Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

MUSTAQIL DAVLATLAR HAMDO‘STLIGIGA AʼZO MAMLAKATLARDA SAYLOVCHILARNING RO‘YXATLARINI TUZISH VA UNDAN FOYDALANISH TARTIBI

20.03.2023

651

msk_yangiliklari_in

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga ishtirokchi davlatlarning “Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga ishtirokchi davlatlarda demokratik saylovlar, saylovga doir huquqlar va erkinliklar standartlari to‘g‘risidagi konvensiya”sida (Kishinev, 2002-yil 7-oktyabr) “Demokratik saylovlar xalq hokimiyati va irodasining bevosita yuksak ifodalaridan biri, saylanadigan davlat hokimiyati va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa xalq (milliy) vakillik organlari, saylov yo‘li bilan tayinlanadigan mansabdor shaxslarning poydevori” ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Konvensiyada shuningdek, “har bir fuqaroning saylovchilar ro‘yxatiga o‘zining kiritilishi to‘g‘risida axborot olishga, bu axborotning to‘liqligi va ishonchliligini taʼminlash maqsadida uni aniqlashtirishga, o‘zining saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishining rad etilishi ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga bo‘lgan huquqi kafolatlanadi” deb taʼkidlangan.

Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligiga kiruvchi Armaniston, Belorussiya, Moldova, Ozarbayjon, Rossiyada, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda 18 yoshga to‘lgan fuqarolar saylash huquqiga ega hisoblanadi.

Armaniston Respublikasida saylovchilar reyestri yuritiladi va u doimiy yuritiladigan hujjat hisoblanadi, bu ro‘yxatga aholining davlat reyestriga kiritilgan hamda munitsipalitetlaridan birida ro‘yxatga olingan saylov huquqiga ega bo‘lgan Armaniston Respublikasi fuqarolari kiritiladi.

Vakolatli organ yiliga ikki marta, iyun va noyabr oylarida (birinchi haftada) Markaziy saylov komissiyasiga Armaniston Respublikasi saylovchilar reyestrini munitsipalitetlar bo‘yicha elektron shaklda taqdim etadi.

Saylovchilarning ro‘yxatlari jurnal shaklida tuziladi va 1000 nafargacha saylovchi ro‘yxati tuziladi, lekin 1000 nafardan ortiq saylovchisi bo‘lgan saylov uchastkasiga beriladigan har bir saylovchilar ro‘yxati jurnaliga taxminan teng miqdordagi saylovchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlar kiritilishi kerak. Saylovchilar ro‘yxatining har bir sahifasida ko‘pi bilan 20 nafar saylovchiga oid maʼlumotlar bo‘lishi mumkin. Statsionar davolash muassasalaridagi saylovchilarning qo‘shimcha ro‘yxatlari elektron shaklda shakllantirilmaydi va uchastka saylov komissiyalariga taqdim yetiladigan texnik jihozlarga kiritilmaydi.

Uchastka saylov komissiyasining raisi ovoz berish kuniga 2 kun qolganda saylovchilar ro‘yxatining nusxasini, shu jumladan statsionar davolanayotgan shaxslarning qo‘shimcha ro‘yxatining nusxasini uchastka markaziga hamma uchun ko‘rinadigan joyga osib qo‘yadi. Ushbu ro‘yxatlar ovoz berishdan keyingi yettinchi kungacha uchastka markazida saqlanadi.

Belorussiyada saylovchilar ro‘yxatidagi fuqarolarning familiyalari ovoz berish uchun qulay tartibda ko‘rsatiladi. Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar ro‘yxatga faqat turgan joyidagi saylov uchastkasida kiritiladi.

Saylovchi faqat bitta saylov uchastkasida ro‘yxatga kiritilishi mumkin. Agar fuqaro ushbu saylov uchastkasi hududida ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, u Belarus Respublikasi fuqarosining pasporti va saylov uchastkasi hududida yashashini tasdiqlovchi hujjat asosida ro‘yxatga kiritiladi. Bunda ushbu uchastka komissiyasi saylovchini yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan uchastka saylov komissiyasiga saylovchilar ro‘yxatiga kiritilganligi to‘g‘risida xabar yuboradi.

Moldova Respublikasida Saylovchilarning davlat reyestri - saylovchilarni ro‘yxatga olishning yagona integratsiyalashgan axborot tizimi bo‘lib, 18 yoshga to‘lgan va saylash huquqidan mahrum bo‘lmagan Moldova Respublikasi fuqarolari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni to‘plash, saqlash, yangilash va tahlil qilish uchun mo‘ljallangandir.

Saylovchilar ro‘yxatlarini shakllantirish masʼul organning aholi ro‘yxatining davlat reyestri maʼlumotlari asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Masʼul organ komissiyaga har yili 31-yanvardan kechiktirmay va undan keyin muntazam ravishda, saylovlar o‘tkazilganda esa - saylov kuni aniqlangandan keyin saylovchilarning davlat reyestrini tuzish va yangilash uchun zarur maʼlumot va axborotlarni taqdim etadi. 

Saylovchilarning davlat ro‘yxati asosida tuzilgan saylovchilar ro‘yxatiga saylov huquqiga ega bo‘lgan, yashash joyi yoki joylashgan joyi istalgan saylov uchastkasi hududida bo‘lgan barcha fuqarolar kiritiladi. Saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga va faqat bitta saylov uchastkasiga kiritilishi mumkin.

Turgan joyini o‘zgartirgan saylov huquqiga ega bo‘lgan shaxslar saylovchilar ro‘yxatiga kiritish uchun navbatdagi saylov kuniga kamida 30 kun qolganda mahalliy davlat hokimiyati organiga yangi turgan joyi to‘g‘risida maʼlum qilishi shart.

Ozarbayjonda saylovchilarning yagona ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yuritiladi. Har yili saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish bilan bog‘liq maʼlumotlar uchastka saylov komissiyalari tomonidan okrug saylov komissiyalari orqali Markaziy saylov komissiyasiga taqdim yetiladi. Saylovchilarning yagona ro‘yxati saylov uchastkalarida, saylov okruglarida va umuman Ozarbayjon Respublikasida yuritiladi. Vaqtinchalik saylovchilar ro‘yxati yagona saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

Saylovchilarning doimiy ro‘yxati har yili 30-mayga qadar har bir saylov uchastkasi bo‘yicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan shaklda tasdiqlanadi va ovoz berish kuniga kamida 25 kun qolganida yangilanadi.

Saylov kuni saylovchilar ro‘yxatiga hech qanday qo‘shimcha yoki o‘zgartirish kiritilishi va bosma nashrda eʼlon qilish taʼqiqlangan bo‘lib, saylovchilarning ro‘yxati belgilangan tartibda Markaziy saylov komissiyasining tegishli veb-saytiga joylashtiriladi. Bunda saylovchilarning yashash manzillari ko‘rsatilmaydi.

Saylovchilarning saylovchilar ro‘yxatiga kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat saylovchi guvohnomasi hisoblanadi.

Agar saylovchi qasddan bir nechta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, u Ozarbayjon Respublikasining Maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Rossiya Federatsiyasi fuqarosini maʼlum bir saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritish uchun uning yashash joyi to‘g‘risida Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini ro‘yxatga olish organlari tomonidan saylovchining ushbu saylov uchastkasi hududida belgilangan tartibda qayd etilganligi haqidagi maʼlumoti asos bo‘ladi.

Rossiya Federatsiyasida yashash joyiga ega bo‘lmagan saylovchilar Davlat Dumasi deputatlari saylovida Federal saylov okrugida ovoz berish uchun Mobil saylovchi mexanizmidan foydalanishlari mumkin. Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan saylovchilar esa, agar yashash joyi shu saylov okrugi hududida bo‘lsa, bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha ham ovoz beradi.

“Mobil saylovchilar” mexanizmi saylovchilarga ovoz berish kuni uning turgan joyi ro‘yxatga olingan joyiga to‘g‘ri kelmasada va saylov okrugi hududida joylashgan bo‘lsa saylovda ovoz berish imkonini beradi.

Ovoz berish kuni(lar)ida vaqtinchalik yashash joyida bo‘lgan saylovchilar belgilangan Tartibga muvofiq saylovchilar ro‘yxatiga kiritish haqida ariza berish huquqiga ega. Saylovchi turgan joyidagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritish uchun “Davlat xizmatlari” portali orqali yoki hududiy saylov komissiyasiga yoxud davlat va kommunal xizmatlar ko‘rsatishning ko‘p funksional markazi orqali ariza berishi mumkin.

Tojikistonda esa saylovchilarning ro‘yxatlari uchastka saylov komissiyalari tomonidan har bir saylov uchastkasi bo‘yicha tuziladi hamda uchastka saylov komissiyasining raisi va kotibi tomonidan imzolanadi hamda muhr bilan tasdiqlanadi. Saylovchilarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taqdim etilgan saylovchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlar asosida tuziladi.

Saylovchilarning ro‘yxatlarini tuzish uchun uchastka saylov komissiyalari davlat organlarining, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, davlat muassasalari va tashkilotlarining, shuningdek jamoat birlashmalarining vakillarini jalb etadilar.

Saylovchilarning ro‘yxatlari uchastka saylov komissiyalari tuzilganidan keyin kamida 15 kun o‘tgach tuziladi, unda saylovchilarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va manzili ko‘rsatiladi.

Qirg‘izistonda saylovchilarning huquqlarini amalga oshirish, saylovchilarni o‘zlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirish, shuningdek, ovoz berishni o‘tkazish maqsadida har bir saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxati tuziladi. Yagona saylov okrugi bo‘yicha Prezident va Jogorku Kenesh deputatlari saylovi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga saylov kuni aktiv saylov huquqiga ega bo‘lgan va qonun hujjatlariga muvofiq biometrik ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilar kiritiladi.

Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Jogorku Kenesh deputatlari saylovi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga ovoz berish kuni aktiv saylov huquqiga ega bo‘lgan, mahalliy hamjamiyat aʼzolari bo‘lgan va biometrik ro‘yxatdan o‘tgan Qirg‘iziston Respublikasining barcha fuqarolari kiritiladi.

Saylovchilar ro‘yxati saylov uchastkalarining chegaralarini hisobga olgan holda Aholi yagona davlat reyestriga kiritilgan shaxsiy maʼlumotlar (shu jumladan biometrik maʼlumotlar) asosida tuziladi. Aholining yagona davlat reyestrini shakllantirish, saqlash va yangilash vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Har bir saylovchi saylovchilarning dastlabki ro‘yxatida xato yoki noaniqlik aniqlangan taqdirda, ovoz berish kuniga kamida 15 kalendar kun qolganda tegishli uchastka saylov komissiyasiga tasdiqlovchi hujjatlar nusxasini ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qilishga haqli, bunda saylovchi biometrik identifikatsiyadan o‘tadi.

Uchastka saylov komissiyasi mazkur arizani ro‘yxatga kiritish, yo‘l qo‘yilgan xato yoki noaniqliklarni tuzatish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun darhol tegishli hududiy saylov komissiyasidagi Markaziy saylov komissiyasining tizim administratoriga yuboradi.

Markaziy saylov komissiyasi ovoz berish kuniga 7 kalendar kun qolganida saylovchilarning raqamlangan, bog‘langan va muhrlangan yakuniy ro‘yxatini ikki nusxada chop etadi va tegishli uchastka saylov komissiyalariga taqdim etadi. Bunda har bir saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilarning qog‘ozdagi yakuniy ro‘yxatining osib qo‘yish uchun mo‘ljallangan ikkinchi nusxasida yakuniy ro‘yxatga kiritilgan saylovchilarning yashash joyi to‘g‘risidagi maʼlumotlar bo‘lmasligi kerak.

Saylovchilarning yakuniy ro‘yxatlarida mavjud bo‘lgan shaxsiy maʼlumotlarga tegishli maʼlumotlarni tuzatish, nusxa ko‘chirish, eʼlon qilish yo‘li bilan oshkor qilish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qozog‘iston Respublikasida fuqaroning saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi uchun saylovchilarning saylov uchastkasi hududidagi yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi asos bo‘ladi, fuqarolarini yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni amalga oshirishga vakolatli organlar adliya organlari hisoblanadi.

Saylovda ishtirok etishning asosiy sharti saylovchilarning saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi hisoblanadi. Saylovchilarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatlari tegishli hokimlik tomonidan tuziladi. Saylov tayinlangan paytdan boshlab har bir saylovchi tegishli hokimlikda saylovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish huquqiga ega.

Ovoz berish boshlanishiga yigirma kun qolganida tegishli hokimlik dalolatnoma asosida saylovchilar ro‘yxatini uchastka saylov komissiyalariga taqdim etadi. Ovoz berish kuniga 15 kun qolganida saylovchilarning ro‘yxatlari saylov uchastkalarida tanishish uchun saylovchilarga taqdim etiladi.

Saylov kuni mahalliy vaqt bilan soat o‘n ikkidan kechiktirmay, agar saylovchi ovoz berish uchun kela olmasa: sog‘lig‘iga ko‘ra; kasal oila aʼzosiga g‘amxo‘rlik qilish tufayli; saylov uchastkalari tuzilmagan chekka va borish qiyin bo‘lgan hududlarda bo‘lsa, saylovchi o‘zi turgan joyda ovoz berishni tashkil yetish uchun uchastka saylov komissiyasiga yozma ariza bilan murojaat qilishga haqli. Uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni saylovchining yashash joyida tashkil qilishi shart.

Mamlakatimizda saylovchilar Yagona elektron ro‘yxatidan foydalanish tajribasini Mustaqil Davlat hamdo‘stligiga kiruvchi davlatlar tajribasi bilan qiyoslaganda, o‘zaro tajriba almashishga molik bo‘lgan jihatlarini ko‘rishimiz mumkin.

Birinchidan,  Aholining davlat reyestri yoki Saylovchilar yagona elektron ro‘yxati bir yilda kamida ikki marta yangilanishi zarur;

Ikkinchidan, saylovchilar o‘zlari saylovchilar ro‘yxatida bor-yo‘qligini aniqlashtirish talablarini yo‘lga qo‘yish zarur;

Uchinchidan, saylovchi haqida saylovchilar ro‘yxatida xato yoki noaniqlik aniqlangan taqdirda zudlik bilan hal qilish uchun tegishli hududiy saylov komissiyalarida Markaziy saylov komissiyasining tizim administratori faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarur bo‘ladi.

To‘rtinchidan, hammaga tanishtirish maqsadida osib qo‘yish uchun mo‘ljallangan  yakuniy ro‘yxatga kiritilgan saylovchilarning yashash joyi to‘g‘risidagi maʼlumotlar bo‘lmasligi kerak.

Beshinchidan, raqamli texnologiyalarni saylov jarayoniga yanada keng tadbiq etilishi saylovchi saylov kuni yashab turgan joyida bo‘lmagan taqdirda ham uni tezkorlik bilan saylovchilar ro‘yxatiga kiritish imkonini beradi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda saylovchilar Yagona elektron ro‘yxatidan foydalanish tizimining yanada takomillashtirilishi saylovchilarning saylov huquqini ro‘yobga chiqarish, fuqarolarning shaxsga oid maʼlumotlarini saqlanishini taʼminlash hamda saylovlarni demokratik prinsiplar asosida o‘tkazishda muhim rol o‘ynaydi.

Shu asnoda saylovchilar o‘rtasida saylovchilar ro‘yxatini tuzish tartiblari hamda saylovda ishtirok etish bilan bog‘liq jarayonlar haqida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yilishi saylov jarayonlarida o‘z samarasini beradi.

Bahodirjon Yunusov

Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur