SAYLOVLAR: JAMOAT NAZORATINING AMALDAGI IFODASI

25.01.2023

2652

msk_yangiliklari_in

Shu yil 22-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlarining saylovlari boʻlib oʻtadi. Ayni kunlarda saylov kampaniyasi qizgʻin pallaga kirmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzosi, taniqli jurnalist Suyarjon QURBONQULOV bilan suhbatimiz MSK tomonidan saylovlarni yuqori tashkiliy saviyada, ochiq-oshkoralik tamoyillari asosida oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida boʻldi.

 

- Mamlakatimizda bu yil saylovlar ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan oʻtkaziladi. Kodeksga binoan Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovlar boʻyicha saylov okruglari soni koʻpaydi. Buning sababi nimada?

 

- Ha, Saylov kodeksiga muvofiq, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun saylov okruglari soni koʻpayib, bir yuz ellikta etib belgilandi. Ilgari 135 saylov okrugi boʻlar va 15 nafar deputat Oʻzbekiston Ekologik harakatidan saylanar edi.

 

Endilikda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tashkil etilganidan xabaringiz bor. Shu bois, mazkur partiya oʻz nomzodlarini umumiy saylovlarga qoʻyadi va deputatlik mandati uchun boshqa siyosiy partiyalar bilan bilan teng kurash olib boradi. Bu – barcha siyosiy partiyalar uchun sogʻlom raqobat muhiti yaratiladi, degani. Saylovlarning oʻzaro tenglik sharoitida, sof demokratik ruhda oʻtishiga yanada keng yoʻl ochadi.

 

Shunday qilib, Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan 150 deputatdan iborat boʻladi. Parlamentimizning quyi palatasi deputatlari hududiy bir mandatlik saylov okruglari boʻyicha koʻppartiyaviylik asosida saylanadi. Saylov kodeksining 37-moddasida qayd etilganidek, Qonunchilik palatasi deputatligiga va mahalliy kengashlar deputatligiga nomzod koʻrsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar ega.

 

Mamlakatimizda hozir beshta siyosiy partiya faoliyat yuritmoqda. Bular — Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi.

 

Shu oʻrinda, saylov qonunchiligidagi barchamizga tegishli yana bir muhim oʻzgarishga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Bu — saylov kuni ovoz berish vaqti bilan bogʻliq. Ilgari saylovlarda ovoz berish soat 06:00 dan soat 20:00 gacha oʻtkazilgan boʻlsa, endilikda ovoz berish soat 08.00 da boshlanadi va 20.00 da nihoyasiga yetadi. Saylovlar asosan yilning oxirida, qish faslida oʻtishi eʼtiborga olinsa, bu gʻoyat toʻgʻri yechim boʻlganini taʼkidlash darkor.

 

- Saylov kodeksidan barcha saylovchilar va saylanuvchilar bilishi zarur boʻlgan yana qanday oʻzgarishlar oʻrin olgan?

 

- Kodeksda nazarda tutilgan muhim yangiliklarni sanayversangiz oʻttizdan oshadi. Ularning orasida saylov huquqlari boʻyicha ekspertlar, jumladan, xalqaro tashkilotlarning koʻpni koʻrgan ekspertlari ham “innovatsion oʻzgarish” deb eʼtirof etayotganlaridan biri — Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidir. Endilikda mamlakatimizdagi barcha Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati shakllantirildi va saylovchilar Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida oʻzi uchun zarur maʼlumotlarni olish imkoniyatiga ega boʻladi.

 

Milliy saylov tizimidagi bunday muhim oʻzgarishlarni amalga oshirishda davlatimiz rahbarining 2018-yil 4-oktyabrda qabul qilingan “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim omil boʻlmoqda.

 

Qayd etish oʻrinliki, Markaziy saylov komissiyasi mutaxassislari tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini joriy etish uchun qariyb bir yildan buyon faol va samarali ish olib bormoqdalar. Xususan, uyma-uy yurib, saylovchilar roʻyxatga olindi va har bir saylovchi turar joy kadastr raqamiga biriktirildi.

 

Bundan maqsad “bir saylovchi – bir ovoz” tamoyilini toʻliq va bexato amalga oshirishdan iborat. Deylik, biror saylovchining yashash joyi oʻzgarsa, boshqa joyda vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtsa, bu oʻzgarish Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatida oʻz aksini topadi. Saylovchining faqat bir joyda bir marta ovoz berishiga xizmat qiladi.

 

Bu elektron tizim orqali saylovchilar uchun yana boshqa qulayliklar ham yaratadi. Masalan, saylovchi Markaziy saylov komissiyasi saytini (ELECTIONS.UZ) ochib, pasport raqamini kiritish orqali oʻzining qaysi saylov uchastkasiga mansub ekanligini va saylov uchastkasi joylashgan manzilni osongina aniqlashi mumkin.

 

- Suyarjon Masharifovich, Siz Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi sifatida hududlarda saylovga puxta tayyorgarlik koʻrish va uni yuksak tashkiliy saviyada oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarning borishidan yaxshi xabardorsiz. Qizgʻin pallaga kirayotgan ushbu jarayon haqida nima deya olasiz?

 

- Saylovlarga tayyorgarlik ishlari butun mamlakatimiz boʻylab jadal davom etmoqda. Kuni kecha MSKning navbatdagi majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov oʻtkazadigan barcha saylov okruglari tartibi, joylashgan manzili, chegaralari va saylovchilar soni shakllantirildi. Boshqacha aytganda, mamlakatimiz boʻyicha 150 saylov okrugi tuzildi.

 

Bunday keng koʻlamli ishlar Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturiga binoan izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Dasturda belgilangan vazifalarning ijrosiga har qachongidan erta – iyun oyidanoq kirishilganini alohida taʼkidlashimiz zarur.

 

Barcha darajadagi saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarning saylov qonunchiligidagi yangiliklar, saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishga oid bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar odatdagidan uch oy avval — 3-avgustdan boshlandi.

 

Oʻqitishning yuqoridan quyiga qarab kengayib, takomillashib boradigan koʻp bosqichli bu usuli oʻzining yuksak samaralarini bermoqda. Yakuniga yetgan ikki bosqichda saylov komissiyalarining 51 mingga yaqin rais, rais oʻrinbosari va kotibligiga nomzodlar oʻqitildi. 3-oktyabrdan seminar-treninglarning uchinchi bosqichi davom etmoqda.

 

Men Surxondaryo viloyatida saylovlarga tayyorgarlik ishlarida yordam berish boʻyicha masʼul sifatida vohaning barcha tumanlarida oʻtkazilgan ana shunday seminar-treninglarda muntazam ishtirok etib kelyapman. Oʻtgan hafta Termiz shahri, Uzun, Sariosiyo va Jarqoʻrgʻon tumanlarida boʻlib, saylov komissiyalarida saylovlarni oʻtkazish uchun yaratilgan zarur sharoitlar bilan ham tanishdik.

 

Viloyatda saylovlarni yuksak saviyada tashkil etish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 11, Xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov oʻtkazadigan 60, tuman va shahar kengashlariga saylov oʻtkazadigan 409 saylov okrugi tuzildi. Ayni paytda barcha okrug saylov komissiyalarining tarkibini shakllantirish nihoyasiga yetmoqda. Shuningdek, vohada 785 uchastka saylov komissiyasi faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. Siyosiy partiyalarning viloyatdagi vakillari imzo toʻplash ishlarini yakunlamoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazining viloyat boʻlimi oʻz faoliyatini boshladi.

 

- Siz oʻz vaqtida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tizimida ham samarali faoliyat yuritgansiz. Mamlakatimizning saylovga oid qonunchiligida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining saylovlar jarayonidagi ishtirokiga oid qator normalar oʻz ifodasini topgan. Bu normalarning ahamiyati nimada?

 

- Amaldagi qonun hujjatlariga binoan bu noyob organga juda koʻplab vakolatlar berilganki, sanasangiz yetmishdan oshadi. Shuning oʻzi demokratiyaning amaldagi ifodasi emasmi! Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakolatlari orasida saylov bilan bogʻliq vakolatlar ham anchagina.

 

Birinchidan, Xalq deputatlari tuman, shahar kengashiga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining aʼzolari nomzodlari boʻyicha tavsiyalar taqdim etadi;

Ikkinchidan, Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilish uchun uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar taqdim etadi;

Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlariga ularning saylovchilar bilan uchrashuvlarini uyushtirishda, fuqarolarni qabul qilishda, ular oʻz saylov okruglarida boshqa vakolatlarini amalga oshirishida koʻmaklashadi.

Toʻrtinchidan, Saylov kodeksiga kiritilgan eng muhim yangiliklardan biri — fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga ham siyosiy partiyalar kabi har bir saylov uchastkasiga oʻz kuzatuvchilarini qoʻyish vakolati berildi.

 

Taʼkidlash joizki, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga berilgan bunday keng koʻlamli vakolatlar mamlakatimizda saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish jarayonida saylov erkinligini taʼminlash, jamoat, yaʼni xalq nazoratini yanada keng va toʻla amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

- Saylovlarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kimlar kuzatuvchi boʻlishi mumkin? Mamlakatimiz milliy saylov tizimida ilk bor amalda qoʻllanilayotgan ushbu yangilikka batafsilroq toʻxtalib oʻtsangiz.

 

-Bu masala Markaziy saylov komissiyasining yaqinda oʻtgan navbatdagi majlisida siyosiy partiyalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida batafsil muhokama qilindi. Siyosiy partiyalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kuzatuvchilari toʻgʻrisida nizom qabul qilindi.

 

Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 33-moddasi, “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan ushbu hujjatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalar, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari kuzatuvchilarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari hamda ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi belgilangan.

 

Bunday keng koʻlamli kuzatuvdan maqsad — saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kengroq amalga oshirishdan iborat.

 

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli), uning oʻrinbosari, maslahatchisi, shuningdek fuqarolar yigʻini organlarining boshqa mansabdor shaxslari saylovlarda kuzatuvchi boʻlishi mumkin.

 

Qayd etishimiz zarurki, boʻlajak saylovlarni mahalliy kuzatuvchilardan tashqari, BMT, YXHT, SHHT, MDH Ijroqoʻmi, Islom hamkorlik tashkiloti va Butunjahon saylov organlari uyushmasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning va xorijiy davlatlarning missiyalari ham kuzatib boradi.

 

- Kuzatuvchilik mandati kuzatuvchiga qanday huquqlar berilib, qanday majburiyatlar yuklanadi?

 

- Bunday mandat fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining kuzatuvchisiga koʻplab huquqlar beradi. Jumladan, kuzatuvchi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, tegishli saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida qatnashish huquqiga ega.

 

Kuzatuvchi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga amal qilishi shart.

 

- Joriy yilda mamlakatimizda xotin-qizlarning manfaatlarini, huquqlarini, jumladan, saylovga oid huquqlarini, manfaatlarini yanada keng va izchil taʼminlashga doir bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

 

Saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish jarayonida ayollarning saylov huquqlarini erkaklar bilan amalda teng taʼminlash masalasiga qanday eʼtibor qaratilmoqda?

 

- Gender tengligi va bagʻrikengligini taʼminlash, xotin-qizlarning davlat va jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini, saylov huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamiyat hayotidagi faolligi va maqom-mavqeyini yanada yuksaltirish Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridandir.

 

Siz nomlarini tilga olgan yangi qonun hujjatlarining qabul qilinishi buning amaldagi yorqin ifodasidir. Davlatimiz xotin-qizlarning jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida erkaklar bilan teng ishtirok etishini, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashni kafolatlaydi.

 

Xalqaro hamjamiyatda keng istifoda etiladigan “gender tenglik” tushunchasi – erkaklar hamda ayollar davlat va jamiyat hayotning barcha sohalari, jumladan, boshqaruv, qarorlar qabul qilish va xavfsizlik kabi sohalarda ham tenglik asosida ishtirok eta olishini nazarda tutadi.

 

Yurtimizda ayollarning saylov huquqlarini taʼminlashga hamisha alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Zero, mamlakatimizda xotin-qiz saylovchilar soni 10 milliondan oshadi. Bu juda muhim va katta koʻrsatkichdir.

 

Joriy yilda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi bilan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish jarayonida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvlar imzolandi. Kelishuvlar ayollarning va yoshlarning, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan yigit-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish, saylovlarda faol ishtirok etishini, ovoz berishini taʼminlashga doir aniq tadbirlar belgilangan.

 

Shu oʻrinda taʼkidlashimiz joizki, bunday kelishuvlar Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston Koʻzi ojizlar jamiyati va Oʻzbekiston Karlar jamiyati bilan ham imzolandi.

 

Maqsad — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlar jarayonida nogironligi boʻlgan shaxslarni birlashtirgan jamiyatlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishdan iborat.

 

Zero, Saylov kodeksining 4-moddasiga muvofiq, fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar, teng saylov huquqqa egadir.

 

Ushbu kodeksning 70-moddasiga eʼtibor bersangiz, ayollarning soni siyosiy partiyadan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida oʻttiz foizini tashkil etishi kerakligi belgilanganiga amin boʻlasiz.

 

Mazkur Kodeksning 91-moddasiga koʻra esa ayollarning soni siyosiy partiyadan koʻrsatilgan mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar umumiy sonining kamida oʻttiz foizini tashkil etishi kerak.

 

Ayni paytda saylovlar jarayonida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlari tomonidan davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov oʻtkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarni tavsiya etish jarayonida ijtimoiy faol xotin-qizlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Boshqacha aytganda, bu yilgi saylovlarda okrug va uchastka saylov komissiyalari rahbarlari va aʼzolari safida ayollarimiz har qachongidan koʻp boʻladi.

 

Mamlakatimiz milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan bu kabi keng koʻlamli va izchil ishlar saylovlarni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora va shaffof oʻtkazish, barcha fuqarolarning saylash va saylanish huquqlarini toʻla va samarali taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Suhbatni Baxtiyor ABDUSATTOROV uyushtirdi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur