SAYLOVCHINING XOHISH-IRODASINI ERKIN IFODA ETISH HUQUQI QONUN BILAN KAFOLATLANGAN

31.01.2023

2629

msk_yangiliklari_in

Umum eʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlarida fuqarolarning saylov huquqlari asosan ikki qismga, faol saylov huquqi va passiv saylov huquqiga boʻlinadi. Faol saylov huquqi – fuqarolarning davlat rahbari va hokimiyatning vakillik organlari saylovida saylovchi sifatida ishtirok etish, yaʼni ovoz berish huquqidir. Passiv saylov huquqi – fuqaroning davlat organlariga (davlat rahbari lavozimiga) saylanish huquqidir. Faol saylov huquqidan farqli oʻlaroq, passiv saylov huquqi fuqarolarga qoʻyiladigan nisbatan yuqori yosh talabi, muayyan mulkka ega boʻlish talabi, mamlakat hududida muayyan muddat oʻtroq yashagan boʻlishi kabi talablar bilan chegaralanishi mumkin.

 

Yuqoridagi taʼrifdan koʻrinib turibdiki, faol saylov huquqiga ega boʻlgan fuqaro saylovchi hisoblanadi. Saylovchi – saylov jarayonining asosiy ishtirokchisi, chunki u Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining boshqa fuqarolari bilan birgalikda Oʻzbekiston xalqini tashkil etadi hamda hokimiyatning birdan-bir manbai hisoblanadi. Ovoz berishda ishtirok etish orqali davlat hokimiyati va mahalliy vakillik organlarini, saylangan mansabdor shaxslarni tegishli hokimiyat vakolati bilan taʼminlaydi.

 

Biz saylovchi deganda, eng avvalo saylov kampaniyasi davrida ovoz berish jarayonida ishtirok etuvchi, yaʼni byulletenga yashirin ravishda ovoz beruvchi shaxsni tasavvur qilamiz. Goʻyoki saylovchi faqat ovoz berish huquqiga ega degan tasavvur mavjud. Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi va boshqa normativ hujjatlarida saylovchining aynan saylov huquqi bilan bogʻliq huquqlari doirasi ancha keng belgilangan. Ularning asosiylari quyidagilardan iborat:

 

- saylov jarayonida ovoz berish, axborot olish va uni tarqatish huquqi;

- nomzod koʻrsatishni qoʻllab-quvvatlash uchun imzo toʻplash yoki imzo varaqasiga imzo qoʻyish orqali nomzodni qoʻllab-quvvatlash huquqi;

- moliyaviy xarajat talab qilmaydigan usullar bilan saylovoldi tashviqotini olib borish huquqi;

- saylov jarayonining boshqa ishtirokchisi (kuzatuvchi, vakolatli vakil, ishonchli vakil, komissiya aʼzosi va ҳ.з.) maqomiga ega boʻlish huquqi;

- saylov uchastkasida, saylovchilarning yagona elektron roʻyxatida shakllantirilgan oʻziga oid maʼlumotlar bilan tanishish huquqi;

- saylov komissiyalarini shakllantirishda ishtirok etish huquqi;

- oʻzining saylov huquqlarini himoya qilish huquqi, oʻziga tegishli saylov huquqlarini kamsituvchi qarorlar yoki harakatlar, shu jumladan ovoz berish natijalari ustidan shikoyat qilish huquqi.

 

Amaldagi milliy saylov qonunchiligiga asosan fuqarolar 18 yoshga toʻlganda faol saylov huquqi vujudga keladi va bu huquq ularning ovoz berishda ishtirok etish imkoniyatiga egaligida ifodalanadi. Fuqaroning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar uning faol saylov huquqini cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga asosan sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Fuqaro oʻzining faol saylov huquqini, qoida tariqasida, uning yashash joyi joylashgan hududda tashkil etilgan saylov uchastkasidagi yashirin ovoz berish xonasida yoki kabinasida amalga oshiradi. Shu bilan birga, agar sogʻligi yoki nogironligi tufayli saylovchi oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etish uchun saylov uchastkasining ovoz berish xonasiga kela olmasa, unga ovoz berish xonasidan (saylov uchastkasidan) tashqarida, yashash joyida ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

 

Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 56-moddasiga muvofiq, ayrim saylovchilar sogʻligʻining holatiga yoki boshqa sabablarga koʻra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi. Tegishli komissiyaning kamida ikki nafar aʼzosi koʻchma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini taʼminlaydi. Bunda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir boʻlishi mumkin.

 

Shuningdek, Saylov kodeksining 10-moddasiga asosan sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, harbiy qismlarda olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin. Bunday hollarda uchastka saylov komissiyalari shu kabi joylarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatini taʼminlaydi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov davrida doimiy yashash joyidan yoki u yerda tashkil etilgan saylov uchastkasi hududidan tashqarida boʻlishi uni ovoz berishda ishtirok etish huquqidan mahrum qilish uchun asos boʻla olmaydi. Bu kabi saylovchilar oʻzlarining doimiy yashash joylaridagi saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish orqali faol saylov huquqidan foydalanishlari mumkin.

 

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi 1066-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq, uchastka saylov komissiyalari aʼzolari saylov uchastkasi hududini uyma-uy aylanib chiqish orqali saylovchilar roʻyxatiga aniqlik kiritadi. Agar saylov uchastkasi hududida vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar (ishlash, oʻqish, xizmat safari, dam olish, mehmondorchilik sababli) boʻlsa hamda ular bilan shaxsan suhbat chogʻida ovoz berish kuni ularning ushbu saylov uchastkasi hududida boʻlishi aniqlansa, ushbu fuqarolar vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olingan yoki olinmaganligidan qatʼiy nazar vaqtincha turar joyi hududidagi saylov uchastkasi saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi. Bunda, uchastka saylov komissiyasi aʼzosi fuqaroning doimiy yashash joyidagi saylov uchastkasiga saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimi orqali xabar yuborib, uni saylovchilar roʻyxatida chiqarish choralarini koʻradi.

 

Shu tariqa, saylovchining ovoz berish kuni qaysi hududda boʻlishidan qatʼiy nazar “bitta saylovchi faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi mumkin”, “bir saylovchi bir ovozga ega” kabi umumeʼtirof etilgan demokratik prinsiplarga qatʼiy amal qilgan holda, fuqaroning faol saylov huquqidan foydalanish imkoniyati taʼminlanadi.

 

Xalqaro saylov standartlariga muvofiq, saylovda ovoz berish yashirin hisoblanadi hamda fuqaroning xohish-irodasini erkin ifoda etishi ustidan har qanday nazorat qilish imkoniyati cheklanishini talab qiladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 7-moddasida ushbu xalqaro demokratik norma toʻliq oʻz aksini topgan. Unga koʻra – saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali taʼminlanadi.

 

Saylov va axborot sohasini tartibga soluvchi milliy qonunlarga muvofiq har bir fuqaro saylov jarayoni toʻgʻrisida axborot olish va tarqatish huquqiga ega. Saylov komissiyalari, davlat hokimiyat organlari, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolarga saylov jarayonlari toʻgʻrisida xolis va haqqoniy axborot berib boradi.

 

Saylov kampaniyasi davrida fuqarolarga taqdim etiladigan axborot- maʼlumotlarning hajmi va mazmuni ularning saylov huquqlaridan samarali foydalanish va saylovda oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etish imkoniyatini taʼminlashi kerak. Nega deganda, saylovlarning haqqoniyligi, qonuniyligi, obyektivligi, legitimligi saylovchilarga saylov jarayoni haqida haqqoniy va xolis, toʻliq va tezkor, begʻaraz axborot taqdim etilishiga bevosita bogʻliq.

 

Saylovchilar shuningdek, Saylov jarayonini boshqarish tizimida Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidan, saylov uchastkalarida shakllantirilgan saylovchilar roʻyxatidan oʻziga oid maʼlumotlar bilan tanishish huquqiga ega.

 

Saylovchilar oʻzlarining yashash, ishlash yoki oʻqish joylarida yigʻilishlar tashkil etish va unda ishtirok qilish orqali oʻz nomzodlarini yoki boshqa saylovchilarning nomzodlarini tegishlicha okrug yoki uchastka saylov komissiyalari aʼzoligiga kiritish uchun taklif berish huquqiga ega.

 

Davlat saylovchilarning saylov huquqlarini himoya qilinishi va amalga oshirilishini kafolatlaydi. Davlat organlari bilan bir qatorda saylov komissiyalari ham saylovchilarning huquqlarini himoya qilish va taʼminlashda koʻmaklashadi. Saylovchilarga oʻzlarining buzilgan huquqlari ustidan shikoyat qilish huquqining berilganligi, ular huquqlari himoya qilinishining muhim kafolati hisoblanadi. Amaldagi qonunlarga asosan saylovchilar oʻzlarining saylov huquqlari buzilgan taqdirda, shu jumladan saylov komissiyalarining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

 

Saylovchilarga nisbatan milliy saylov qonunchiligimizda oʻrnatilgan yagona majburiyat bu – saylov qonunchiligiga amal qilish majburiyatidir. Yuqorida ifoda etilganidek, saylovchining saylovda, ovoz berishda ishtirok etishi bu majburiyat emas, balki huquq sanaladi. Biroq, bu huquqdan samarali foydalanish, oʻz taqdirini davlat, jamiyat, xalq taqdiri bilan bogʻliq holda koʻrish, mamlakatda amalga oshirilayotgan insonparvar, adolatli islohotlarning faol ishtirokchisi boʻlish har bir fuqaroning insoniylik burchidir.

 

Xudoyor MAMATOV,

Markaziy saylov komissiyasi

kotibi, yuridik fanlari doktori, professor

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur