Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

OLIY MAJLIS SENATI AʼZOLARI SAYLOVINING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI

20.03.2023

768

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining 14-bobida Senatni shakllantirish tartibi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra Senat aʼzolarini saylash bilan bog‘liq jarayonlarni amalga oshirish qoidalari aks ettirilgan.

Malumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi hisoblanadi. Senat o‘z faoliyatini mintaqaviy muammolarni umumdavlat manfaatlari bilan uyg‘un holda hal etishga qaratadi. Senatning vakolat muddati — besh yil.

Senat aʼzolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.

Senatning o‘n olti nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

Senat aʼzolarining saylovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o‘tkaziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, mahalliy Kengashning saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan deputati Senat aʼzoligiga saylanish uchun nomzod bo‘lishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining qo‘shma majlisini (bundan buyon matnda qo‘shma majlis deb yuritiladi) chaqirish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Qo‘shma majlis, agar unda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, mahalliy Kengashlarga saylov yakunlari eʼlon qilinganidan  keyin uch kunlik muddatda Senat aʼzolarini saylash uchun qo‘shma majlislar o‘tkazilishini eʼlon qiladi.

Markaziy saylov komissiyasining qo‘shma majlislarni o‘tkazish sanasi, vaqti hamda joyi ko‘rsatilgan qarori ommaviy axborot vositalarida, shuningdek uning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Qo‘shma majlisni Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi ochib, eng obro‘li, tajribali, katta yoshli deputatlar orasidan majlisga raislik qiluvchi to‘g‘risida taklif kiritadi. Qo‘shma majlisning ishini olib borish uchun ochiq ovoz berish orqali uch kishidan besh kishigacha miqdorda ishchi hayʼat saylanadi, shuningdek tushgan takliflarni hisobga olish va qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun uch kishidan iborat Kotibiyat tuziladi.

Senat aʼzoligiga nomzodlar ko‘rsatish qo‘shma majlisda amalga oshiriladi. Senat aʼzoligiga nomzodlar ko‘rsatish uchun raislik qiluvchining taqdimnomasiga binoan ochiq ovoz berish orqali oddiy ko‘pchilik ovoz bilan Maslahat kengashi saylanadi. 

Maslahat kengashi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li deputatlar orasidan Senat aʼzoligiga nomzodlarni ko‘rsatadi va ko‘rib chiqadi hamda saylov byulleteniga kiritish uchun taklif kiritadi.

Nomzodlarning alohida-alohida eshituvi va muhokamasi natijalariga ko‘ra qo‘shma majlisda ularni saylov byulleteniga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Qo‘shma majlisda ishtirok etayotgan deputatlarning ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan Senat aʼzoligiga nomzod saylov byulleteniga kiritilgan hisoblanadi. Yashirin ovoz berishni o‘tkazish va uning natijalarini aniqlash uchun qo‘shma majlisda ishtirok etayotgan deputatlar orasidan to‘qqiz nafargacha aʼzodan, shu jumladan komissiya raisi va kotibidan iborat tarkibda Sanoq komissiyasi saylanadi.

Sanoq komissiyasi Senat aʼzoligiga saylov bo‘yicha ovoz berishni tashkil etadi va o‘tkazadi, qo‘shma majlis ishtirokchilariga yashirin ovoz berishni o‘tkazish vaqti, joyi va tartibini eʼlon qiladi, saylov byulletenlarini ularga Senat aʼzoligiga har bir nomzodning tug‘ilgan yilini ko‘rsatgan holda, familiyasi, ismi va otasining ismini alifbo tartibida kiritish orqali tayyorlaydi, ovoz beruvchilarning ro‘yxatini aniqlashtiradi, ularga saylov byulletenlarini topshiradi, saylov byulletenining yuz tomoniga muhr qo‘yadi va unda Sanoq komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosining imzosi qo‘yilgan bo‘lishini taʼminlaydi, ovozlarni sanab chiqadi va yashirin ovoz berish natijalari to‘g‘risida bayonnoma tuzadi, yashirin ovoz berish natijalarini qo‘shma majlisga tasdiqlash uchun kiritadi.

Yashirin ovoz berish boshlanishidan oldin Sanoq komissiyasi raisi uni o‘tkazish tartibini eʼlon qiladi, komissiya aʼzolari hozirligida saylov qutisini tekshiradi va bir marotaba ishlatiladigan plombalar bilan plombalaydi. Saylov qutisi ovoz beruvchi uning yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasi orqali o‘tib boradigan qilib o‘rnatiladi. Qo‘shma majlisda ishtirok etayotgan deputat Sanoq komissiyasi aʼzosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda ovoz beruvchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi, shundan keyin unga saylov byulleteni topshiriladi.

Saylov byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida o‘zi yoqlab ovoz berayotgan Senat aʼzoligiga nomzodlarning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga “+” yoki “√” yoxud “x” belgisini qo‘yish orqali to‘ldiriladi.

Ovoz beruvchi to‘ldirilgan saylov byulletenini ko‘rinarli joyda turishi kerak bo‘lgan saylov qutisiga tashlaydi. Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni ovoz beruvchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirilishi mumkin. Yashirin ovoz berish jarayoni tugaganidan keyin foydalanilmagan, shuningdek buzib qo‘yilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi lozim (chap tomondagi yuqori burchakni qirqib qo‘yish orqali) va alohida saqlanadi. Ovozlarni sanab chiqish Sanoq komissiyasi aʼzolari tomonidan yashirin ovoz berish natijalari aniqlanguniga qadar tanaffussiz o‘tkaziladi.

Saylov qutisidagi saylov byulletenlari asosida Sanoq komissiyasi ovoz berishda ishtirok etgan deputatlarning umumiy sonini, Senat aʼzoligiga har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini, haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi. Ovoz beruvchilar tomonidan saylov byulletenlariga qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilgan fuqarolarning familiyalari bo‘yicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi.

Belgilanmagan namunadagi saylov byulletenlari, ovoz berish chog‘ida bitta ham kvadratga “+” yoki“√” yoxud “x” belgisi qo‘yilmagan saylov byulletenlari, shuningdek yuz tomonida muhr va Sanoq komissiyasi aʼzolarining imzosi bo‘lmagan byulletenlar haqiqiy emas deb topiladi. Yashirin ovoz berish natijalari bo‘yicha bayonnoma tuziladi, bayonnoma Sanoq komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan Senat aʼzoligiga nomzodlar, basharti qo‘shma majlisda hozir bo‘lgan mahalliy Kengashlar deputatlarining ellik foizidan ko‘prog‘i ularni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, saylangan deb hisoblanadi.

 Markaziy saylov komissiyasi qo‘shma majlislarning bayonnomalari asosida bu bayonnomalar kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay Senat aʼzolarini ro‘yxatga oladi, ro‘yxatga olishdan keyin o‘n kun ichida esa guvohnoma va ko‘krak nishoni beradi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Senat aʼzolari saylovi o‘z ichiga bir necha bosqichni oluvchi murakkab saylov jarayoni hisoblanadi. Dastlab mahalliy Kengash Sessiyasida Maslahat Kengashi aʼzoligiga nomzodlarni saylanishi, Maslahat Kengashi tarkibini Qo‘shma majlisda tasdiqlanishi, qo‘shma majlis ichida Maslahat Kengashi yig‘ilishi o‘tkazilishi, qo‘shma majlis Sanoq qokmissiyasi saylashi va sanoq komissiyasi ovoz berishni tashkil qilishi kabi qoidalarni aniq va bir xilda amalga oshirilishi saylovda qonuniylik, adolatlilik, erkinlik, haqqoniylik va chinakamlik tamoyillarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Maslahat Kengashining yig‘ilishi qo‘shma majlis davomida o‘tkazilishi mamlakatimiz saylov qonunchiligining o‘ziga xos jihatlarini ko‘rsatadi. Ayni paytda shunday bosqichma-bosqich saylov jarayoni o‘tkaziladigan Senat aʼzolari saylovini qiyoslaganda bizning saylov qonunchiligimizda ham xalqaro miqyosda o‘rgansa arziydigan o‘ziga xos tajriba to‘planganligini aytishimiz mumkin.

Mamlakatimizda Oliy Majlis Senati aʼzolari saylovlarining qonun talablari asosida demokratik prinsiplar asosida o‘tkazilishi va Parlament yuqori palatasiga har tomonlama munosib nomzodlar saylanishi Senatning hududlar manfaatlarini umumdavlat manfaatlari bilan uyg‘un holda ro‘yobga chiqarishdagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim rol o‘ynaydi.

 

 

Bahodirjon Yunusov

Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur