallarida takroriy ovoz berishni o‘tkazishda saylovoldi tashviqotini olib borish uchun siyosiy partiyalar bilan kelishgan holda bepul 30 daqiqalik teng efir vaqtini ajratsin.
8. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
RaisM. Abdusalomov