Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

DAVLAT TILI: YUKSALISH SARI

27.01.2023

1830

msk_yangiliklari_in

Davlat tiliga eʼtibor, uning nufuzini yanada oshirish borasidagi ishlardan gap ochilsa, odatda, koʻcha-koʻy, jamoat joylari va ommaviy axborot vositalaridagi reklamalar matni-yu gʻaliz bitikli peshlavhalardan yozgʻirish boshlanadi: ajnabiy atamalar urchib ketgan, xatosiz yozilgan oʻzbekcha soʻz anqoning urug‘i... Yozgʻirish poyoni ham koʻpincha: “Ovroʻpa mamlakatlariga borsangiz...” degan oʻkinchga borib taqaladi.

 

Til va ehtiyoj

 

Davlat tiliga eʼtibor, uning nufuzini yanada oshirish borasidagi ishlardan gap ochilsa, odatda, koʻcha-koʻy, jamoat joylari va ommaviy axborot vositalaridagi reklamalar matni-yu gʻaliz bitikli peshlavhalardan yozgʻirish boshlanadi: ajnabiy atamalar urchib ketgan, xatosiz yozilgan oʻzbekcha soʻz anqoning urug‘i... Yozgʻirish poyoni ham koʻpincha: “Ovroʻpa mamlakatlariga borsangiz...” degan oʻkinchga borib taqaladi.

 

Asrlardan buyon mustaqillik nashidasini surib yashayotgan badavlat, sermaʼrifat mamlakatlar ahliga havasimiz kelishi, ulardan ulgu olishga intilishimiz tabiiy. Faqat qariyb 150 yil davom etgan istibdoddan xalqimiz kuni kecha xalos boʻlgani-yu har jabhada qaddini dadil tiklayotganini baʼzan unutib qoʻyayotgandekmiz.

 

Inson oʻzi shunday – ozodlik, farovonlik, boylik kabi hammaga va hamisha ham nasib etavermaydigan neʼmatlarga tezroq erishishni istaydi. Qancha doʻrji boʻlsa, shuncha kamdek tuyulaveradi. Ehtiyojning esa had-cheki yoʻq. Bu ham tabiiy.

 

Ammo ortimizga birrov nazar tashlasak, dahshatli tush kabi tuyuladigan ayanchli manzaralar yodimizga tushmaydimi. Insof bilan aytganda, boshqa neʼmatlarni qoʻya turaylik, oddiy non, shakar, tuz xarid qilish ilinjida peshtaxtalari huvullab yotgan magazinlar oldida kallai sahardan yarim tungacha navbatda turmaganmidik. Istiqlolimiz bergan imkoniyat oʻlaroq, farovon yurtlarga ilk bor qadam qoʻyganimizda, “hatto avtomobillarning magazinlarda sotilayotganini” koʻrib, ogʻizlarimiz lang ochilib qolmaganmidi.

 

Bugungi tadbirkorlarning aksariyati oʻsha taqchillik zamonida — ham moddiy, ham maʼnaviy immuniteti pasaygan davrda shakllangan, “hovlisida eshagi bilan pishagidan boshqa mulki boʻlmagan”, kambagʻal ishchi-dehqon oilasidan chiqqani bilan umri boʻyi faxrlanib oʻtgan yoʻqsillar vakillari yoki ularning farzandlari emasmi. Yoʻqsillik psixologiyasidan qutulib, xususiy mulkchilik, toʻqchilik madaniyati, tafakkuri va maʼnaviyatiga erishish oson kechadigan jarayon emasligi ayon.

 

Qonunlarda qanchalik keng erkinlik va imkoniyat nazarda tutilmasin, fuqarolar ulardan toʻgʻri, samarali foydalanishni bilmasa, nafi kam. Shunday ekan, jamiyatda moliyaviy-iqtisodiy shart-sharoit, imkoniyat qatori, milliy tadbirkorlik madaniyati va tafakkuri ham shakllanishi zarur. Zero, ona tilini, milliy anʼanalarimiz va madaniyatimizni puxta bilmasdan, faqat pul-mablagʻ bilan qut-barakaga erishish dushvorligi ayon boʻlib qoldi.

 

Yoʻqsa, Parijni tomosha qilib kelgan tujjor ayol qishloqdagi hovlisining paxsa devoriga “Vêtements de mariage” degan uch qulochlik peshlavhani ilib qoʻyib, maqtanib yurarmidi. Orzuga ayb yoʻq, albatta. Ammo farang xonimlari tupkaning tagidagi oʻsha qishloqqa kelib, boʻy yetgan qizlariga kelinlik libosini buyurtma berishiga hozircha ishonish qiyinroq. Kelganida ham endilikda yopilib ketgan oʻsha bichish-tikish doʻkonini oʻzbekcha peshlavhasi orqali ham bir amallab topib olishi mumkindir...

 

Qani endi, necha oʻn yillar, hatto, asrlar davomida yigʻilib qolgan muammolarni bir kunda, bir farmon yoki bir qonun bilan hal etishning iloji boʻlsa. Qani endi, xalqimizni, yaʼni sizu bizni seminar-treninglarda oʻqitish yoʻli bilan ong-u tafakkurimizni bir kunda oʻzgartirib, mutaraqqiy davlatlar fuqarolari kabi yuksak maʼrifatli, muttasil oʻqib-oʻrganadigan, farovon yashaydigan qilib qoʻyishning chorasi topilsa.

 

Dunyoqarashni oʻzgartirish qonunlarni oʻzgartirishdan ancha qiyin. Buyuk shoir aytganidek, “gʻisht ustiga gʻisht qoʻymoq uchun ham fursat kerak”.

 

Yangi tarix va yuksak eʼtibor

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 21 oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan 21 oktyabr sanasining “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilinishi mamlakatimizning yangi tarixi, yangi taraqqiyot bosqichida amalga oshirilayotgan buyuk islohotlarning yuksak samaralaridan biridir.

 

Oʻzbek tili bayrami – ona tilimizni sharaflash, uning qaddini va qadrini yanada yuksaltirish ayyomidir. Bu bayram davlat tilining Oʻzbekistonda yashayotgan barcha millatlar va elatlarning sevimli tiliga, maʼnaviy ehtiyojiga, faxr-iftixoriga aylanishida muhim omil boʻladi.

 

Bu boradagi ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda va uning dastlabki samaralari koʻzga tashlana boshlandi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini olaylik.

 

Bugun oʻnga yaqin millat vakillari mehnat qilayotgan Markaziy saylov komissiyasining aksariyat xodimlari faqat davlat tilini emas, xorijiy tillarni ham pishiq-puxta biladi. Saylov komissiyasining majlislari ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirokida davlat tilida oʻtkaziladi. Komissiyaning hujjatlari toʻla davlat tilida ishlab chiqiladi, tayyorlanadi va qabul qilinadi. Ayni paytda huquqshunoslar, tilshunoslar va adiblar bilan bamaslahat saylovga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni davlat tili nuqtai nazaridan yanada takomillashtirish, chetdan kirib kelgan atamalarning oʻzbekcha muqobillarini topish, yaratish va amaliyotga joriy etish borasidagi izlanishlar izchil davom etmoqda.

 

Koʻlami keng, ahamiyati beqiyos

 

Mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish va uni barcha jabhalarga keng joriy etish borasidagi ishlarga eʼtibor soʻnggi yillarda gʻoyat oshdi. Bunda yuqorida nomi qayd etilgan farmonda belgilab berilgan dasturiy vazifalar muhim omil boʻlayotganini alohida taʼkidlash lozim. Koʻlami keng, ahamiyati beqiyos ushbu vazifalar sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotir.

 

“Davlat tili haqida”gi qonun bor edi-yu, uning ijrosi uchun masʼul tashkilot yoʻq edi. Oʻttiz yil mobaynida bu boradagi muammolarga doir yozgʻirishlar kutilgan samaralar bermaganining boisi ham, bir hisobda, shundan. Endi yuqoridan quyigacha masʼullar tayin.

 

Bu –Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibida tashkil etilgan yangi tuzilma – Davlat tilini rivojlantirish departamenti, davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilari faoliyati yoʻlga qoʻyilganidir.

 

Oʻtgan qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida gap ketganda, koʻpchilikning eʼtiborini tortgan muhim bir oʻzgarishni qayd etish oʻrinli. Ilgari davlat tiliga bagʻishlangan gap-soʻzlar, tadbirlar, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar asosan, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun — 21 oktyabr oldidan koʻpayar edi-yu, keyin goʻyo bu masala deyarli unutilar edi. Endi bu boradagi ishlar tobora keng koʻlam va muntazamlik kasb etib bormoqda.

 

Buni, avvalo, ommaviy axborot vositalari — tele-radiokanallar, gazeta-jurnallar, ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, Davlat tilini rivojlantirish departamentining rasmiy sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida davlat tilini targʻib qilish, muammolar va kamchiliklar haqida tanqidiy-tahliliy chiqishlar sezilarli darajada koʻpayib, jamoatchilikning eʼtibor va eʼtirofiga sazovor boʻlayotganida koʻrish mumkin.

 

Buni barcha boʻgʻindagi maslahatchilar hamkor tashkilotlar vakillari bilan birgalikda joylarda reklamalar matnlari, peshlavhalar, joy nomlarini davlat tiliga va reklamaga oid qonunlar talablariga mosligi yuzasidan birma-bir xatlovdan oʻtkazib, tegishli chora-tadbirlar koʻrayotganida koʻrish mumkin.

 

Buni davlat tilini rivojlantirish, amaliyotda qoʻllash, faol oʻrganish, oʻzbek tilining ilmiy asoslarini yanada mustahkamlashga bagʻishlangan turli tanlovlar, jumladan, ilmiy ishlar uchun grant tanlovlari oʻtkazilayotganida, yangidan-yangi kitoblar, lugʻatlar, qoʻllanmalar nashr etilayotganida, ularning elektron shakllari internet tarmogʻiga joylanib, minglab-millionlab muxlislar tomonidan faol foydalanila boshlaganida koʻrish mumkin.

 

Ona tilimizning nufuzini, jamiyatdagi va xalqaro miqyosdagi mavqeini oshirishga xizmat qilayotgan ushbu jarayonda jamoatchilik tomonidan koʻplab amaliy takliflar aytilmoqda. Innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarga asoslangan zamonaviy fikrlar ilgari surilmoqda.

 

Davlat tili va taʼlim

 

“Davlat tili masalasi milliy gʻoyamizning asosiy tamoyillaridan biri boʻlishi zarur, — deb taʼkidladi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev. — Yosh avlod qalbiga ona tilimizni bolalikdan singdirish maqsadida taʼlimning barcha bosqichlarida oʻzbek tilini zamonaviy va innovatsion texnologiyalar asosida mukammal oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim. Toki, bolalarimiz oʻzbek tilida ravon oʻqiydigan, ravon yozadigan va teran fikrlaydigan insonlar boʻlib yetishsin”.

 

Bunday ulugʻvor maqsadga erishish umumtaʼlim jarayonida umumiy savodxonlikka, ona tili va adabiyot taʼlimiga eʼtiborni yanada kuchaytirishni taqozo qiladi.

 

Hayotda tez-tez uchrab turadigan bir holat esga tushadi. Boshqalarni qoʻyavering, oliy maʼlumotli baʼzi mutaxassislar ham oʻzining ona tilida, yaʼni oʻrta maktabda va oliy taʼlim muassasasida oʻzbek tilida taʼlim olganiga qaramay, xat-hujjatni davlat tilida tuzukroq yoza olmaydi. Eʼtiroz bildirsangiz, “men tilshunos yoki jurnalist emasman”, deydi. Goʻyo oʻzbek tilini faqat ushbu kasb egalari bilishi kerag-u, boshqalarga taalluqli emasday.

 

Shu jihatdan jamoatchilik oʻrtasida maktablarda oʻzbek tilini oʻqitishni takomillashtirish bilan bogʻliq masalaning koʻtarilgani va muhokama qilinayotgani juda xayrli ish. Ayrim tilshunos-pedagoglarning fikricha, oʻquvchilarning ona tilini oʻrganishi qiyin kechib, umumiy savodxonlik darajasining pastligicha qolayotganining sababi — darslarda asosiy urgʻu nazariyaga qaratilayotgani bilan bogʻliq. Endi maktabda zamonaviy uslublardan foydalanib, amaliy grammatikani, yaʼni soʻzlashuvda va yozishda faol qoʻllaniladigan til qoidalarini oʻrgatishga oʻtish zarur. Boshqacha aytganda, farzandlarimiz ega bilan kesim, olmosh, sifatning qoidasi bilan birga toʻgʻri yozishni, toʻgʻri gapirishni va toʻgʻri fikrlashni ham puxtaroq oʻrgansin.

 

Albatta, har qanday bahs-munozarada boʻlgani kabi bu oʻrinda ham fikrlar xilma xil. Ammo bir masalada koʻpchilik yakdilki, har qanday tilni yaxshi oʻrganish va oʻrgatish uchun oʻsha tilning tabiatidan kelib chiqib ish koʻrilsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Zero, har bir millatning oʻziga xos turmush tarzi, urf-odatlari va madaniyati bor. Til uning eng muhim tarkibiy qismidir.

 

Yuksak samaralarning buyuk omillari esa har birimizda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.

 

Qulman OCHILOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

Raisining maslahatchisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.

 

Manba: “Guliston” jurnali,

2020 yil, 4-son.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur