ZAMONAVIY AXBOROT TEXNOLOGIYALARI: MAMLAKATIMIZDA FUQAROLAR O‘Z KONSTITUTSIYAVIY HUQUQLARIDAN KENG FOYDALANISHI UCHUN YANGI QULAYLIKLAR YARATMOQDA

16.09.2025

75

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega egadirlar.  Har bir saylovchi bir ovozga ega. Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.

 

Saylovchilarning ro‘yxatga olinishi ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqaroning saylovda shaxsan o‘zi ishtirok etishini ta’minlovchi hamda saylovchini ro‘yxatga olish imkonini beradigan asosiy vosita hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining 4-moddasiga ko‘ra: “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari umumiydir. Saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir. Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadir”.

 

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

 

Milliy saylov qonunchiligimizda aks etgan ushbu tamoyillar xalqaro saylov standartlariga to‘la mos keladi va ushbu talablarning bajarilishi yurtimizda o‘tkazilayotgan saylovlarni xalqaro miqyosda e’tirof etilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Saylovchilar ro‘yxati saylov kampaniyasida ikkita muhim vazifani bajaradi: birinchidan, ro‘yxatga olingan har bir fuqaroning saylovda ishtirok etish huquqini kafolatlaydi, ikkinchidan, ovoz berish jarayonida qonuniylik tamoyillariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish imkonini beradi, bu birinchi navbatda bir saylovchining bir necha marta ovoz berishiga yo‘l qo‘ymaslik bilan bog‘liq.

 

Saylovchilar ro‘yxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi.

 

Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. Saylovchining ikkinchi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi saylovda tenglik prinsipini buzilishiga sabab bo‘ladi. Ushbu holatning saylov uchastkasida bor-yo‘qligi birinchi navbatda okrug va uchastka saylov komissiyasi a’zolari tomonidan, shuningdek kuzatuvchilar tomonidan saylov jarayonida sinchiklab o‘rganiladi.

 

Mamlakatimizda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi yordamida saylov uchastkalariga taqsimlanishi belgilab qo‘yilgan.

 

Mazkur tizimga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Saylov jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018-yil 4-oktabrdagi qarori bilan asos solinganini alohida ta’kidlash joiz.

 

Yildan yilga takomillashib borayotgan ushbu tizim saylov jarayoniga «Bir saylovchi — bir ovoz» tamoyilini joriy etishdagi qulayligi, aniqligi, qamrovining kengligi va zamonaviyligi bilan nafaqat saylovchilar, balki saylov tashkilotchilari va saylovni kuzatuvchilarning ham keng e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

 

Ushbu amaliyot haqida qisqacha bayon etadigan bo‘lsak, dastlab  Respublika bo‘yicha saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan saylovchilarning biometrik pasporti ma’lumotlari asosida barcha saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati davlat personallashtirish agentligida jamlanadi,  bundan harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari mustasno.

 

Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila a’zolarining va boshqa saylovchilarning ro‘yxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida tuziladi.

 

Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga kiritilgan saylov uchastkalari chegaralarining joylashuvi bo‘yicha elektron xarita tayyorlanadi. Unda saylov uchastkasi chegaralarini tashkil etuvchi tegishli viloyat, shahar yoki tumandagi mahallalar, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar – bir so‘z bilan aytganda fuqarolar yashab turgan turar joy binolari saylov uchastkasi elektron xaritasida qamrab olinadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadigan saylovlarni o‘tkazishning Kalendar rejasida belgilangan muddatlarda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov uchastkalarining elektron xaritasi integratsiya qilinadi, ya’ni saylovchilar ro‘yxatlari saylov uchastkalari bo‘yicha taqsimlanadi.

 

Bu jarayonda saylovchining pasport ma’lumotlari va yashab turgan joyining kadastr raqamlari asosida tegishli saylov uchastkasidagi saylovchilar ro‘yxatiga avtomatik ravishda alifbo tarzida taqsimlanadi, ya’ni ro‘yxat yangilanadi.

 

Tasavvur qiladigan bo‘lsak, ushbu harakatlarni eski amaliyotdagi kabi qo‘lda qog‘oz usulida bajarilganida bir saylovchini bir ro‘yxatda bo‘lishini ta’minlash uchun  inson resursi va qog‘oz sarfiga katta ehtiyoj yuzaga kelgan bo‘lar edi. Shu sababli saylovchilar ro‘yxatining avtomatik taqsimlanishi saylov tizimida  eng muhim yangiliklardan biri hisoblanadi.

 

Xorijiy amaliyotda ham vakolatli davlat organlari odatda saylovchilar ro‘yxatini avtomatik ravishda yangilash yo‘li bilan saylovchilarning ro‘yxatlarini aniqlashtirib borishini taqozo etadi. Buning boisi, aholining faol harakati (ichki migratsiya, immigratsiya, emigratsiya) tufayli aholini ro‘yxatga olishdagi ma’lumotlarning yuqori aniqligini ta’minlashdan iborat. Bularning barchasi saylovchilar ro‘yxatini doimiy yoki davriy ravishda yangilab borishni nazarda tutadi. 

 

Dunyoning  ellikdan ortiq mamlakatida saylovchilar ro‘yxati muntazam yangilanadi.

 

Buyuk Britaniyada saylovchilar yilning istalgan vaqtida mahalliy hokimiyat organlarida ro‘yxatga olinadi va saylovchilar ro‘yxatlari hududga yangi kelganlarni kiritish yoki undan chiqib ketayotganlarni hisobga olish uchun yiliga ikki marta yangilanadi.

 

Islandiya, Italiya, Norvegiya, Finlyandiya, Yaponiyada saylovchilar ro‘yxatini davriy va saylovgacha yangilash amalga oshiriladi.

 

Milliy tajribamizga ko‘ra, uchastka saylov komissiyalari saylovga qirq kun qolganida o‘z faoliyatini boshlagach, uzog‘i bilan uch kun ichida o‘ziga ajratilgan xonadagi kompyuterdan saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga maxsus parol orqali kirish yo‘li bilan saylov uchastkasidagi saylovchilar ro‘yxatini elektron variantini oladi.

 

Bu jarayonda saylovchining ishtiroki yoki uning biron bir muassasaga murojaat qilishiga umuman ehtiyoj bo‘lmaydi. Inson qadri ustuvor bo‘lgan mamlakatimizda saylov sohasida yaratilgan bu imkoniyatlar saylovchining o‘z Konstitutsiyaviy huquqidan foydalanishi uchun yaratilgan qulaylik bo‘lib, ushbu muhim siyosiy masalaning  hal etilishida tegishli vakolatli organlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

 

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxatining elektron variantini yuklab olganidan so‘ng saylov uchastkasi hududi bo‘yicha ushbu ro‘yxatga aniqlik kiritadi.

 

Basharti, shu davr ichida biron bir saylovchi boshqa hududga ko‘chib o‘tgan bo‘lsa, saylovchining  murojaatiga ko‘ra uni  tegishli saylov uchastkasidagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Bu jarayonda saylovchining ma’lumotlari tizim ichida bir saylov uchastkasidagi ro‘yxatdan ikkinchi saylov uchastkasidagi ro‘yxatga avtomatik ravishda o‘tkaziladi va uni ikkita ro‘yxatda bo‘lib qolishining oldi olinadi.

 

Saylovchilarning dastlabki ro‘yxati chop etilgan kundan boshlab har bir saylovchiga o‘zining qaysi saylovchilar ro‘yxatida ekanligini aniqlashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligi va ushbu masalada saylovchi tomonidan uchastka saylov komissiyalariga berilayotgan murojaatlar  saylovchilarning elektoral madaniyati yuksalganligini ko‘rsatuvchi omillardan biri deyish mumkin.

 

Mamlakatimizda saylovchilarning ro‘yxatlariga o‘zgartirishlar kiritish saylovga besh kun qolganida to‘xtatiladi. Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritishni saylovga bir necha kun qolganida to‘xtatish tajribasi xorijiy mamlakatlar qonunchiligida keng qo‘llaniladi. Jumladan, Litvada saylovchilar ro‘yxati saylovga 7 kun qolganida yopiladi, Fransiyada  - 5 kun qolganida, Janubiy Koreya va Shvetsiyada – 12 kun qolganida, Daniyada-15 kun qolganida, Germaniyada – 16 kun qolganida, Latviyada -18 kun qolganida yopiladi. Shuni ta’kidlash joizki, saylovga yaqin muddat qolganida ushbu ro‘yxatga o‘zgartirishlar kiritishning davom ettirilishi saylovchilar ro‘yxatining haqqoniyligiga shubha tug‘diradi.

 

Saylovchilar ro‘yxatining elektron tarzda yuritilishi saylovchilar uchun saylov jarayonida o‘z saylov uchastkasini aniqlash, o‘z saylov uchastkasini o‘zgartirish kabi interaktiv elektron xizmatlarni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Bu o‘z navbatida saylovchilar ro‘yxatlarining shaffofligini hamda bir saylovchi bir saylovchilar ro‘yxatida bo‘lishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

O‘tgan 2024-yilda o‘tkazilgan saylov jarayonida Markaziy saylov komissiyasi raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “E-saylov”  axborot tizimi saylovchilar ro‘yxatining shaffofligini ta’minlashda yana bir yangi saylov texnologiyasi sifatida e’tirof etildi.  Ushbu axborot tizimi orqali saylovchilar soni haqidagi ko‘plab ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratildi. Buning uchun xohlagan kompyuter yordamida tizimga kirib asosiy sahifadan mamlakat bo‘yicha saylovchilar soni, uni hududlar bo‘yicha, saylov okruglari bo‘yicha taqsimlanishi, saylovchilarning gender taqsimoti, erkaklar va ayollar soni haqidagi ma’lumotlar bilan real vaqt davomida tanishish imkoniyati yaratildi.

 

“E-saylov”  axborot tizimidagi saylov jarayoni haqidagi boshqa axborot va ma’lumotlar bilan tanishishda nafaqat mamlakatimizdagi saylovchilar, balki xorijdagi vatandoshlarimiz hamda saylov sohasi mutaxassislari  uchun katta qulaylik yaratildi.

 

Saylovchilarni ro‘yxatga olish qoidalarining hayotga tatbiq etilishini o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatadiki, saylovchilarni ro‘yxatga olish saylovchining  murojaatiga ko‘ra amalga oshiriladigan mamlakatlarda saylovda saylovchilar faolligining ancha past darajada bo‘lishi kuzatilmoqda. Aksincha, saylovchilarni ro‘yxatga olish davlat organlari  tomonidan amalga oshiriladigan va majburiy bo‘lgan mamlakatlarda saylov kuni saylov uchastkalarida saylovchilarning faolligi yuqori bo‘lishi kuzatiladi.

 

Saylovchilarni ro‘yxatga olish tizimini yanada rivojlantirishda jahon tajribasidan foydalanish bu borada saylovlarni boshqarish organlari, ijro organlari hamda saylovchilar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi shakllarini yaratish imkonini beradi. Bu avvalo, saylovchilarni ro‘yxatga olish jarayonini, jumladan, internet tarmog‘i orqali tashkil etishda yangi texnologiyalar va g‘oyalarni joriy etish ustida doimiy izlanish olib borishni taqozo etadi.

 

Ushbu tahlillar mamlakatimizda saylovchilar yagona elektron ro‘yxatidan foydalanishdagi yaratilgan keng imkoniyatlarni saylovchilar o‘rtasida yanada ommalashtirish hamda saylovchilar ro‘yxatini yangilab borishda vakolatli organlar vazifalarini zamon talablariga muvofiq takomillashtirib borish lozimligini ko‘rsatadi.

 

 

Bahodirjon YUNUSOV,

Markaziy saylov

komissiyasi a’zosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur