SAYLOV QONUNCHILIGIDAGI YANGILIKLAR – DAVR TAQOZOSI, ZAMON TALABI

18.10.2023

1938

msk_yangiliklari_in

MUNOSABAT

 

“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida mamlakatimiz saylov tizimiga aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimini joriy etish va shu orqali Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini yangi tizim asosida oʻtkazish, bir mandatli saylov okruglari boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan koʻpining (mutlaq koʻpchilik) emas, balki boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq (nisbiy koʻpchilik) ovozini olgan nomzod deputat etib saylangan deb hisoblanishini nazarda tutuvchi muhim va dolzarb yangiliklar taklif etilgan.

 

Amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining  67-moddasida  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik nafar deputatdan iborat ekanligi, 9-moddasida Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun bir yuz ellikta hududiy saylov okrugi tuzilishi hamda har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanishi belgilangan.

 

Ushbu normadan koʻrinib turibdiki, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi toʻligʻicha mojaritar saylov tizimiga muvofiq oʻtkazilgan, yaʼni muqobillik asosida oʻtgan bir mandatli saylov okruglarining har biridan siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlardan bir nafari deputat etib saylangan.

 

Endilikda, Saylov kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga muvofiq, Qonunchilik palatasi deputatlarining 50 foizi, yaʼni 75 nafari odatdagidek mojaritar saylov tizimiga muvofiq bir mandatli saylov okruglaridan saylanishi, qolgan 50 foizi, yaʼni 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida yagona saylov okrugida partiyalar tomonidan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar roʻyxati (partiya roʻyxati) boʻyicha saylanishi taklif etilmoqda.

 

Shunga asosan Saylov kodeksining 9-moddasida – Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun yetmish beshta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuzilishi,  siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanishi, bir mandatli saylov okrugidan Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtadigan saylovda saylov okruglarining har biridan bitta deputat saylanishi belgilanmoqda.

 

Xorijiy davlatlar saylov qonunchiligi va amaliyotiga eʼtibor qaratilsa, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya, Meksika, Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlar parlamentlari aralash saylov tizimi boʻyicha shakllanishini koʻrish mumkin.

 

Amaldagi, Saylov kodeksining 96-moddasiga asosan  saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanishi belgilangan edi. Buning uchun amaliy bir misol keltirib oʻtamiz. Saylov kampaniyasida ishtirok etishiga ijozat berilgan beshta siyosiy partiyaning har biri bir mandatli saylov okrugidan bittadan nomzod koʻrsatgan. Ushbu saylov okrugida besh nafar nomzod muqobillik asosida deputatlikka saylanish uchun raqobatga kirishgan. Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining (ellik foiz +1 yoki undan koʻp) ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblangan. Agarda, mazkur nomzodlarning birortasi ham ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini toʻplay olmagan boʻlsa, ikki nafar eng koʻp ovoz toʻplagan nomzodlar oʻrtasida takroriy ovoz berish oʻtkazilgan.

 

2019-yil 22-dekabrda boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovining birinchi turida 150 ta saylov okruglarining 125 tasida ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan koʻpining ovozini olgan nomzod deputat etib saylangan boʻlsa, 25 ta saylov okrugi boʻyicha nomzodlarning birortasi ham ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan koʻpining ovozini toʻplay olmaganligi sababli, ushbu saylov okruglarining har birida saylovchilarning eng koʻp ovozini toʻplagan ikki nafar nomzod oʻrtasida 2020-yil 5-yanvar kuni takroriy ovoz berish oʻtkazilgan. Eʼtiborli jihati shundaki, takroriy ovoz berish oʻtkazilgan ushbu 25 ta saylov okrugidan 17 tasida raqobatlashgan nomzodlardan, aynan birinchi turda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning nisbatan koʻproq ovozini olgan nomzodlar, ikkinchi turda ham koʻproq ovozga ega boʻlgan va gʻalaba qozongan.

 

Takroriy ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish uchun ushbu 25 ta okrug saylov komissiyasining 259 nafar aʼzosi, 25 ta saylov okrugidagi 1730 ta uchastka saylov komissiyasining 19030 nafar aʼzosi ikki haftalik qoʻshimcha ishga jalb qilingan. Bu jarayonda ushbu saylov okruglaridagi saylovchilar, siyosiy partiyalar, ular tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar, nomzodlarning ishonchli vakillari, vakolatli vakillar, kuzatuvchilar va boshqa bir qator saylov tashkilotchilarining ham ishtiroki inobatga olinsa, sarflangan mehnat resurslari va moliyaviy xarajatlar koʻlami yanada yaqqolroq namoyon boʻladi. Bundan tashqari, xalq deputatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida oʻtkazilgan takroriy ovoz berish jarayonlariga sarflangan mehnat va moliyaviy resurslar ham tahlil qilinsa, bunday sarf-xarajatlarning miqdori yanada yuqori ekanligini koʻrish mumkin. 

 

Saylov kodeksiga taklif etilayotgan normaga muvofiq endilikda bir mandatli saylov okruglari boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovozini (nisbiy koʻpchilik) olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi. Natijada takroriy ovoz berish oʻtkazilishiga hojat qolmaydi. Caylovda ishtirok etgan koʻpchilik saylovchining xohish-irodasi, tanlovi inobatga olinadi. Shuningdek, takroriy ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish uchun sarflanishi mumkin boʻlgan mehnat va moliyaviy resurslar tejalishiga erishiladi.

 

Bunday amaliyot xorijiy davlatlar Parlament deputatlari saylovida keng qoʻllanib kelmoqda. Masalan, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Angliya, Kanada, Hindiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Yaponiya, Rossiya kabi davlatlar saylov tizimida ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning nisbiy yoki oddiy koʻpchiligining ovozini toʻplashga muvaffaq boʻlgan nomzodning deputat etib saylanishini koʻrish mumkin.

 

Amaldagi Saylov kodeksining 70-moddasiga asosan, ayollarning soni siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida oʻttiz foizini tashkil etishi kerakligi belgilangan. Endilikda, Proporsional saylov tizimi boʻyicha siyosiy partiyalar tomonidan partiya roʻyxatiga kiritilgan nomzodlarning kamida oʻttiz foizini ayollar tashkil etishi belgilanmoqda. Bu yerda eʼtiborli jihati shundaki, siyosiy partiyalar roʻyxatidagi nomzodlarning har uch nafardan bittasi aynan ayol kishi boʻlishi kerak. Agarda qonun tashabbuskorlari siyosiy partiyalar roʻyxatidagi nomzodlarning kamida oʻttiz foizi ayollardan iborat boʻlishi kerak degan norma bilan cheklanganida, bu amaliyotda siyosiy partiya roʻyxatining quyi qismiga kiritilgan ayollarning Qonunchilik palatasi deputati etib saylanish imkoniyatini cheklashi mumkin edi. Qonun tashabbuskorlari “partiya roʻyxatidagi ketma-ketlikda kamida har uchta nomzodning bir nafari ayol kishi boʻlishi lozim” degan normani kiritish orqali, yuqoridagi cheklovni bartaraf etishning eng maqbul usulini taklif qilgan. 

 

Saylov kodeksida partiya roʻyxatiga kiritiladigan nomzodlar roʻyxatini shakllantirishda ayollar uchun kamida oʻttiz foizlik kvotaning belgilanishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlar uchun qoʻshimcha sharoit va imkoniyatlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar maqsadiga toʻla mos keladi.

 

Albaniya, Belgiya, Gretsiya, Gruziya, Irlandiya, Italiya, Qozogʻiston, Moldova, Mongoliya, Portugaliya va Fransiya kabi xorijiy davlatlar saylov qonunchiligida ham xotin-qizlar uchun deputatlik roʻyxatlarini shakllantirishda muayyan kvotalar belgilanganligi koʻrish mumkin.

 

Saylov kodeksining 96-moddasiga taklif etilayotgan qoʻshimcha normaga muvofiq, Qonunchilik palatasiga saylovda yagona saylov okrugi boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan siyosiy partiyalar belgilangan tartibda mandatga ega boʻladi. Agarda, siyosiy partiya ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini toʻplay olmasa, yagona saylov okrugi boʻyicha yoki proporsional saylov tizimi boʻyicha ushbu siyosiy partiyaga Qonunchilik palatasidagi deputatlik oʻrinlari taqsimlanmaydi.

 

Ushbu normadan koʻrinib turibdiki, proporsional saylov tizimining joriy etilishi, siyosiy partiyalarning saylovchilar oldidagi masʼuliyatini kamida ikki hissa orttiradi. Yaʼni, birinchidan, har bir siyosiy partiya mamlakat butun hududi boʻylab tuziladigan Qonunchilik palatasining yetmish beshta bir mandatli okruglari boʻyicha mojaritar saylov tizimi boʻyicha oʻtkaziladigan saylovlarda imkon qadar koʻproq deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritish uchun raqobatga kirishadi. Bunda saylovchilar bevosita nomzodga ovoz beradilar. Ikkinchidan, proporsional tizim boʻyicha oʻtkaziladigan saylovda Qonunchilik palatasining qolgan yetmish beshta deputatlik oʻrni uchun ham raqobatga kirishadilar. Bunda saylovchilar bevosita nomzodga emas, balki deputatlikka nomzodlarning roʻyxatini taqdim etgan siyosiy partiyaga ovoz beradi. Yuqorida qayd etilganidek, oʻz navbatida ushbu saylovda ishtirok etgan saylovchilarning yetti foizi va undan koʻproq ovozni toʻplagan siyosiy partiyalar, oʻzlari toʻplagan ovozlar foiziga mutanosib ravishda deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritadilar.

 

Proporsional saylov tizimi asosida oʻtkaziladigan saylovda siyosiy partiya Parlamentda deputatlik oʻrnini qoʻlga kiritishi uchun yetti foizlik toʻsiq yoki baryerning belgilanishi, xorijiy davlatlar amaliyotida samarali qoʻllanib kelinayotgan boʻlib, bunday tizimdagi saylovda imkon qadar koʻproq deputatlik oʻrinlarini egallashga harakat qilayotgan siyosiy partiya aholi bilan munosabatlarini taʼsirchan va natijador boʻlishiga harakat qilishi lozim. Partiya oʻz dasturi orqali xalqni ishontira olsagina muayyan ovozga ega boʻladi. Bu esa Qonunchilik palatasini shakllantirishning yangi zamonaviy tizimini yaratadi hamda jamiyatimizda siyosiy plyuralizm rivojlanishi taʼminlaydi.

 

Albatta, siyosiy partiyalar oʻrtasida siyosiy raqobatning ortishi, saylovchilar oldida siyosiy partiyalar masʼuliyatining oshishiga, shu bilan birga jamiyatda siyosiy ong va siyosiy madaniyatning yuksalishiga hamda aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

 

Xudoyor Mamatov,

Markaziy saylov komissiyasining kotibi,

Yuridik fanlar doktori, professor. 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur