VATAN UCHUN JONIN TIKKANLAR ( II QISM)

27.01.2023

2547

msk_yangiliklari_in

“Xitoyda orttirgan tajribasi Sharif Shirinboyevning Erondagi faoliyatida juda qoʻl keladi, — deydi Xudoyberdi aka Sohibov. — Fors koʻrfazida u endi “samarqandlik Xudoyberdiboyning oʻgʻli Abduqodirboy” sifatida taniladi”.

 

Karvonboshining jasorati

 

“Xitoyda orttirgan tajribasi Sharif Shirinboyevning Erondagi faoliyatida juda qoʻl keladi, — deydi Xudoyberdi aka Sohibov. — Fors kurfazida u endi “samarqandlik Xudoyberdiboyning oʻgʻli Abduqodirboy” sifatida taniladi”.

 

Gitlerchilarning rejasida Eron muhim oʻrin tutgan. Maqsadi, avvalo, Kavkazni bosib olish va shu yoʻl bilan AQSH hamda Buyuk Britaniya tomonidan SSSRga yetkazib berilayotgan qurol-yarogʻ, xomashyo va oziq-ovqat yoʻlini toʻsib qoʻyishdan iborat edi.

 

Sharif Shirinboyev 1942 yilning bahorida Eronning Xuroson viloyatida Sovet hukumatining savdo vakolatxonasi rahbarining oʻrinbosari maqomida ish boshlaydi. Bu maqom soyasida u talay jangovar vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshiradi.

 

Tarixdan maʼlumki, “Katta uchlik” deb atalmish davlatlar – SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya rahbarlarining 1943 yili Tehronga yigʻilayotganidan xabar topgan Gitler oʻzning “ishongan togʻi”, sal avval Italiyaning sobiq hukmdori Benito Mussolinini qamoqdan olib qochib kelgan ustomon josus sifatida nom chiqargan, Otto Skorseni boshchiligidagi eng sara qoʻporuvchilarini Eronga tashlaydi. Fashistlar uch ittifoqchi davlat rahbarlari — Iosif Stalin, Franklin Ruzvelt va Uinston Cherchillni yoʻq qilish uchun oʻta maxfiy harakatini boshlaydi. Vaziyat shu darajada qaltis tus oladiki, Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti Franklin Ruzvelt, oʻz elchixonasi qolib, Stalinning qarorgohida tunashga majbur boʻladi. Jahonning taqdiri hal qilingan bu olamshumul anjumanning tinch-osoyishta oʻtishini taʼminlaganlar orasida uch mamlakat maxsus xizmatlarining “qilni qirq yorgan” xodimlari, jumladan, oʻzbek razvedkachisi Sharif Shirinboyev ham hal qiluvchi rol oʻynaydi.

 

“Katta uchlik”ning 28 noyabrdan 1 dekabrgacha oʻtgan uchrashuvida kelishib olinganidek, 1944 yilning iyun oyida Normandiya qirgʻoqlari (Fransiya) orqali Buyuk Britaniya va AQSH qoʻshinlari tomonidan “ikkinchi front” ochiladi va ikki oʻt orasida qolgan Gitler ikki frontda urush olib borishga majbur boʻladi.

 

Arxiv hujjatlarida darj etilganidek, Tehronda oʻtgan ana shu yirik konferensiya arafasida Sharif Shirinboyevga Jurjon viloyatidagi Moravintepa qishlogʻiga borish va oʻsha atrofdagi hududsiz biyobonga tunda parashyutdan tashlangan qurolli toʻdalarga oid shoshilinch xabarning nechogʻli toʻgʻriligini aniqlash vazifasi topshiriladi.

 

Savdogar sifatida ish koʻrayotgan Sharif Shirinboyev mahalliy tujjorlardan biri bilan moʻjaz karvon tuzib, unga qand-qurs, tuz, gazmol kabi oʻta zarur tovarlarni yuklab, tezda yoʻlga tushadi. Qishloqma-qishloq yurib, molini pullar ekan, koʻz ilgʻamas pistirmalarda yashayotgan harbiylashgan toʻdalarni kuzatadi. Mahalliy aholi orasida koʻzga tashlanmasligi uchun asosan asir tushgan osiyolik osiylardan tanlangan zaxiradagi jangarilar bilan uzun-qisqa suhbatlar asnosida ularning 67 nafar ekanligi maʼlum boʻladi.

 

Bulardan tashqari, qoʻporuvchilarning qanday qurol-yarogʻi bor, pistirmasi qayerda, qanday joylashgan, rahbarlari kim ekanligi ham rezvedkachimizning sinchkov nigohidan chetda qolmaydi. Hatto, ayrimlarini zimdan suratga olishga ham muvaffaq boʻladi.

 

Qoʻlga kiritilgan bunday qimmatli va ishonchli razvedka maʼlumotlari natijasida fashistlarning “Mislsiz sakrash” deb atalmish operatsiyasiga bosh qoʻshgan qoʻporuvchilar toʻdasiga barham beriladi. Fyurerning “ishongan togʻi” jasur oʻzbek razvedkachisining qarshisida chil-parchin boʻladi.

 

“Tan olish kerakki, berilgan oʻta xavfli va masʼuliyatli jangovar topshiriqni bunday qoyilmaqom qilib bajarish hammaning ham, har bir razvedkachining ham qoʻlidan kelavermaydi, — deb faxr bilan taʼkidlaydi Xudoyberdi Sohibov. — Mana shunday buyuk xizmatlari uchun ham Sharif Shirinboyevni haqli ravishda “afsonaviy razvedkachi”, deymiz. U Vatani uchun jonini tikkan, jasur, eʼtiqodli, lekin gʻoyat kamtarin, kamsuqum inson edi”.

 

Qalqonga aylangan qalblar

 

Ikkinchi jahon urushi yillari front uchun eng zarur mahsulotlar ishlab chiqarilayotgan yirik sanoat korxonalari joylashgan respublikamizda davlat xavfsizlik organlari tomonidan gʻoyat murakkab, qaltis hamda zahmatli ishlar amalga oshirilganini alohida taʼkidlash zarur. Xavfsizlik organlarining xodimlari davlatga oid va harbiy sirlarni mustahkam saqlash, harbiy inshootlar, temiryoʻl transporti, kommunikatsiyalar va aloqa vositalarining uzluksiz ishlashini muttasil taʼminlash uchun tom maʼnoda koʻksini qalqon qilganlar. Oʻzbekiston hududiga suqilib kirmoqchi boʻlgan koʻplab qoʻporuvchilar qoʻlga olingan.

 

Bunday ishonchli, dadil va jipslikdagi harakatlar samarasida dushman tomonidan Oʻzbekistonning harbiy-sanoat salohiyatini zaiflashtirish, gʻanim agentlarining hayotiy oʻta muhim markazlarimizga kirib kelishiga boʻlgan muttasil urinishlari butunlay chippakka chiqarilgan.

 

Yana bir jangovar vazifa

 

Bunga jasur razvedkachi Sharif Shirinboyev tomonidan amalga oshirilgan yana bir jangovar vazifa yaxshi misoldir. Xorij razvedkachilarining panohida qariyb yigirma yildan buyon josuslik va qoʻporuvchilik ishlari uchun mos odamlarni topish, yollash hamda Sovet Ittifoqiga, jumladan, Oʻzbekistonga joʻnatish bilan muntazam shugʻullanib kelgan pixini yorgan bir xoinni qoʻlga tushirish ana shunday muhim vazifalar sirasidan edi.

 

Qayd etilganidek, obroʻli boyvachcha sifatida tanilgan razvedkachimiz oʻz koʻmakdoshlarining yordami bilan xoinni imi-jimida Mashhaddagi uyiga mehmonga taklif qiladi. “Mehmon” keladi va oʻsha tundayoq uning oyoq-qoʻli bogʻlanib, Ashxobodga joʻnatiladi. Xoin bilan birga, chet ellik agentlarni azim daryodan oʻtkazib qoʻyish bilan muntazam shugʻullanib kelgan “hojatbarorlar” ham kontrrazvedkachilarimiz qoʻliga topshiriladi.

 

Tarixchi olimlarning qayd etishlaricha, urushdagi muvaffaqiyatning 15 foizi armiyaga, 85 foizi esa frontorti taʼminotiga bogʻliq ekan.

 

Shu jihatdan qaraganda, rasman Sovet hukumatining Xuroson viloyatidagi savdo vakolatxonasi rahbarining oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritgan Sharif Shirinboyevning tijorat ishlari ham tahsinga loyiqdir. Keling, yana aniq misollarga murojaat qilaylik.

 

Arxiv hujjatlariga tayanib aytish mumkinki, u frontga oziq-ovqat, xususan, goʻsht joʻnatish uchun Xurosondagi barcha bozorlar, kushxonalar va doʻkonlarni shaxsan oʻzi kezib chiqqan. Koʻpchilik chorvadorlar va qassoblar “Abduqodirboy”ni yaxshi tanigani uchun ular bilan ishonchli shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega boʻlgan. Jumladan, yuz mingdan ortiq qoʻy, oʻn mingdan ziyod qoramol xarid qilinadi va goʻshti frontga joʻnatiladi. Ayni paytda, 1943 yili pochapoʻstin tikishni yoʻlga qoʻyadi. Shunday qilib, oʻn mingdan ortiq issiq kiyim Boku orqali Kavkaz frontiga yuboriladi. Ayni paytda, razvedkachimiz ittifoqchi davlatlar – AQSH va Angliya tomonidan Sovet Ittifoqiga joʻnatilayotgan qurol-yarogʻ, harbiy texnika, oziq-ovqat va xomashyoning Hindiston bilan chegaradosh Zohidon shahri orqali Gʻarbiy frontga oʻz vaqtida oʻtkazib yuborilishni toʻla nazorat qilib borgan.

 

Ibrat maktabi

 

“Vatan uchun jon fido!” degan shiorni oʻzining bir umrlik dasturi deb bilgan Sharif Shirinboyev ana shunday jasur razvedkachi, sadoqatli va zahmatkash inson edi, — deydi Xudoyberdi aka Sohibov. — “Davlat xavfsizligi organlarining xizmat koʻrsatgan xodimi” faxriy unvoni, “Qizil yulduz” ordeni, “Jangovar xizmatlari uchun”, “Germaniya ustidan gʻalaba uchun”, “Kavkaz mudofaasi uchun” kabi koʻplab orden-medallar va boshqa yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻlgani buning yorqin dalilidir.

 

Sharif Shirinboyevning nomi maxfiy xizmatlarning kamdan-kam xodimigagina nasib etadigan eʼtirof — eng mohir razvedkachilar roʻyxatidan joy olgan.

 

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari, jumladan, milliy razvedkachilarimizning bunday jasoratlarga toʻla hayoti va faoliyati barcha yurtdoshlarimizni, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, mustaqil Vatanimizga sadoqat, mardlik ruhida tarbiyalashda ibrat maktabidir. Ular haqida har qancha yozilsa, filmlar suratga olinsa, telekoʻrsatuvlar tayyorlansa, arziydi. Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, jangohlardan omon qaytgan bobolarimizga, ogʻir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda yurtini, xalqini unutmagan yoshi ulugʻ yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom koʻrsatish barchamizga faxr-iftixor bagʻishlaydi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 23 oktyabrda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori xalqimizning fashizmga qarshi kurashdagi metin irodasini, urush ortidagi fidokorona mehnatini, tarixiy xizmatlarini abadiylashtirish hamda yosh avlodni ota-bobolarimiz jasoratiga munosib ruhda tarbiyalash, oʻgʻil-qizlarimizning ongida tinchlikni asrab-avaylash, bugungi dorilamon kunlarning qadriga yetish tuygʻusini mustahkam qaror toptirishda muhim omil boʻlayotir.

 

Xizmatimizning tajribali xodimlari tomonidan nashrga tayyorlangan “Afsonaviy razvedkachi” kitobi mutolaasevarlar uchun shu kunlarda yaxshi sovgʻa boʻlish bilan birga, bu boradagi xayrli ishlarga munosib hissa sifatida qoʻshiladi, degan umiddamiz”.

 

Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kunida xalqimizning Sharif Shirinboyev singari mard va sadoqatli farzandlarining dushman orasida, janggohlarda va front ortida koʻrsatgan beqiyos qahramonliklarini faxr bilan yodga olib, mohi Ramazonda ruhi poklariga atab duolar qilamiz.

 

Qulman OCHIL

Manba: “Hurriyat” gazetasi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur