Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

PREZIDENT SAYLOVI: KELAJAKKA BUYUK ISHONCH BILAN

22.07.2023

334

msk_yangiliklari_in

Zayniddin NIZOMXODJAYEV,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi raisi,

O‘zbekiston Qahramoni

 

PREZIDENT SAYLOVI: KELAJAKKA BUYUK ISHONCH BILAN

 

Mamlakatimizda joriy yilning 9-iyul, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlar yakuniga yetmoqda.

Mamlakatimiz fuqarolari o‘z Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, erkin ovoz berishlari uchun saylov uchastkalarida barcha sharoitlar yaratildi. 10 ming 784 saylov uchastkasi, jumladan, o‘ttiz to‘qqizta xorijiy davlatda tuzilgan 56 saylov uchastkasi ovoz berish uchun tayyorlab qo‘yildi. 19 million 593 ming 838 nafar saylovchi ro‘yxatga olindi.

 

Ulkan o‘zgarishlar

 

Maʼlumki, 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berishi orqali qabul qilindi.

Referendum keyingi yillarda xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi naqadar yuksalganini amalda ko‘rsatdi. Ushbu tarixiy tanlov orqali xalqimiz Konstitutsiyaviy islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi. El-yurtimizning ana shunday azmu qarori asosida milliy davlatchiligimiz va iqtisodiyotimizni bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratildi.

Konstitutsiyaviy islohotlar samarasida xalqimiz va mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yanada yuksalish davriga qadam qo‘ydi.

Mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasi fuqarolarning saylash va saylanish huquqini yanada keng va to‘la taʼminlash hamda milliy saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi moddalar bilan boyitildi. 

Bu yilgi saylov birinchi marta mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasi asosida o‘tadi va Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasiga aylanadi.

Yangilangan Konstitutsiyaning talablaridan kelib chiqib, 2023-yilning 6-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga saylov qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan bir qator, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi muddatidan ilgari o‘tkazilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Taʼkidlash joizki, ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalarga binoan, saylov qonunchiligining takomillashtirilishi fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq taʼminlashda muhim omil bo‘ladi.

Yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlashga haqli.

Shunga asosan, 8-may kuni davlatimiz rahbarining “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmon bilan 2023-yil 9-iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 66-moddasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov Saylov kodeksiga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.

Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Saylovga tayyorgarlik milliy qonunchilikda nazarda tutilgan tashkiliy ishlardan boshlanadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2023-yil 10-maydan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasiga start berildi. Shu tariqa, mamlakatimizda Prezident sayloviga erkin va adolatli, ochiq va oshkora tayyorgarlik ishlari boshlandi.

Prezident saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha ishlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari, shuningdek Kalendar rejaga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlarning tartibi, bosqichlari va muddatlari haqidagi xolis axborotlarni saylovchilar va siyosiy partiyalarga belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazish taʼminlanmoqda.

 

Xalqaro talablar va takomil

 

Saylovni tashkil etish va o‘tkazish - o‘ta masʼuliyatli jarayon, ko‘pning ko‘magi bilan bitadigan va muayyan vaqt talab qiladigan, serzaxmat ish. Ovoz berishni tashkil etish jarayonida saylov okruglari va uchastkalarida yuz mingdan ziyod odam ish olib boradi.

Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 13-maydagi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi o‘n to‘rtta saylov okrugi tuzildi.

Raqamlarga eʼtibor berilsa, okrug saylov komissiyalari tarkibidagi jami 266 nafar aʼzodan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega shaxslar 95 foizni tashkil etganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda saylovlar jarayonida gender tenglikni taʼminlash doimiy eʼtibordagi muhim masalalardan. Okrug komissiyalari aʼzolarining 110 nafari, yaʼni 41 foizi - ayollar. Shuningdek, okrug komissiyalari rahbarlik lavozimlarida ayollar 38 foizni tashkil etmoqda. Bitta okrug komissiyasiga esa ayol kishi raislik qilmoqda.

Okrug saylov komissiyalari tarkibiga turli kasb egalari – o‘z sohasining yetuk mutaxassislari, tajribali huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, jurnalistlar, shifokorlar, muhandislar jalb etilgan. Aʼzolarning deyarli barchasi oliy maʼlumotli mutaxassislar ekani komissiyalarning ish sifati va masʼuliyatini yanada oshirganini taʼkidlash joiz.

Saylovning qanday o‘tishi ko‘plab jihatlarga, ayniqsa, uchastka saylov komissiyasi faoliyatiga bevosita bog‘liq. Taʼbir joyiz bo‘lsa, uchastka saylov komissiyasi – saylov jarayonidagi eng muhim bo‘g‘in. Negaki, saylovchilar, qolaversa, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari – hamma aynan saylov uchastkasining faoliyati qanday yo‘lga qo‘yilganiga qarab siyosiy tadbirga baho beradi. Uchastkada saylovchilar ovoz beradi, saylov byulletenlari sanab chiqiladi. Saylovga oid qonunlarning samaralari shu yerda yuzaga chiqadi, majud muammolar shu yerda aks etadi. 

 Shu bois Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonida saylov komissiyalari tizimining eng quyi bo‘g‘inda ish olib boradigan mutaxassislarning milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standarlaridan yaxshi xabardor bo‘lishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Biz, yaʼni Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari barcha saylov okruglari va ularning tarkibidagi ko‘plab saylov uchastkalarida bo‘lib, saylovga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan shaxsan tanishib, zarur maslahat va yordamlar berish jarayonida bunga yana bir bor ishonch hosil qildik.

Bulardan tashqari, Komissiyamizning majlislarida barcha okrug saylov komissiyalari raislarining amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha batafsil axborotlari tinglandi va muhokama qilindi. Eʼtibordan chetda qolgan masalalar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar darhol bartaraf etib borildi.

Ana shunday tizimli ishlar samarasida saylov uchastkalarida saylovchilar zarur axborotlarni olishi, erkin ovoz berishi uchun saylov qonunchiligida qatʼiy belgilab qo‘yilgan barcha sharoitlar yaratildi. 

Prezident saylovini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan  uchastka saylov komissiyalari tarkibida faoliyat yuritayotgan aʼzolarning sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilinsa, milliy saylov tizimida izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik o‘zgarishlar berayotgan yuksak samaralarni ko‘rish mumkin.

Bu, avvalo, jami 108 399 nafar aʼzoni birlashtirgan uchastka saylov komissiyalarining safida ayollarning ilgargi saylovlardagidan sezilarli darajada ko‘pligida ko‘rinadi. Agar, 2019-yilda o‘tgan parlament saylovida uchastka saylov komissiyalari tarkibida 54,4 mingga yaqin ayol faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yildagi Prezident saylovida ular qariyb ikki yarim ming nafar ko‘p.

Mazkur komissiyalar raislarining 3827 nafari, rais o‘rinbosarlarining 4199 nafari, kotiblarining esa 5745 nafari xotin-qizlardir. Uchastka saylov komissiyalari tarkibida 1856 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro ish olib bormoqda. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar esa aʼzolarning 19 foizini tashkil etadi.

Ushbu ko‘rsatkichlar saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug va uchastka saylov komissiyalarining tarkibiga qo‘yiladigan yuksak xalqaro talablarga to‘la mosdir.

 

“Bir saylovchi - bir ovoz”

 

Bunday yuksak talablarga mos natijaga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lmasligi ayon. Shu bois Markaziy saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlikni Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlashdan boshlagani bejiz emas.

Joriy yilning 19-may kuni qabul qilingan ushbu hujjatda belgilangan vazifalarning ijrosini tizimli va sifatli taʼminlashda Markaziy saylov komissiyasi hamda Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etganligini alohida taʼkidlash o‘rinli.

Barcha darajadagi saylov komissiyalari aʼzolarini saylov qonunchiligidagi yangiliklar, saylovlarga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar uch bosqichda amalga oshirildi. Treninglarda zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanilgani kutilgan samaralarni berdi.

 Yuqoridan quyiga qarab kengayib, takomillashib boradigan va interfaol usullar ustuvorlik kasb etgan mashg‘ulotlar jarayonida mamlakatimiz bo‘yicha 112 mingdan ortiq saylov tashkilotchisi malaka oshirdi. Bilim va amaliy ko‘nikmasi test usulida sinovdan o‘tkazilganida, tinglovchilarning 95 foizdan ortig‘i yuqori ballarni oldi. 

 

Faqat ovoz berish yashirin

 

Saylov demokratiya ko‘zgusi degan gap bejiz ommalashmagan. Negaki, har qanday mamlakatda ochiqlik, oshkoralik, so‘z erkinligi, saylash va saylanish huquqiga oid umumeʼtirof etilgan ko‘plab demokratik tamoyillarning amalda nechog‘lik taʼminlangani aynan saylovlar jarayonida namoyon bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyatining asosiy prinsiplaridandir.

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini 800 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchi kuzatib boradi. Ular orasida Yevropada xavfsizlik hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilliy davlatlar hamkorlik kengashi, Turkiy kengash Parlament assambleyasi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo assambleyasi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarning missiyalaridan va dunyoning 47 davlatidan tashrif buyurgan kuzatuvchilar bor.

Ayni paytda, Prezidentlikka nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqari organlaridan 54 ming nafarga yaqin kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1300 nafarga yaqin vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Saylov uchastkalarini ovoz berishga hozirlash jarayonida kuzatuvchilar va jurnalistlar uchun maxsus joy ajaratilishiga alohida eʼtibor qaratildi. Kuzatuvchilar ovoz berish jarayoninin bemalol kuzatishlari, OAV vakillari bu jarayonni hech qanday to‘siqsiz yoritib borishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Markaziy saylov komissiyasining saylovga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq barcha majlislari ijtimoiy tarmoqlar orqali surdo tarjimasi bilan jonli efirga uzatib borildi. Saylov kunini eslatuvchi SMS xabarlari fuqarolarning mobil telefonlariga yuborilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining xorijga ketayotgan fuqarolari uchun saylov kuni xorijda ovoz berish tartibini tushuntiruvchi flayerlar, saylovga chorlovchi plakatlar, saylovda ishtirok etuvchi fuqarolar uchun taklifnomalar tayyorlandi va belgilangan tartibda tarqatildi.

Raqamli texnologiyalarning O‘zbekiston milliy saylov tizimiga keng joriy etilayotgani ham Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlashda keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Maʼlumki, 2019-yilgi parlament saylovida ilk bor oltmishta saylov uchastkasiga jami 120 videokuzatuv uskunalari o‘rnatilgan edi. 

Joriy yilgi saylov kuni uch baravar ko‘p – barcha tuman va shaharlardagi ikkitadan saylov uchastkasida ikkitagacha videokuzatuv kamerasi ishlab turadi. Bu ovoz berish jarayonlarini real vaqt rejimida – onlayn videotranslyatsiya qilish imkonini beradi.

Alohida taʼkidlash zarurki, videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan saylov uchastkalari binolarida saylovchilarning yashirin ovoz berish prinsiplariga qatʼiy rioya qilinadi.

Ayni paytda, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi ekranda, “Saylov2023.uz” portalida hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston24” va boshqa telekanallarda ovoz berish jarayonini bevosita kuzatish imkoniyati yaratiladi.

Mazkur yo‘nalishdagi muhim yangiliklardan yana biri: Prezident saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi hududida joylashgan ellikta saylov uchastkasida saylov kuni saylovchi-fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi joriy etilayotganidir.

Matbuot markazida esa O‘zbekiston hududida yashovchi aholi uchun bepul 1200 qisqa raqamli va xorijda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun bepul 55-500-12-00 raqamli tezkor axborot berish markazi ishlab turibdi.

Fuqarolardan, saylov tashkilotchilari-yu, jurnalistlardan tushayotgan barcha murojaatlarga Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari, kotibiyatining masʼul xodimlari, saylov bo‘yicha yetakchi ekspertlar va huquqshunos olimlardan iborat guruh tomonidan o‘z vaqtida malakali javoblar qaytarilmoqda. Murojaatlarning birortasi eʼtibordan chetda qolayotgani yo‘q. Buni shundan ham bilish mumkinki, saylov kampaniyasi boshlanganidan beri fuqarolardan tushgan har bir murojaat Markaziy saylov komissiyasining yig‘ilishlarida peshma-pesh ko‘rib chiqildi. 

Darhaqiqat, saylovda fuqarolarning faqat ovoz berishi yashirin kechadi. Qolgan barcha ishlarda ochiqlik va oshkoralik to‘la taʼminlanmoqda.

Bularning barchasi “Bir saylovchi — bir ovoz” xalqaro saylov tamoyiliga qatʼiy amal qilish imkoniyatini yanada kengaytirish, vatandoshlarimiz o‘zlarining Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, saylovda erkin ovoz berishlari va Prezident saylovini yuksak demokratik talablar asosida o‘tkazishga xizmat qiladi.

 

Ko‘tarinki ruh

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan beshta siyosiy partiyaning murojaatlari ko‘rib chiqilib, ularning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishiga ijozat berildi. Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ro‘yxatga olindi va ular Komissiyamizning saylovga doir barcha tadbirlarida bevosita ishtirok etib kelmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Anvarovna Mahmudova, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olingan.

Saylovda ishtirok etayotgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Prezident saylovida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgan.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlarning bir oy davom etgan saylovoldi tashviqoti, jumladan, saylovchilar bilan uchrashuvlari diqqat bilan kuzatib borildi. Partiyalar vakillari va prezidentlikka nomzodlar ko‘tarinki ro‘hda o‘tgan tadbirlarda asosan saylovchilarga o‘z saylovoldi dasturlarida nazarda tutilgan maqsadlardan kelib chiqib gapirdilar. Bahs-munozara yuritdilar. Jamoatchilik ham ularning saylovoldi tashviqotini qiziqish bilan kuzatib borar ekan, ko‘plab yangi g‘oyalar va tashabbuslar, fikrlar va loyihalardan voqif bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Taʼkidlash joizki, barcha siyosiy partiyalar va nomzodlarga saylovoldi tashviqotini olib borishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko‘ra bir xil efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoit va imkoniyat taʼminlandi. Saylov qonunchiligi bilan o‘rnatilgan tartib va talablarning birorta siyosiy partiya yoki nomzod tomonidan buzilish hollari kuzatilmadi. 

Saylovchilarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlar haqida xabardor qilishga qaratilgan hamda saylovda faol ishtirok etishga chaqiruvchi turli o‘lchamlardagi 691 mingdan ortiq nusxadagi plakatlar o‘zbek, rus va qoraqalpoq, tojik, qozoq, turkman, qirg‘iz tillarida chop etilib, aholi gavjum joylarga joylashtirildi.

Bulardan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga ovoz berishga chaqiruvchi 389 mingga yaqin tashqi reklama vositalarida saylovoldi tashviqoti bannerlari o‘rnatildi.

Bularning barchasi siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari o‘rtasidagi o‘zaro raqobat va kurashni qizitdi. Buni har qadamda - saylovchilar bilan uchrashuvlaru teledebatda, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarda, ijtimoiy tarmoqlarda, siyosiy partiyalarning nashrlari va veb-saytlarida, shuningdek, internet-nashrlarda ko‘rish mumkin edi. Bunday tadbirlar millionlab saylovchilarni qamrab oldi.

Odamlardagi bu qiziqishning, faollikning sababi, avvalo, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarda, muqarrarlik kasb etayotgan erkinlik, ochiqlik va oshkoralikdadir. Xalqimizning Vatanimiz kelajagiga yuksak umid va qatʼiy ishonchida, el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usining yuksalib borayotganidadir.

Bular O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining ko‘ppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillari asosida, xalqaro umumeʼtirof etilgan demokratik standartlarga mos o‘tayotganiga yorqin misollardir.

 

Mehr-eʼtibor

 

Markaziy saylov komissiyasi saylovlarga tayyorgarlik jarayonida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga hamisha jiddiy eʼtibor qaratib keladi.

Bu muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublkasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.

Mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda Prezident saylovini tashkil qilish va o‘tkazishda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning o‘z saylov huquqlaridan teng va to‘sqinliksiz foydalanishini taʼminlash maqsadida, saylov uchastkalari binolarini va ovoz berish xonalarini tanlash va jihozlashda O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligida belgilangan barcha shart-sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.

Nogironligi bo‘lgan fuqarolarning saylov huquqlarini taʼminlashda qo‘shimcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishga doir masala Komissiyamiz majlisida muhokama qilinganida, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati va Nogironlar assotsiatsiyasidan vakillar ishtirok etdi. Dolzarb masalalar yuzasidan fikrlarini bildirib, takliflarini aytdi. 

Ayni kungacha saylov byulleteni Brayl alifbosida to‘ldirish uchun trafaretlar chop etildi. Ko‘zi ojiz va zaif qo‘ruvchi fuqarolar saylov byulletenida o‘z xohish irodasini mustaqil ifoda eta olishi uchun har bir saylov uchastkasi ushbu trafaretlar bilan taʼminlandi.

Saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirildi. Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar uchun optik lupalar hamda yoritkichlar mavjud bo‘lishi taʼminlandi.

Markaziy saylov komissiyasining majlislari internet ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari va telekanallar orqali surdo tarjimasida bevosita kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

Saylov – mamlakatning, millatning imiji, obro‘si. Har bir fuqaroning buguni va kelajagiga bevosita taʼsirini o‘tkazadigan ulkan siyosiy voqeadir. Bilamizki, bugun dunyo ahli mustaqil O‘zbekistonda amalga oshirilyotgan ulkan o‘zgarishlarni katta umid va hayrixohlik bilan kuzatib turibdi.

Ishonchimiz komilki, muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqimiz o‘z xohish-irodasini yana bir bor emin-erkin namoyon etadi, istiqboldagi milliy taraqqiyotimizning yo‘nalishlarini belgilab olishdek muhim jarayonlarga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.

Ushbu tarixiy saylov Yangi O‘zbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida eng muhim xalqaro saylov prinsiplariga sadoqatining yana bir yorqin namoyishiga aylanadi.

Fursatdan foydalanib, barcha vatandoshlarimizga murojaat qilib aytmoqchimanki, saylov o‘zining, farzandlarining porloq kelajagini o‘ylagan millat, xalq hamda Vatanini sevgan har bir inson uchun ulkan imkoniyatdir.

Kelgusi yakshanba, 9-iyun kuni har birimiz ana shunday imkoniyatdan – Konstitutsiyaviy huquqimizdan foydalanib, o‘zimiz erkin tanlagan munosib nomzodga ovoz bersak, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini taʼminlashdek ezgu ishlarga o‘zimizning shaxsiy hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz. 

 

(“Yangi O‘zbekiston” gazetasi,

2023-yil 7-iyul)

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur