PREZIDENT SAYLOVI VA YOSHLAR FAOLLIGI

27.01.2023

5157

msk_yangiliklari_in

Saylov – mamlakatning siyosiy-ijtimoiy hayotidagi eng muhim siyosiy jarayonlardan biri. Har bir saylovchining ovozi zamirida mamlakatning ertasi, avlodlar kelajagi va fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy haq-huquqlari mujassam.

 

Saylov–2021

 

Shuning uchun har bir fuqarodan saylov jarayonlarida yuksak mulohazakorlik va mamlakatda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarga daxldorlik tuygʻusi talab etiladi. Negaki, xalq kimgaki yuksak ishonch bildirsa, ertaga u butun mamlakat taqdirini belgilab beruvchi jarayonlarni boshqaradi. Shu sababli mamlakatimiz aholisi joriy yilning kuzida kutilayotgan Prezident saylovi jarayonlariga har qachongidan katta qiziqish bildirayotgani tabiiy.

 

Har bir millatning, mamlakatning ertasi, kelajak taqdiri yosh avlodning qoʻlida ekanligi sir emas. Shu sababli, yoshlarning siyosiy ijtimoiy faolligi davlat ahamiyatiga molik masalalardandir. Shukrki, mamlakatimizda soʻnggi yillarda yoshlar siyosatiga eʼtibor sezilarli darajada kuchaydi. 2016-yilning 14-sentyabrida “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Ushbu qonun yillar davomida mavhum boʻlib kelgan huquqiy tushunchalarga aniqlik kiritish bilan birga, yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga koʻtarishda muhim omil boʻlmoqda. Joriy yilning 20-aprel kuni qabul qilingan “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni bu boradagi ishlarning uzviy davomidir.

 

Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning bandligiga koʻmaklashish, tadbirkorlik gʻoya va tashabbuslarini ragʻbatlantirish, ular munosib daromad olishi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, bu borada olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida ushbu moʻtabar hujjat mamlakatimizda yosh avlodga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning amaldagi yana bir yorqin ifodasidir.

 

2019-yili mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” gʻoyasiga monand oʻtkazilgan saylovlarda yoshlarning faolligi har qachongidan yuqori boʻldi. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning 7 million 162 ming 316 nafari yoki 34,7 foizini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etdi. 2 млн.га yaqin 18 yoshga toʻlgan fuqaro saylovlarda ilk bor ishtirok etdi. Ayni paytda 30 yoshgacha boʻlgan 14 nafar yigit-qiz siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod sifatida koʻrsatildi. Ulardan 9 nafari deputat etib saylandi. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlariga 26 nafar, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga 291 nafar yigit-qiz deputat etib saylandi.

 

Yoshlar saylov jarayonlarining tashkiliy ishlarida ham doim faol. 2019-yilgi saylovlar jarayonlarida Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari aʼzolarining 144 nafari hamda uchastka saylov komissiyalari aʼzolarining 20 394 nafari 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar edi. Joriy yil mamlakatimizda oʻtkaziladigan Prezident saylovida yoshlar faolligi oʻtgan saylovlardan ham koʻproq boʻlishi kutilmoqda.

 

Saylovchilarning qariyb uchdan biri yoshlarni tashkil etayotgan sharoitda yoshlarga boʻlgan yondashuvning zamonaviy usullarini joriy etish ahamiyatga ega. Nafaqat saylov yoshidagi, balki hali saylov yoshiga yetmagan oʻgʻil-qizlarga ham mamlakatimizda barcha sohalarda, jumladan, milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan dadil islohotlarning yuksak samaralari haqida tushunchalar berish, ularni saylov jarayonlari bilan hozirdan tanishtirib borish zarur.

 

Zotan, bugungi maktab oʻquvchisi ertangi faol saylovchidir. Bunda yoshlarni yosh kategoriyalari boʻyicha saralab, segment-guruhlar boʻyicha ishlash yaxshi natija beradi, degan umiddamiz. Ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalari orqali yoshlarning saylov qonunchiligi boʻyicha bilimini oshirish ham doim dolzarb masaladir. Shuningdek, ularga joylarda oʻtkaziladigan tadbirlar orqali saylov qonunchiligining oʻziga xos xususiyatlari va mazmun-mohiyatini tushuntirish, yigit-qizlarni faol fuqarolik pozitsiyasida tarbiyalash gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Bunday tadbirlar yoshlarimizning siyosiy ongini hamda bilimini yanada oshirishga koʻmak beradi.

 

Oʻz haq-huquqi va burchlarini chuqur anglab yetgan avlod mamlakatimiz – Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyotiga munosib hissa qoʻsha oladigan faol qatlamga aylanadi.

 

Ravshan Burhonov, talaba

 

Manba: OʻzA

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur