SAYLOV QONUNCHILIGIDAGI YANGILIKLAR: AYBSIZLIK PREZUMPSIYASI. OZODLIKDAN MAHRUM ETILGANLARNING SAYLOVDAGI ISHTIROKI

25.01.2023

3805

msk_yangiliklari_in

Mamlakatimiz sud-huquq sohasida izchillik bilan amalga oshirilayotgan jadal islohotlar berayotgan yuksak samaralar xalqimizning huquq va erkinliklarini taʼminlash va yanada kengaytirishga qaratilgan hayotiy qonunlar qabul qilinayotganida ham oʻz inʼikosini topmoqda. Barcha sohalarda boʻlgani kabi, saylov qonunchiligining ham liberallashtirilayotgani, oʻz navbatida, saylovlarni ochiq-oshkora, shaffof, demokratik va umumeʼtirof etgan prinsiplar asosida oʻtkazishga xizmat qiladi.

 

Mamlakatimiz sud-huquq sohasida izchillik bilan amalga oshirilayotgan jadal islohotlar berayotgan yuksak samaralar xalqimizning huquq va erkinliklarini taʼminlash va yanada kengaytirishga qaratilgan hayotiy qonunlar qabul qilinayotganida ham oʻz inʼikosini topmoqda. Barcha sohalarda boʻlgani kabi, saylov qonunchiligining ham liberallashtirilayotgani, oʻz navbatida, saylovlarni ochiq-oshkora, shaffof, demokratik va umumeʼtirof etgan prinsiplar asosida oʻtkazishga xizmat qiladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2019-yil 22-dekabrning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylov kuni deb eʼlon qilinishi, 20-sentyabrdan saylov kampaniyasiga start berilishi, nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro jamoatchilikning ham eʼtiborini tortgan voqea boʻldi. Markazi saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi ish boshladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan mazkur markazda ilk matbuot anjumani oʻtkazildi. Mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Mirzo -Ulugʻbek Abdusalomov jurnalistlarning barcha savollariga batafsil javob berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shu yil 25-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksini amaliyotga joriy etishga oid qonunning imzolanishi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotidagi ulkan voqea boʻlgan alohida taʼkidlandi.

 

Kutilganidek, jurnalistlarning savollari asosan saylov qonunchiligidagi yangiliklar haqida boʻldi. Loyihasi keng jamoatchilik va xalqaro ekspertlar tomonidan batafsil, jumladan, yirik xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda muhokamadan oʻtkazilib, Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan Saylov kodeksidan oʻrin olgan yangi normalar va imkoniyatlar koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy. Qamoqda saqlanayotgan shaxslarning saylovlardagi ishtiroki — ana shunday muhim yangiliklardandir.

 

Ayni paytda, bu yilgi saylovlarda, mamlakatimiz tarixida birinchi marta, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar ham ishtirok etadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mazkur normani hayotga tatbiq etish uchun huquqshunos olimlar, amaliyotchilar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda “Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” ishlab chiqildi va qabul qilindi.

 

Nizomda Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov oʻtkazishda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkasini tuzish, uchastka saylov komissiyalarini shakllantirish va ovoz berishni tashkil etish tartibi belgilandi.

 

Qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan shuningdek, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi.

 

Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanilgan:

ushlab turilgan – jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha ozodlikdan mahrum etish joyi hisoblanmagan xizmat binolarida yoki vaqtincha saqlash hibsxonasi kamerasida ushlab turilgan shaxs;

qamoqqa olingan – Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi;

qamoqda saqlash – jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan shaxslarni yoxud qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan shaxslarni tergov hibsxonalarida saqlash;

ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar – qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar;

ogʻir jinoyatlar – qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin oʻn yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar;

oʻta ogʻir jinoyatlar – qasddan sodir etilib, qonunda oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoxud umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar;

manzil-koloniyasi – jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadigan jazoni ijro etish muassasasi.

 

Saylov kuni 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir. Qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, shuningdek, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar ovoz berish huquqiga egadirlar. Ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi.

 

Mazkur Nizomning amaliyotga tatbiq etilishi mamlakatimizda sud-huquq sohasidagi islohotlar berayotgan yuksak samaralarning hayotdagi yana bir ifodasi boʻladi.

 

Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, shuningdek, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar ham mamlakatimiz tarixida birinchi marta ovoz berish huquqiga ega boʻldilar. Zero, bunday shaxslar faqat ozodlikdan mahrum etilgan, ularning saylov huquqini hech kim cheklab qoʻygani yoʻq.

 

Bahodirjon YUNUSOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur