SAYLOV KAMPANIYASI YANGICHA SHAROIT VA YANGICHA TALABLAR ASOSIDA O‘TMOQDA

24.11.2019

3018

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 22-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylov oʻzining qizgʻin pallasiga kirdi. Yaʼni siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti boshlab yuborildi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi Mirzo-Ulugʻbek ABDUSALOMOV bilan suhbatimiz shu va saylov kampaniyasining boshqa muhim jihatlari xususida boʻldi.

 

Joriy yilning 22-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylov oʻzining qizgʻin pallasiga kirdi. Yaʼni siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti boshlab yuborildi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi Mirzo-Ulugʻbek ABDUSALOMOV bilan suhbatimiz shu va saylov kampaniyasining boshqa muhim jihatlari xususida boʻldi.

 

Muhim omil

 

— Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasining eng muhim va masʼuliyatli bosqichlaridan biri, — dedi Mirzo-Ulugʻbek Elchiyevich. — Bu davrda siyosiy partiyalar va ular tomonidan deputatlikka ilgari surilgan nomzodlar saylovchilarni oʻzining istiqbolda amalga oshiradigan faoliyat dasturi bilan tanishtiradi. Zero, partiyalarning saylovda muvaffaqiyatga erishishi koʻp jihatdan oʻz saylovoldi tashviqotini nechogʻlik faol va samarali tashkil etishiga bogʻliq.

 

Avvalo, saylovlarning koʻppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, dunyoda umumeʼtirof etilgan demokratik standartlarga mos holda oʻtishini taʼminlash uchun yurtimizda qisqa vaqt ichida ulkan ishlar amalga oshirilib, barcha shart-sharoitlar yaratilganini alohida taʼkidlash zarur. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan Saylov kodeksidagi demokratik oʻzgarishlardan to saylov tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishgacha, yangi huquqiy normalar va qoidalarning mazmun mohiyatini aholiga yetkazishdan saylovchilar yagona elektron roʻyxatini shakllantirishgacha boʻlgan keng koʻlamli ishlar shular jumlasidandir.

 

Xalqimiz hayotini yuksalishlar sari burib yuborgan dasturiy hujjat — mamlakatimizni rivojlantirishning 2017 — 2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar bu borada eng muhim omil boʻlayotir.

 

Umummilliy koʻlam

 

Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan mamlakatimizda 20-oktyabrda boshlanib, hozirgacha davom etayotgan Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligining dastlabki natijalari haqida nimalar deya olasiz?

 

— Shu yoʻnalishdagi tadbirlar umumtaʼlim maktablaridan to ilm-fan doiralarigacha, NNTdan yirik ishlab chiqarish birlashmalarigacha, fermer xoʻjaliklaridan vazirliklargacha, borish qiyin chekka tumanlardan mamlakatimizning xorijdagi vakolatxonalarigacha boʻlgan keng koʻlam va miqyosda amalga oshirilayotganini taʼkidlash zarur.

 

Jarayonga respublikamizdagi barcha jamoat tashkilotlari, jumladan, siyosiy partiyalar faollari, ommaviy axborot vositalari, davlatimizning xorijdagi vakolatxonalari, internetdan foydalanuvchilar, blogerlar dadil qoʻshilgani tadbirlarning sifati va saviyasiga oʻzining samarali taʼsirini oʻtkazmoqda. Ana shunday oʻzaro hamkorlik va hamjihatlik natijasida milliy saylov qonunchiligimizni oʻrganish va targʻib qilish umummilliy koʻlam kasb etib, yuz minglab, millionlab fuqarolarni qamrab oldi.

 

Bu koʻlamni bir raqam misolida yaqqol koʻrish mumkin. Mazkur oylik doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam kuzatib borayotgan mutaxassislarning maʼlumotlariga qaraganda, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida, internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda turli tillarda eʼlon qilingan maqola, suhbat, koʻrsatuv, eshittirish, roliklar va fikr-mulohazalar soni har kuni oʻrtacha mingdan oshgan.

 

Bunga butun yurtimiz boʻylab oʻtkazilayotgan uchrashuvlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, brifinglar, matbuot anjumanlari, seminarlar, davra suhbatlari, tanlovlar, viktorinalar, shoular, Markaziy saylov komissiyasi rasmiy saytiga, “Saylov2019” mobil ilovasiga, Xalqaro matbuot markazida tashkil etilgan “Call-centr”ning 1197 qisqa raqamli bepul telefoniga murojaatlarni qoʻshish lozim. Markaziy saylov komissiyasining yetakchi mutaxassislari, ekspertlari, tahlilchilari, joylardagi saylov komissiyalari rahbarlari va aʼzolari ishtirokida saylovchilar va saylov tashkilotchilari bilan oʻtkazayotgan yuzlab uchrashuvlarni ham aytib oʻtish joiz.

 

Ana shunday keng koʻlamli tadbirlar samarasida xalqimizning saylov va bu boradagi qonunchilikdan xabardorligi sezilarli darajada oshmoqda. Shu oʻrinda alohida taʼkidlash kerakki, Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi nihoyasiga yetgandan keyin ham bu boradagi ishlar toʻxtab qolmaydi, ular saylovgacha va undan keyin ham izchil davom ettiriladi.

 

Birinchi marta...

 

Endi navbat targʻibotdan saylovoldi tashviqotiga. Bu borada qanday yangiliklar bor?

 

— “Yangi Oʻzbekiston. Yangi saylovlar” gʻoyasi asosida oʻtadigan saylov va saylovoldi tashviqoti haqida soʻz yuritilganda, “birinchi marta” degan iborani bot-bot takrorlashimizga toʻgʻri keladi. Chunki, barcha saylovoldi tadbirlari birinchi marta Saylov kodeksi asosida oʻtkaziladi. Tashviqot maydonida birinchi marta beshta siyosiy partiya 150 ta deputatlik mandatlari uchun raqobatga kirishadi.

 

Milliy qonunchiligimizda boʻlajak saylovda deputatlikka nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilishi belgilab qoʻyilgani har bir partiyaga katta huquq va imkoniyat berishi bilan birga, yuksak masʼuliyat ham yuklaydi. Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, “har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas boʻlib, uning oʻtkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi”.

 

Milliy saylovlarimiz tarixida birinchi marta Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod 10 nafarga, viloyat kengashi deputatligiga nomzod 5 nafarga, tuman va shahar kengashi deputatligiga nomzod 3 nafarga qadar ishonchli vakilga ega boʻlishga haqli. Ilgari bu raqamlar ancha kam edi.

 

Barcha darajadagi deputatlikka nomzodlar birinchi marta yagona muddat, yaʼni 18-noyabrdan saylovoldi tashviqotiga kirishdi. Targʻibot asnosida ularga ilk bor joriy etilayotgan Saylov jarayonlarini boshqarishning axborot texnologiyalari va Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidagi maʼlumotlar qoʻl kelyapti.

 

Saylov kuni mamlakatimiz tarixida birinchi marta tajriba yoʻsinida yoʻlga qoʻyiladigan yana bir yangilikni alohida qayd etishimiz zarur. Yurtimizning turli hududlaridagi oltmishta saylov uchastkasiga oʻrnatilgan videokameralar saylovchilarning ovoz berish jarayonini onlayn rejimida Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markaziga va butun dunyoga uzatib turadi. Bunday kameralar Qoraqalpogʻistonning uzoq Moʻynoq tumanidagi “Aral”, “Tallioʻzak” mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi 360 va 362-saylov uchastkalaridan to poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Al-Forobiy nomli mahalla fuqarolari ovoz beradigan 166-saylov uchastkasigacha boʻlgan ulkan hududni qamrab oladi.

 

Joriy yilda oʻtadigan saylovlarda xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun ilk bor ovoz berish imkoniyati yaratiladi. Avvallari ushbu siyosiy tadbirda faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman roʻyxatdan oʻtgan oʻzbekistonliklar oʻzlarining konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalangan. Endi esa chet elda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan Oʻzbekistonning barcha fuqarolari xorijda tashkil etilgan ellik uchta saylov uchastkasidan biriga (ularning soni yana koʻpayishi mumkin) murojaat etadi yoki Tashqi ishlar vazirligi rasmiy veb-sahifasidan roʻyxatdan oʻtib, ovoz berishi mumkin. Bu “bir saylovchi — bir ovoz” saylov tamoyiliga amal qilish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Vatandoshlarimizning konstitutsiyaviy huquqlarini toʻliq amalga oshirishlariga sharoit yaratildi.

 

Xorijda yashayotgan Oʻzbekiston fuqarolari saylovga oid savollariga Markaziy saylov komissiyasining Toshkent shahridagi +998555024444 raqamli ishonch telefoni orqali javob olishlari mumkin. Shuningdek, ular “Saylov2019” mobil ilovasidan ham oʻzlarini qiziqtirgan maʼlumotlarni topish imkoniga ega.

 

Teng imkoniyat, teng sharoit

 

Saylovoldi tashviqotida ommaviy axborot vositalarining oʻrni qanday boʻladi?

 

— Bu masala Markaziy saylov komissiyasi kengaytirilgan majlisida siyosiy partiyalar, tegishli vazirlik va idoralar, hokimliklar, ekspertlar va OAV vakillari ishtirokida batafsil muhokama qilindi. Saylov kodeksiga binoan, Qonunchilik palatasi saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar uchun saylovoldi tashviqoti davrida teng imkoniyat va sharoit yaratishga doir qaror qabul qilindi.

 

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi kanallaridan bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti barcha siyosiy partiyalar uchun bir xil. Yaʼni har bir siyosiy partiyaga tele va radiokanallarda hafta davomida 30 minutdan bepul efir vaqti ajratilgan.

 

Bundan tashqari, shanba kunlari partiyalar vakillari oʻrtasida debat tashkil etish uchun tegishli telekanallar efiridan bir soatdan ajratiladi. Shuningdek, “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slova”, “Pravda vostoka”, “Ovozi tojik”, “Nurli jol” gazetalarining sahifalaridan ham teng maydonda bepul foydalanish uchun taqdim etildi.

 

Bular siyosiy partiyalar uchun tashviqot maydonida yaratilayotgan ulkan imkoniyat. Ayni paytda ularning reklama roliklari ham boʻlsa kerak?

 

— Albatta, qayd etilganlardan tashqari, siyosiy partiyalarning tele va radioroliklari efirga yagona 150 soniyalik blokda (har bir partiya uchun 30 soniyadan) har bir kanalda kuniga toʻrt martadan uzatilmoqda. Koʻrsatuvlar surdotarjima bilan namoyish etiladi. Saylovga taalluqli tashviqot materiallari mamlakatimiz hududida tayyorlanishi shart.

 

Taʼkidlash kerakki, bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydonidan foydalanish turlari, shakllari va usullarini siyosiy partiyalar mustaqil belgilaydilar. Shuningdek, ular bepul ajratilgan efir vaqtidan va nashr maydonidan voz kechishga haqli.

 

Tashviqot davrida besh siyosiy partiyaning efirga chiqish va gazetalarda materiallar chop etish ketma-ketligi qanday boʻladi? “Sendan men kammi?” degan tortishuvlar boshlanmaydimi?

 

— Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalar vakillari va deputatlikka nomzodlarining ommaviy axborot vositalarida quyidagi tartibda chiqishi belgilandi: birinchi — Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, ikkinchi — Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, uchinchi — Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, toʻrtinchi — Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, beshinchi — Oʻzbekiston Ekologik partiyasi.

 

Tashviqotda tashqi reklama ham muhim oʻrin tutadi. Bu boradagi ishlarning koʻlami qanday?

 

— Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda tashqi reklama vositalari qoʻyiladigan joylarni belgilaydi va ularni siyosiy partiyalar oʻrtasida teng taqsimlaydi. Mamlakatimizdagi barcha tumanlar va shaharlar boʻylab har bir partiya uchun 225 donadan jami 1120 dona bepul tashqi reklama vositalari, jumladan, yetmishta elektron monitor ajratiladi. Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasida tashqi reklamaning yarmi qoraqalpoq tilida boʻladi.

 

Saylovda ovoz berishga bir kun qolganida tashviqot toʻxtatilib, “sukunat kuni” boshlanadi. Avtobuslarga osilgan plakatlar, koʻcha-kuyga oʻrnatilgan bannerlar, bekatlarga yopishtirilgan varaqalar taqdiri nima kechadi? Bir kechada olib tashlanadimi?

 

Binolarga, inshootlarga va boshqa joylarga joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallarini saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida olib qoʻyilishi majburiy emas. Bilamizki, bunday materiallarni bir kechada olib qoʻyishning oʻzi boʻlmaydi.

 

Ammo saylovoldi tashviqotining ogʻzaki, ommaviy axborot vositalarida muayyan nomzod uchun ovoz berishga chorlovchi maqolalar, video va audio roliklarni eʼlon qilish, varaqalar tarqatish kabi “harakatdagi” usullari taqiqlanadi.

 

Ha demay qish boshlanadi. Deputatlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini oʻtkazishi uchun binolar zarur. Joyni kim ajratadi?

 

— Qonunchilikka binoan, bu borada ham nomzodlarga va siyosiy partiyalarga teng sharoitlar yaratiladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda oʻtkaziladi. Bunda uchrashuvni oʻtkazish joyi va vaqti haqida okrug yoki uchastka saylov komissiyasiga maʼlum qilinadi. Komissiyalar esa saylovchilarni uchrashuvdan oldin ogoh etadi.

 

Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari saylovoldi uchrashuvlari oʻtkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratishi, zarur maʼlumot va axborot materiallarini olishda nomzodlarga yordam koʻrsatishi shart.

 

Saylovoldi tashviqoti katta xarajatlar bilan bog‘liq...

 

— Bu borada ham barcha partiyalar va ularning deputatlikka nomzodlari uchun teng sharoit yaratish maqsadida, ularga saylovoldi tashviqotini oʻtkazish uchun mablagʻ Davlat byudjetidan teng ajratiladi. Deputatlikka nomzodlarga boshqa manbalardan pul mablagʻlarini oʻtkazish (kiritish), saylovchilarga tovarlar yetkazib berish, ishlarini bajarish, shuningdek, xizmatlar koʻrsatish shaklidagi moliyaviy taʼminlash hamda boshqacha tarzda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash taqiqlanadi.

 

Asorat va bashorat

 

Saylovchilar bilan uchrashuvlarda “oltindan togʻ” vaʼda qiladigan nomzodlar ham chiqib qolishi mumkin...

 

— Afsuski, bu gapda jon bor. Lekin ishonchim komilki, bugungi saylovchilar bunday puch vaʼdalarga uchmaydi. Chunki mamlakatimiz, xalqimiz, jamiyatimiz, odamlarning ong-u tafakkuri oʻzgarmoqda. Bundan uch-toʻrt yil oldingi Oʻzbekiston bilan bugungi oʻzbek diyorini tenglashtirish qiyin. Mamlakatimiz fuqarolarining siyosiy ongi va madaniyati oʻsib borayotgani, jamiyatda demokratiya, ochiqlik va oshkoralik taʼminlanayotgani 22-dekabr kuni oʻtadigan umumxalq saylovlarida yana bir bor namoyon boʻladi.

 

Onda-sonda uchrab turadigan “arzon vaʼdalar” boqimandalikka, oʻtmish zamonlarni qumsashga moyil odamlarga moʻljallangan. Goʻyo deputat koʻprik qurib berishi, mahallaga gaz yoki chiroq oʻtkazishi, kimnidir oʻqishga, ishga joylashi kerak. Goʻyo nomzod qonun chiqaruvchi organ deputatligiga emas, goʻyoki qurilish boshqarmasiga prorab, avtoyoʻlga yoʻlsoz, transgaz idorasiga rahbarlikka saylanayotgandek.

 

Deputatga bunday munosabat eski, mustabid tuzimdan qolgan asorat. Bu tushunchaning tag-zamirini surishtirib koʻrsangiz, shoʻrolar davrida davlat hokimiyati tarmoqlari boʻlinishiga doir demokratik tamoyillarga rioya etilmaganiga borib taqalishini koʻrasiz.

 

Mavridi kelganda, shu huquqiy prinsipga izoh berib oʻtsak foydadan holi boʻlmaydi. Demokratik mamlakatda davlat boshqaruvi organlari uchga — qonun chiqaruvchi, ijro va sud hokimiyatiga boʻlinadi va ular bir-biridan mustaqil faoliyat yuritadi. Boshqacha aytganda, har biri oʻzining ishini bajaradi, biri ikkinchisining faoliyatiga aralashmaydi, daxl qilmaydi.

 

Vatanimiz mustaqillikka erishib, xalqimiz rivojlangan demokratik davlat, erkin va ozod, obod va farovon jamiyat barpo etish yoʻlini tutgach, mustabid tuzimdan qolgan eski tuzum aqidalari yoʻqlikka yuz tutdi.

 

Mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar tizimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va sud hokimiyati maqomi va faoliyatini demokratlashtirish, ularning masʼuliyati va mustaqilligini kuchaytirish muhim oʻrin egalladi. Mazkur hokimiyat organlarining konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasida belgilangan muhim konstitutsiyaviy prinsip — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinish prinsipiga asoslanadi.

 

Hokimiyatlar boʻlinishi oʻz manbasiga koʻra yaxlit va yagona boʻlgan davlat hokimiyatining bunday uch mustaqil tarmoqqa boʻlinishini, har bir hokimiyat tarmogʻi boshqalaridan mustaqil holda faoliyat yurgizishini taqozo etadi.

 

Dunyo tajribasidan ayonki, parlament deputati, avvalo, qonunchilikni, yaʼni mamlakat, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan qonunlar ishlab chiqish va ularning amaldagi ijrosini nazorat qila olishni bilishi zarur.

 

Bu yilgi saylov kampaniyasini kuzatib borayotgan ekspertlar partiyalararo bahs, raqobat har qachongidan kuchli va qiziqarli boʻlishini bashorat qilmoqda. Bu haqda Sizning fikringiz qanday?

 

— Oliy Majlis va Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylov — mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea va u butun xalqimiz qatori siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari uchun ham katta siyosiy maktabdir. Bitta deputatlik mandati uchun beshta siyosiy partiya va ular koʻrsatgan nomzodlar bahsga kirishishi raqobatni qizitishi tabiiy. Ammo demokratik plyuralizm sharoitida ular xalqimizga xos bagʻrikenglik va olijanoblik, mehr-oqibat, izzat-hurmat, yuksak siyosiy-huquqiy madaniyat bilan bogʻliq qadimiy anʼanalarimizni unutmasliklari darkor. Baʼzi davlatlarda boʻlgani kabi bir-birini yomon otliq qilish, bir-birining ustiga magʻzava agʻdarish — umumeʼtirof etilgan demokratiya tamoyillaridan, odob-axloq normalari-yu inson maʼnaviyatidan juda-juda yiroq ishlardir.

 

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Qaysi partiyaga mansubligidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimizni birlashtiradigan yagona va mushtarak maqsad — bu jonajon Oʻzbekistonimiz, uning buyuk kelajagidir. Ayni shu maqsad hammamizni ona yurtimizga sadoqat bilan xizmat qilishga daʼvat etadi”.

 

Zokir XUDOYSHUKUROV

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

(“Xalq soʻzi” gazetasi, 2019-yil 22-noyabr).

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur