PREZIDENTLIKKA NOMZODGA QUYILADIGAN TALABLAR: O‘ZBEKISTONNING MILLIY SAYLOV QONUNCHILIGI VA XALQARO STANDARTLAR

20.03.2023

8852

msk_yangiliklari_in

Mamlakatimizda davlat va jamiyatni modernizatsiya qilishga yoʻnaltirilgan tub islohotlarning ustuvor vazifalari va asosiy yoʻnalishlaridan biri – inson huquqlarini har tomonlama va keng taʼminlashdan iborat.

 

Amalga oshirilayotgan tizimli va dadil islohotlar samarasida milliy saylov qonunchiligi va amaliyoti demokratik talablar va umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga uygʻunlashtirilib, fuqarolar oʻz xohish-irodasini yanada faolroq va erkinroq ifoda etishi uchun kafolatlar kengaytirilmoqda.

 

Soʻnggi besh yilda erkin va adolatli saylovlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlash, takomillashtirish va rivojlantirish borasida ulkan amaliy tajriba toʻplandi. Bu Prezident saylovi bilan bogʻliq qonunchilik normalari va talablarida ham oʻzining yorqin ifodasini topgan.

 

Xalqaro talablar va milliy qonunchilik

 

Konstitutsiyamizning 1-moddasiga asosan Oʻzbekiston — suveren demokratik respublika. Demokratik respublikada davlat hokimiyati organlari, xususan, Prezident davriylik asosida oʻtkaziladigan saylovlarda muayyan muddatga saylanadi.

 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasida, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning 25-moddasida davriylik prinsipi asosda saylovlar oʻtkazish, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Insoniylik mezonlari boʻyicha konferensiyasining Kopengagen kengashi hujjatining 7.1, 7.7-бандларига asosan xalq irodasi davlat hokimiyatining asosi boʻlib xizmat qilishi uchun ishtirok etuvchi davlatlar qonunda belgilanganidek oqilona vaqt oraligʻida erkin saylov oʻtkazishi belgilangan. Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan Saylovlarga oid yoʻl yoʻriq tamoyillarda ham saylovlar davriylik prinsipi asosda muntazam oʻtkazilishiga oid tamoyil belgilangan. Yaʼni oqilona vaqt oraligʻida saylov oʻtkazish — demokratiyaning muhim belgisi.

 

Shu maʼnoda, mamlakatimizda ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti besh yil muddatga saylanadi. Ushbu besh yillik muddat jahondagi umumiy tendensiyaga mos boʻlib, BMTga aʼzo 193 mamlakatdan 95 tasida davlat rahbarlari 5-yil muddatga saylanadi. Fransiya, Germaniya, Vengriya, Gretsiya, Hindiston, Slovakiya, Sloveniya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarni bunga misol keltirish mumkin.

 

Milliy qonunchiligimizda Prezidentlikka nomzodlarga qoʻyiladigan talablar jahon standartlariga toʻla mos. Saylovlarga oid yoʻl yoʻriq tamoyillarda umumiy saylov huquqi muayyan shart-sharoitlarga koʻra cheklanishi mumkinligi qayd etiladi. Bunday cheklovlar sifatida yosh, fuqarolik, mamlakat hududida muayyan vaqt yashash muddati (oʻtroqlik), jiddiy huquqbuzarlik uchun hukm qilinganlik kabilar koʻrsatib oʻtilgan.

 

Konstitutsiyaviy qurilishning xalqaro amaliyotida davlat rahbarining vakolat muddatini cheklash instituti mavjud.

 

Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Prezident boʻlishi mumkin emasligiga oid qoida birinchi marta dunyo konstitutsionalizmida AQSH Konstitutsiyasiga yigirma ikkinchi tuzatish bilan 1947-yil 21-martda kiritilgan.

 

Jahonda davlat rahbarlari vakolat muddatlarini cheklashning besh turi boʻlib, ular:

 

umuman cheklovning yoʻqligi: Ozarbayjon, Belarus, Boliviya, Islandiya, Italiya, Kipr, Kosta-Rika (cheklovchi qoidalar yoʻq), Venesuela (cheksiz qayta saylanish uchun maxsus ruxsat beruvchi qoidalar mavjud);

 

uzluksiz muddatlarni cheklash (maksimal muddatni oʻrnatmasdan): Peru, San-Marino, Urugvay, Chili, Shveysariya;

 

muayyan muddatni oʻrnatish (ikki muddat): Albaniya, Jazoir, Vengriya, Gretsiya, Irlandiya, Kosovo, Makedoniya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Serbiya, Tunis, Turkiya, AQSH, Xorvatiya, Chernogoriya, Janubiy Afrika;

 

muayyan uzluksiz muddatni belgilash (ikki muddat): Avstriya, Argentina, Armaniston, Bolgariya, Bosniya va Gersegovina, Braziliya, Germaniya, Gruziya, Isroil, Qozogʻiston, Latviya, Litva, Moldova, Rossiya, Slovakiya, Sloveniya, Ukraina, Finlyandiya, Fransiya, Chexiya, Estoniya;

 

qayta saylanishning toʻliq taqiqlanishi: Janubiy Koreya, Malta, Meksika.

 

Oʻzbekiston qonunchiligida qayd etilgan uzluksiz muddatlarni belgilash (ikki muddat) turi mustahkamlangan.

 

Demokratik institutlarga asoslangan bu qoida mafkuralar va fikrlar xilma -xilligini, siyosiy plyuralizmni, hokimiyatni suiisteʼmol qilishning oldini olish, oʻzaro tiyib turish va muvozanat tizimining samarali ishlashini, davlat hokimiyati tuzilmalarining vakolatlari muvozanatini va nihoyat, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlashning muhim konstitutsiyaviy kafolati hisoblanadi.

 

Siyosiy-huquqiy adabiyotlarda saylanish huquqi passiv saylov huquqi deb nomlanadi. Saylov kodeksining 61-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzodlar – passiv saylov huquqi talabgorlari quyidagi toʻrt talabga javob berishlari shart:

 

birinchidan, oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmasligi (yosh senzi);

ikkinchidan, davlat tilini yaxshi bilishi (til senzi);

uchinchidan, bevosita saylovgacha kamida oʻn yil Oʻzbekiston hududida muqim yashayotgan boʻlishi (oʻtroqlik senzi);

toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi (fuqarolik senzi).

Konstitutsiyada nomzodlarga bunday talablarning qoʻyilishi bejiz emas, albatta.

 

Masalan, Saylov kodeksining 4-moddasida mustahkamlangan umumiy saylov huquqining muhim prinsipi — nomzod oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmasligi talabidir. Yaʼni, saylov kuni oʻttiz besh yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi prezident lavozimiga saylanish huquqiga ega. Aynan mana shu yoshda inson aniq fuqarolik va siyosiy pozitsiyalarga, zarur hayotiy tajribaga, jamiyatda maʼlum eʼtiborga va obroʻga ega boʻlgan shaxs sifatida har tomonlama shakllanadi.

 

Xorijiy mamlakatlar qonunlarida Prezidentlikka saylanuvchilarning yoshi turlicha: Kolumbiyada 30 yoshdan, Avstriya, AQSH, Braziliya, Meksika, Chili, Kipr, Indoneziya, Islandiya, Hindiston, Polsha, Rossiya, Portugaliyada 35 yoshdan, Armaniston, Chexiya, Estoniya, Germaniya, Iroq, Moldova, Pokiston, Janubiy Koreya, Filippinda 40 yoshdan, Italiyada esa 50 yoshdan etib belgilangan.

 

Til bilgan – el biladi

 

Konstitutsiyamizga muvofiq fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar, teng saylov huquqiga egadir.

 

Shu bilan birga, prezidentlikka nomzod davlat tilini yaxshi bilishi talabi belgilangan. Va bu toʻla asoslangan chinakam demokratik talab. Maʼlumki, davlat tili jamiyat va millatning asosiy ramzi hisoblanadi. Prezidentlikka nomzod oʻz mamlakati fuqarolarining dunyoqarashini, tafakkurini, xalqining orzu-umidlarini yaxshi anglaydigan va bunday intilishlarni davlat faoliyatida amalga oshira oladigan shaxs boʻlishi kerak.

 

Shu bois Prezident boʻladigan shaxs xalq bilan erkin muloqot qila olishi, oʻz fikrini aholiga tushunarli tilda bayon etishi, davlat tilida yozilgan hujjatlar bilan mustaqil ishlash imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.

 

Nomzodlarga tilni bilish boʻyicha talab MDHga aʼzo oltita davlat (Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina) konstitutsiyalarida qayd etilgan.

 

Xalq bilan hamnafaslik

 

Oʻtroqlik senzi haqida. Maʼlumki, Konstitutsiya va Saylov kodeksida shunday talab qoʻyilganki, unga koʻra, bevosita saylovgacha kamida 10-yil respublika hududida muqim yashagan Oʻzbekiston fuqarosi prezidentlikka nomzod boʻlishi мумкин.Нега aynan kamida oʻn yil degan savolga javob shuki, eng avvalo, mamlakat prezidenti taqdiri va hayoti oʻz xalqining taqdiri va hayoti bilan uzviy bogʻliq boʻlgan shaxs boʻlishi lozim. Oʻn yil – bu bir odam uchun xalq bilan hamnafas yashashi, mamlakat va uning mintaqalarining ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlanishining ahvoli va istiqbollarini yaxshi bilishi uchun yetarli davr. Qolaversa, 10-yil — bu saylovchilar uchun nomzod bilan yaqindan tanishish va uning amaliy ishlari asosida erkin tanlov qila olish uchun zarur davr. Shuni ham aytish kerakki, 10-yillik oʻtroqlik senzi — bu koʻplab demokratik mamlakatlarning saylov amaliyotida eng koʻp qoʻllaniladigan muddat hisoblanadi.

 

AQSH Konstitutsiyasiga binoan, prezidentlik saylovi paytida, AQSH Prezidenti lavozimiga nomzod 35 yoshda yoki undan katta, AQSHda tugʻilgan hamda u yerda soʻnggi 14-yil ichida doimiy yashagan boʻlishi shart.

 

Davlat ishi va siyosiy huquqlar

 

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi kerak degan talabga toʻxtalib oʻtsak. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga muvofiq jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga faqat Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari ega. Bu borada faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ham faol huquqqa, yaʼni saylash huquqiga, ham passiv huquqiga, yaʼni saylanish huquqiga ega.

 

“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik shaxsning davlat bilan oʻzaro huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi yigʻindisida ifodalanadigan hamda inson qadr-qimmati, asosiy huquqlari va erkinliklarini eʼtirof etish hamda hurmat qilishga asoslanadigan doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi.

 

Ayrim mamlakat­larda faqat tugʻilish orqali fuqarolikka ega boʻlgan shaxslargina Prezident boʻlib saylanishi mumkin. AQSH, Kolumbiya, Moʻgʻuliston, Filippin, Finlyandiya shunday mamlakatlar sirasidan. Bu mamlakatlarda fuqarolikka keyinchalik ega boʻlganlar Prezidentlikka saylanish huquqiga ega emaslar.

 

Maʼnaviy-huquqiy talab

 

Shuningdek, Saylov kodeksining 61-moddasiga muvofiq qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib roʻyxatga olinmaydilar.

 

Xalqaro huquq amaliyotida bu qoidaga, birinchi navbatda, maʼnaviy-huquqiy talab sifatida qaraladi. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimi gʻoyat yuksak maqomga ega. Bu shaxs yurt taqdiri, shu mamlakatda hayot kechirayotgan millionlab odamlarning farovon hayoti uchun masʼuldir. Shuning uchun nomzod munosib xulq-atvori, intizomi, masʼuliyati, oddiy hayotda ham, kundalik hayotda ham, davlat faoliyatida ham qonunga boʻysunishda barchaga namuna boʻlishi kerak.

 

Shuni taʼkidlashni istardimki, bu talab xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va tamoyillariga, demokratik mamlakatlarning saylov amaliyotiga toʻliq javob beradi.

 

Davlat rahbarining umumiy va toʻgʻridan — toʻgʻri saylovi koʻzda tutilgan Avstriya, Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Kipr, Moldova, Turkiya, Tojikiston kabi mamlakatlarda konstitutsiyalar va qonun hujjatlarida jinoyat sodir etganlik, shu jumladan ogʻir, oʻta ogʻir yoki harbiy jinoyatlar uchun hukm qilinganlarning, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslarning saylanish huquqini cheklash belgilangan.

 

Mamlakat konstitutsiyaviy qonunchiligida prezidentlikka nomzodga nisbatan boshqa talablar ham bor

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 61-moddasiga koʻra, diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan, shu sababli diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari nomzod etib roʻyxatga olinmaydi. Shuningdek, davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmagani kabi diniy tashkilotlar va ularning xizmatchilari ham davlat siyosatiga aralashmaydi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining dinga eʼtiqod qilish, ibodat, rasm-rusumlar va marosimlarni birgalikda ado etish maqsadida tuzilgan koʻngilli birlashmalari (diniy jamiyatlar, diniy oʻquv yurtlari, masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar va boshqalar) diniy tashkilotlar deb eʼtirof etiladi.

 

Diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari — diniy tashkilotlarda mehnat shartnomalari (kontraktlari) boʻyicha ishlayotgan fuqarolardir. Ular oʻz xizmat vazifasiga koʻra ibodat, rasm-rusumlar va marosimlarni ado etish bilan maxsus shugʻullanadilar. Bunday shaxslarning nomzod etib roʻyxatga olinmasligi ular egallab turgan kasbning oʻziga xosligidan kelib chiqadi.

 

Bundan diniy xizmatchilarning huquqlari buzilgan deb hisoblamaslik kerak. Chunki shaxs agar prezidentlikka saylanmoqchi boʻlsa, egallab turgan lavozimidan boʻshashi lozim va shundan keyin nomzod etib roʻyxatga olinishi mumkin.

 

Taʼkidlash joizki, shunga oʻxshash va boshqa bir qator cheklovli talablar boshqa demokratik mamlakatlar qonunchiligida ham mavjud.

 

Masalan, nomzod ikki fuqarolikka ega boʻlmasligi va shu bilan boshqa davlat oldidagi siyosiy majburiyatlari boʻlmasligi belgilanmoqda.

 

Baʼzi arab davlatlarida nomzodlarga kelib chiqishi ham shu davlatdan boʻlishi, nomzodning ota-onasi ham shu yurtda tugʻilgan boʻlishi, turmush oʻrtogʻi ham shu davlat fuqarosi boʻlishi, mamlakat hayotidagi u yoki bu muhim voqeada qatnashganligini hujjatlar bilan tasdiqlashi, koʻchar va koʻchmas mol-mulki haqidagi deklaratsiyasini taqdim etishi, feʼl-atvori yaxshi boʻlishi, muayyan dinga eʼtiqod qilishiga oid talablar belgilangan.

 

Moʻgʻulistonda prezidentlik saylovi paytida nomzodning katta qarzi boʻlmasligi kerak, shu jumladan, kredit va soliq qarzlari daromadidan oshib ketmasligi kerak (sud qarori bilan belgilanadi). Shu bilan birga, Ruminiyada konstitutsiya va saylov qonunchiligi prezident saylovida ishtirok etish uchun boshqa cheklovlarni ham belgilab qoʻygan: siyosiy partiyalarga aʼzo boʻlishi taqiqlangan shaxslar prezident saylovida ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.

 

Bundan tashqari, Turkiyada davlat rahbari lavozimiga sudyalar, davlat xizmatchilari va qurolli kuchlar vakillari saylana olmaydilar. Saylovda ishtirok etish uchun ular oʻz lavozimlarini tark etishlari lozim. Meksikada esa prezidentlikka nomzod saylovdan kamida 6 oy avval davlat kotibi yoki uning oʻrinbosari, bosh prokuror, gubernator sifatida faoliyat olib bormagan boʻlishi kerak.

 

Xulosa oʻrnida shuni qayd qilish lozimki, yurtimizda saylov qonunchiligi va amaliyoti, jumladan, prezidentlikka nomzodlarga qonun yoʻli bilan qoʻyilgan talablarning barchasi umum eʼtirof etilgan demokratik mezonlar va standartlarga toʻla javob beradi.

 

Gulnoza RAHIMOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining

doimiy aʼzosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur