SAYLOVLAR JARAYONIDA OCHIQLIK VA OSHKORALIKNI TA’MINLASH – MUHIM MEZON

27.03.2025

106

msk_yangiliklari_in

Har bir mamlakatning demokratik davlat nufuzi ko‘p jihatdan unda amal qilayotgan saylov tizimining ochiqligi va adolatligiga bog‘liqdir. Zero, saylov huquqiy davlatning ajralmas belgisi bo‘lib, unga xalq xohish-irodasining erkin ifodalanishi, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishining  asosiy shakli sifatida baho beriladi.

 

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda o‘tkazilgan saylovlar tahlilidan ma’lumki, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli natijalari tufayli saylovlar jarayonini kuzatish va yoritishga milliy rezidentlarimizdan tashqari, xalqaro va xorijiy ekspert doiralarining qiziqishi tobora ortib bormoqda.

 

2024 yil 27 oktyabr kuni “Mening tanlovim – obod Vatanim!” shiori ostida o‘tgan milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlarda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jami 1068 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi parlament saylovida jami 851 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi, jumladan o‘n uchta nufuzli xalqaro tashkilotlardan, xususan Yevropada Xavfsizlik Hamkorlik Tashkilotning Parlament Assambleyasi va Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Islom Hamkorlik Tashkiloti hamda boshqa xalqaro tuzilmalardan jami 560 nafar, xorijiy davlatlar 24 ta saylov organlaridan 46 nafar, dunyoning 43 ta davlatidan 245 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

 

Siyosiy partiyalardan 55 ming nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 10 ming nafardan ortiq kuzatuvchi saylovni kuzatib bordi.

 

Soha ekspertlari saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish jarayonida oshkoralikning qay darajada ta’minlanganini unda kuzatuvchilarning, ommaviy axborot vositalarining, siyosiy partiya vakillarining, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlarining saylovlarni kuzatib borishda yetarlicha vakolatlari mavjudligiga qarab xulosalar qiladilar. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari bilan har bir ishtirokchining huquq va majburiyatlari to‘kis tartibga solinganligi oshkoralikni ta’minlashning huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8-moddasiga muvofiq, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi. Ushbu norma bilan ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashning bir necha omillari belgilangan. 

 

Birinchidan, saylovchi uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarni, xususan  saylov komissiyalari o‘z ishi to‘g‘risida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqti to‘g‘risida xabardor etadi. Saylovchilar ro‘yxati, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro‘yxati bilan tanishtiradi. Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar to‘g‘risidagi, shuningdek ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi ma’lumotlarni ma’lum qilishi ular faoliyati oshkoraligining muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi.

 

Saylov komissiyalarining majlislari ochiq o‘tkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi yoki qonunchilikda belgilangan tartibda hammaga ma’lum qilinadi.

 

Ikkinchidan, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqi belgilangan.

 

Uchinchidan, ochiqlik va oshkoralik prinsipini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining ham o‘rni belgilangan bo‘lib, ular saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday o‘tayotganligini yoritib boradilar.

 

Huquqiy tartibga solishning mazkur mexanizmi saylov jarayonining barcha ishtirokchilari uchun o‘z siyosiy huquqlarini samarali amalga oshirishlarida qulay imkoniyat yaratib beradi. 

 

Shuningdek, saylov kuni Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi ekranda hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” va boshqa telekanallarda ovoz berish jarayonini bevosita kuzatish imkoniyati yaratilgani mamlakatimizda tobora keng ko‘lam kasb etayotgan ochiqlik siyosatining yuksak samaralaridandir.

 

Bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda o‘tkazilgan barcha saylovlarda “Bir saylovchi — bir ovoz” xalqaro saylov tamoyiliga qat’iy amal qilish imkoniyatini yanada kengaytirish, fuqarolarimiz o‘zlarining Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, saylovlarda emin-erkin ovoz berishlariga xizmat qilmoqda.

 

Xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ta’kidlanganidek, o‘tgan saylovlarda barcha siyosiy partiyalar va nomzodlarga saylovoldi tashviqotini olib borishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko‘ra bir xil efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoit va imkoniyat ta’minlandi. Saylov qonunchiligi bilan o‘rnatilgan tartib va talablarning birorta siyosiy partiya yoki nomzod tomonidan buzilish holatlari kuzatilmagani mamlakatimizda saylov madaniyati yuksalib borayotganidan dalolatdir. 

 

Mamlakatimizda yaratilgan bunday keng imkoniyatlar va sharoitlar siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari o‘rtasidagi o‘zaro raqobat va kurashini qizitishi tabiiy. Saylovchilar bilan uchrashuvlar-u teledebatlarda, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarda, ijtimoiy tarmoqlarda, siyosiy partiyalarning nashrlari va  veb-saytlarida, shuningdek, internet-nashrlarda buni yaqqol ko‘rish mumkin edi. Bunday tadbirlar millionlab  saylovchilarni qamrab olgani yanada muhimdir.

 

Odamlardagi bu qiziqishning, faollikning sababi, avvalo, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarda, muqarrarlik kasb etib borayotgan erkinlik, ochiqlik va oshkoralikdadir. Xalqimizning Vatanimiz kelajagiga yuksak umid va qat’iy ishonchida, el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi yuksalib borayotganida ko‘rinadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, shuningdek saylov kampaniyasini ommaviy axborot vositalarida tezkor yoritib borish, saylov jarayoni barcha ishtirokchilariga, keng jamoatchilikka, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillariga tezkor, xolis va to‘liq axborot berish uchun zarur sharoit yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 26-iyuldagi qarori bilan Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyati tashkil etildi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari huzurida Matbuot markazining hududiy bo‘linmalari sifatida hududiy matbuot markazlari tashkil etildi va ularga umumiy rahbarlik qilish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish Matbuot markazi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi to‘g‘risidagi nizomda qayd etilganidek, mazkur markaz saylov kampaniyasini yoritishda shaffoflikni, qonuniylikni ta’minlashga xizmat qildi. Mazkur Nizom bilan  Matbuot markazining maqomi, faoliyatining prinsiplari, tashkiliy-huquqiy asoslari, vazifalari, huquq va majburiyatlari belgilandi.

 

Matbuot markazi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritishga e’tibor qaratdi, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq brifinglar, matbuot anjumanlarini tayyorlash va o‘tkazish, jurnalistlarga va jamoatchilikka saylovga oid masalalar bo‘yicha tezkor axborot berib bordi va ma’lumotlarni yetkazib bordi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga oid axborot materiallarini saylovchilarga, siyosiy partiyalarga, nomzodlarga, kuzatuvchilarga va keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti, mobil ilovalari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va boshqa manbalarida yuritilishini ta’minlab bordi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 5-oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida O‘zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va u qanday o‘tayotganligini yoritib bordilar.

 

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda qatnashish uchun ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Akkreditatsiyadan o‘tish bilan bog‘liq munosabatlar E-saylov axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu ommaviy axborot vositalari vakillarining ortiqcha ovoragarchiliksiz, qisqa muddatda akkreditatsiyadan o‘tib, tegishli guvohnoma olishi va  saylov kampaniyasini faol yoritib borishiga qulaylik yaratdi.

 

Ilk marotaba aralash saylovi tizimi asosida, partiyalararo qizg‘in raqobat muhitida shakllanishi kutilayotgan parlament sayloviga xalqaro hamjamiyat tomonidan katta qiziqish bildirilayotir. Buni turli xorijiy mamlakatlarda davra suhbatlari, brifinglar o‘tkazilayotgani xorijiy ommaviy axborot vositalarida ham mazkur masalaga alohida e’tibor qaratilayotgani mamlakatimizda o‘tkazilayotgan muhim siyosiy jarayonning transparentligidan yaqqol dalolatdir.

 

Saylov to‘g‘risidagi qonunchiligimizning rivojlanish tendensiyasini kuzatib shunday xulosaga kelish mumkinki, unda saylov huquqini erkin, teng va adolatli amalga oshirishning mexanizmlari takomillashgani namoyon bo‘ladi. Bu davlat hokimiyatini demokratik ruhda shakllantirish yo‘lidagi xalqchil qarorlar qabul qilinganidan dalolatdir.

 

Xulosa sifatida ta’kidlash joizki, mamlakatimizda o‘tkaziladigan saylov kampaniyasining barcha tadbirlari – ham milliy qonunchiligimiz talablariga, ham umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga qat’iy rioya etilgan holda, saylov jarayonining barcha ishtirokchilari uchun, xalqaro hamjamiyat uchun ochiq va oshkora o‘tkazilishi bilan siyosiy hayotimizda muhim o‘rin egallaydi.

 

Muxtabar HUSANOVA,

Markaziy saylov komissiyasi a’zosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur