SAYLOV KAMPANIYASI KENG QAMROVLI JARAYON

31.01.2023

2592

msk_yangiliklari_in

2021-yil 24-oktyabrda mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtadi.

 

Mamlakatimiz va xalqimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etuvchi ushbu tadbirni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish ishlari qizgʻin davom etmoqda.

 

Xususan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilinganidan boshlab oʻtgan qisqa vaqt ichida, birinchidan, mamlakatimiz siyosiy maydonida faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiyaning vakolatli vakillari roʻyxatga olinib, ularga mandatlar topshirildi. Siyosiy partiyalarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berilib, ularning vakolatli vakillariga roʻyxatga olinganlik guvohnomasi va imzo varaqalarining blankalari topshirildi.

 

Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning roʻyxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda eʼlon qilindi. Hozirgi vaqtda siyosiy partiyalar tomonidan mamlakatimiz hududlarida, fuqarolarning ish, xizmat, oʻqish, yashash joylarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʻlajak nomzodlarni qoʻllab-quvvatlovchi saylovchilarning imzolarini toʻplash jarayoni davom etmoqda.

 

Ikkinchidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 14 saylov okrugi tuzildi. Saylov okruglarining roʻyxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri koʻrsatilgan holda matbuotda eʼlon qilindi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 14 okrug saylov komissiyalarining 266 nafar aʼzodan iborat shaxsiy tarkibi tasdiqlandi. Ular uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “Saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi”ga muvofiq Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-oʻqituvchilaridan iborat ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan oʻquv dasturi va oʻquv-uslubiy materiallar asosida yuqori malakali ekspertlar tomonidan ikki kunlik seminar-trening mashgʻulotlari oʻtkazildi.

 

Oʻquv mashgʻulotlari davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, okrug saylov komissiyalari faoliyatini tashkil qilish, saylov komissiyalarining vakolat va vazifalari, okrug va uchastka saylov komissiyalari binolari va ovoz berish xonalarini jihozlash, saylovchilar roʻyxati bilan ishlash kabi dolzarb mavzular qamrab olindi.

 

Mashgʻulotlar yakunida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining 266 nafar aʼzosiga guvohnomalar, okrug saylov komissiyalarining muhri va kanselyariya mahsulotlari topshirildi.

 

Uchinchidan, mahalliy va xorijiy jamoatchilik, shu jumladan, saylovchilarni saylov komissiyalari va boshqa tashkilotchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida keng xabardor etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi, “saylov.uz” yangi sayti, “saylov-2021» veb-portali, “saylov-2021» mobil ilovasi, “Saylov-2021 xabarlari” nomli axborot-tahliliy koʻrsatuvi ishga tushirildi.

 

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, OʻzReport, “ZoʼrTV”, “Dunyo” axborot agentligi, “Bugun.uz”, “Nova24.uz”, “Kun.uz” internet nashrlari, “Xalq soʼzi” va “Narodnoye slova” gazetalari kabi ellikdan ortiq mahalliy OAVda faoliyat yurituvchi 757 nafar, shuningdek, Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston, Turkiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Eron, Ozarbayjon kabi xorijiy davlatlar OAVda faoliyat yurituvchi 48 nafar jurnalist akkreditatsiyadan oʻtkazilib, guvohnomalar taqdim etildi. Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish ishlari davom etmoqda.

 

Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun 21 xalqaro tashkilot, jumladan, YXHTning Parlament Assambleyasi va Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha Byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, SHHT, IHT, Turkiyzabon davlatlar hamkorlik kengashi, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasiga, 28 xorijiy mamlakat saylov organlari va 48 davlatdan 225 nafar xalqaro kuzatuvchiga taklifnoma yuborildi.

 

Beshinchidan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “Saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi”ga muvofiq mamlakatimiz hududlarida, tuman va shaharlardagi sektorlar kesimida uchastka saylov komissiyalarining raisi, rais oʻrinbosari va kotibligiga nomzodlar uchun interfaol usullarda oʻtkazilayotgan seminar-treninglarning toʻrtinchi bosqichi qizgʻin davom etmoqda.

 

Seminar-treninglarning birinchi bosqichida tinglovchilarga milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlariga oid oʻn ikkita dolzarb mavzuda nazariy bilimlar berildi. Ikkinchi bosqichda nazariy bilimlar bilan birgalikda amaliy koʻnikmalar shakllantirildi. Uchinchi bosqich “trener-tinglovchi yuzma-yuz savol-javobi” shaklida oʻtkazilib, birinchi va ikkinchi bosqichda olingan nazariy bilim va amaliy koʻnikmalar mustahkamlandi.

 

Navbatdagi toʻrtinchi bosqichda bevosita uchastka saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladigan ishlarga oid oltita eng muhim mavzular tanlab olindi va ushbu mavzularga oid videoroliklar tayyorlandi. Bu bosqichdagi mashgʻulotlarda egallangan nazariy bilimni namunaviy shaklda tashkil etilgan saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyasi bajaradigan ishlar yaratilgan videoroliklarni koʻrish va bevosita bajarish orqali mustahkamlanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 

Oltinchidan, Markaziy saylov komissiyasining 20-avgust kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishida turli masalalar qatori saylovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilgan “Saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

 

Nizomga muvofiq, Interfaol xizmatdan doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manziliga ega boʻlgan, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari foydalanishlari mumkin.

 

Saylovchi saylov uchastkasini aniqlash boʻyicha interfaol xizmatdan elektron tarzda foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida roʻyxatdan oʻtib, saylov uchastkasini aniqlash xizmatini tanlaydi, unga biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va raqamini hamda tugʻilgan sanasini kiritadi. Shundan soʻng saylovchining ushbu maʼlumotlari Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida shakllantirilgan Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidagi maʼlumotlar bilan avtomatik tarzda tekshiriladi. Maʼlumotlar mos kelgan taqdirda saylovchiga saylov uchastkasi haqidagi maʼlumot taqdim etiladi.

 

Saylovchi Oʻzbekiston Respublikasi Saylovchilarining yagona elektron roʻyxatidagi saylov uchastkasi haqidagi maʼlumotlar bilan uning doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzili oʻzaro nomuvofiq boʻlgan taqdirda saylov uchastkasini oʻzgartirishi mumkin. Saylov uchastkasini oʻzgartirish saylovga oltmish kun qolganidan boshlab to besh kun qolguniga qadar amalga oshirilishi mumkin. Boshqa shaxsga tegishli maʼlumotlarni koʻrsatgan holda saylov uchastkasini oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmatdan foydalanish taqiqlanadi. Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylov uchastkasini oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmatini koʻrsatish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga havola qilish yordamida amalga oshiriladi.

 

Interfaol xizmat yordamida oʻzgartirilgan saylov uchastkasini saylovchining roziligisiz oʻzgartirish va saylovchilar roʻyxatiga tuzatishlar kiritish mumkin emas. Interfaol xizmat koʻrsatilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.

 

Ushbu xizmatdan foydalanish istagida boʻlgan saylovchilar “saylov.uz” saytida joylashtirilgan Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 20-avgustdagi 1101-sonli qarori orqali xizmatdan foydalanish tartibi bilan batafsil tanishishi mumkin.

 

Xulosa qilib aytganda, Markaziy saylov komissiyasi va saylov jarayonining boshqa tashkilotchilari tomonidan Prezident saylovini yuqori saviyada tashkil etish, saylovchilarning konstitutsiyaviy huquqlaridan erkin foydalanish va axborot olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, saylov jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol davlat xizmatlarini samarali joriy etish ishlari faol davom etmoqda.

 

Saylov kampaniyasi jarayonlarida amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari va saylovchilarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan saylovchi-fuqarolarning xabardor boʻlishi, saylov kuni ovoz berishda faol ishtirok etishi, konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yoʻlidagi insonparvar islohotlarning bardavom boʻlishiga xizmat qiladi.

 

Xudoyor Mamatov,

Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati rahbari, professor

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur