MILLIY SAYLOV QONUNCHILIGINING SIFAT JIHATIDAN YANGI BOSQICHI

27.01.2023

4166

msk_yangiliklari_in

Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakat ijtimoiy hayotining turli sohalarida adolatli, insonparvar islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Eng avvalo, ushbu islohotlarning huquqiy zaminini puxta ishlab chiqishga hamda uni davlat va jamiyat hayotida tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zero, poydevori pishiq boʻlgan imorat asrlar osha boʻy choʻzib turganidek, puxta huquqiy zaminga ega islohotlar ham yuz yillab jamiyat hayotida, insonlar hayotida ijobiy oʻzgarishlarga, farovonlik va taraqqiyotga xizmat qiladi.

 

Xususan, mamlakatimiz milliy saylov tizimi va uning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, saylov qonunchiligiga xalqimizning milliy qadriyatlarimizga va umuminsoniy prinsiplarga mos boʻlgan xohish-irodasini yanada kengroq singdirish, oʻtgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish kabi dolzarb masalalar soha mutasaddilarining doimiy diqqat markazida. Zero, demokratiyaning muhim va zarur shartlaridan biri saylov jarayonini xalqaro saylov standartlariga toʻla javob beradigan milliy saylov qonunchiligiga muvofiq ochiq-oshkora, shaffof, adolatli tashkil etish va oʻtkazish hisoblanadi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda mamlakatimiz fuqarolari bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanliklari belgilangan boʻlib, amaliyotda bunday ishtirok etish oʻzini oʻzi boshqarish, referendumlar oʻtkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish orqali taʼminlanadi. Davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etishning muhim shartlaridan biri – bu qonuniylik, tenglik, adolatlilik, oshkoralik, davriylik prinsiplari asosida oʻtkaziladigan saylovlar hamda ushbu saylovlarda ishtirok etadigan saylovchilarning oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etish huquqidir.

 

2021-yil 8-fevralda qabul qilingan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun fuqarolarimiz saylov huquqlarining kafolatini yanada mustahkamlash, shuningdek milliy saylov qonunchiligini xalqaro saylov standartlariga yanada yaqinlashtirish, ilgʻor xorijiy davlatlar saylov amaliyotiga uygʻunlashtirish, oʻtgan saylovlarda kuzatilgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, mamlakatimizning siyosiy nufuzini yanada yuksaltirish hamda xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yanada yaxshilashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

 

Ushbu qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonun, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Maʼlumki, Konstitutsiyamizning 117-moddasiga muvofiq, Prezident saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilar edi. Qonundagi yangi oʻzgartirishga muvofiq mamlakatimizda saylovlarni oʻtkazish muddati oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasiga koʻchirilmoqda. Buning bir qator sabablari bor:

 

Birinchidan, uzoq yillardan buyon saylovlarni yilning boshqa mavsumiga, iliq kunlarga oʻtkazish masalasi muhokamalar markazida boʻlgan. Qolaversa, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2020-yil fevral oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrining markazlarida saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga masʼul boʻlgan davlat va nodavlat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, saylov komissiyalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbatlarining ishtirokchilari tomonidan ushbu masalada bildirilgan eng koʻp taklif saylovlar muddatini aynan oktyabr oyiga oʻtkazish taklifi boʻldi. Shuningdek, komissiyaga OAV orqali, xususan ijtimoiy tarmoqlar va ijtimoiy soʻrovlar orqali fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan takliflarning yetmish foizidan ortigʻida ham aynan ushbu taklif qoʻllab-quvvatlandi. Demak, saylovlarni dekabr oyidan – oktyabr oyiga koʻchirishning tashabbuskori birinchi navbatda Oʻzbekiston fuqarolari, saylovchilarimizning xohish-istaklari desak, ayni haqiqat boʻladi.

 

Ikkinchidan, qonun loyihasi parlament palatalari tomonidan koʻrib chiqilishi jarayonida 20 ga yaqin xorijiy davlatlarning qonunchiligi va bu boradagi tajribasi oʻrganildi. Tahlillar shuni koʻrsatdiki, asosan iqlimi issiq boʻlgan janubiy yarim shar davlatlari, masalan, Gana, Misr, Nigeriya, JAR, Jazoir, Venesuela, Dominika, San Marinoda saylovlar dekabr oyida oʻtkazilar ekan, AQSH, Shveysariya, Ispaniya, Urugvay, Chili, Bosniya, Rossiya, Belarusiya, Iordaniya, Moldova kabi davlatlarda esa saylovlar sentyabr-noyabr oylarida boʻlib oʻtadi. Bundan koʻrish mumkinki, saylovlarni oʻtkazish muddatining kuz fasliga (oktyabr oyiga) koʻchirilishi xorijiy davlatlar tajribasida oʻzini har jihatdan oqlagan va sinovdan oʻtgan ijobiy tajriba hisoblanadi.

 

Uchinchidan, maʼlumki Parlament va mahalliy kengashlar deputatlari saylovidan keyin mamlakatimizda Oliy Majlis Senatiga saylovlar oʻtkaziladi, ijro hokimiyati, yaʼni Vazirlar mahkamasi yangidan shakllantiriladi, hududlarda hokimlar nomzodi xalq deputatlari kengashlarining sessiyalarida muhokama qilinib, yangidan tasdiqlanadi. Mamlakat Prezidentining Oliy Majlisga hamda Oʻzbekiston xalqiga murojaatnomasi taqdim etiladi. Xalqimiz yangi yil bayramlari ogʻushida boʻladi. Demak, saylovlardan keyin oliy va mahalliy davlat hokimiyati organlarini oʻz vaqtida shakllantirish, toʻlaqonli shaklda ishlarini rejalashtirishi va muhim siyosiy-huquqiy qarorlarni qabul qilish uchun tegishli zamin yaratiladi. Shuningdek, noqulay ob-havo sharoitlarida fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki kamayib ketishi kabi salbiy holatlarning oldi olinadi. Shu tariqa saylovchilar va kuzatuvchilar uchun qulay sharoit vujudga keladi.

 

Toʻrtinchidan, barchamizga maʼlumki saylov jarayoni mashaqqatli mehnat va tashkiliy ishlarni amalga oshirishni talab etadi. Dekabr oyida havoning sovuq boʻlishi ushbu vazifalarni bajarishga masʼul boʻlgan shaxslarning faoliyatida murakkablik tugʻdiradi. Saylovlarni ancha moʻtadil boʻlgan kuz oylarida oʻtkazilishi esa barcha fuqarolar, saylov tashkilotchilari va ishtirokchilari hamda mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar uchun qulaylik tugʻdiradi. Saylovga jalb qilingan shaxslar tomonidan oʻz ishlarini sifatli va sidqidildan amalga oshirilishiga xizmat qiladi. Asosiy maqsad ham mazkur siyosiy jarayonni yuqori saviyada, aʼlo kayfiyatda tashkil etish va oʻtkazish, fuqarolar saylov huquqlarining kafolatini kengaytirish albatta. Shu boisdan ham saylovlarni oʻtkazish muddatining oktyabr oyiga koʻchirilishi xalqimiz tomonidan ijobiy baholanib, qoʻllab-quvvatlanayotganligini kuzatish mumkin.

 

Saylov kodeksiga kiritilayotgan oʻzgarishga muvofiq xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilib, ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanmoqda. Oʻtgan saylovlardagi tahlillar shuni koʻrsatdiki, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi har bir okrug saylov komissiyasi koʻpi bilan 3 ta (ayrim hollarda bitta) saylov uchastkasi doirasida faoliyat yuritib, bir necha yillardan beri samarasiz faoliyat yuritib kelgan. Natijada, tegishli tuman (shahar) va okrug saylov komissiyalari bir-birining vazifalarini takrorlashiga toʻgʻri kelgan. Shuningdek, bu saylov tuzilmasi uchun Davlat byudjetidan qoʻshimcha xarajatlar qilingan. Ushbu institutning tugatilishi natijasida 54 mingdan ziyod aʼzodan iborat 5 ming 750 ga yaqin okrug saylov komissiyasini tashkil etishga hojat qolmaydi, ularni joylashtirish uchun ajratilgan shuncha binoga ehtiyoj tugʻilmaydi, inson resurslari tejaladi, saylov kampaniyasini tashkil etishga jalb etilgan insonlar orasida ovoragarchilikka chek qoʻyiladi hamda 33 milliard soʻmdan ortiq davlat byudjeti mablagʻlari tejaladi.

 

Yana bir muhim oʻzgarish – bu xorijda istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini, diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida turish-turmasligidan qatʼi nazar, oʻsha joylarda tashkil etilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, shuningdek, saylov uchastkasidan tashqarida, chet davlatlarda gavjum holda yashayotgan yoki ishlayotgan fuqarolarimiz turgan joylarida ovoz berishlarini koʻchma saylov qutilari orqali sayyor oʻtkazishning huquqiy asosi yaratilmoqda. Mazkur amaliyot Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan 2019-yilda oʻtkazilgan Parlament saylovlarida ilk bor tajribadan oʻtkazildi. Xususan, Rossiya, Janubiy Koreya va Qozogʻistonda boʻlib turgan 90 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarolari saylov uchastkasi joylashgan binodan tashqarida, yaʼni saylovchi-fuqarolarimiz gavjum yashaydigan yoki ishlaydigan joylarda koʻchma qutilari bilan sayyor tarzda tashkil etilgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida ishtirok etdilar. Bu tajriba amaliyotda oʻzining ijobiy natijasini koʻrsatganligi, fuqarolarimiz qayerda boʻlishidan qatʼiy nazar davlat tomonidan himoya qilinishi, huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari taʼminlanganligi va xalqaro hamjamiyatning ijobiy eʼtirofiga sabab boʻlganligi munosabati bilan, ushbu tartib Saylov kodeksiga kiritildi.

 

Navbatdagi oʻzgarish, okrug va uchastka saylov komissiyalarining oʻzlariga xos boʻlmagan nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga koʻmaklashish, saylovchilarni uchrashuv tashkil etiladigan joy va vaqt haqida ogohlantirishga oid vazifasi bekor qilindi. Chunki, saylov kodeksiga muvofiq nomzod koʻrsatish vakolatiga faqat siyosiy partiyalar ega. Saylovchilar bilan uchrashuvlar, tashviqot tadbirlarini oʻtkazish orqali oʻz dasturlarini tanishtirish hamda nomzodlari uchun koʻproq saylovchilarning ovozlariga erishishdan siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari manfaatdor. Bu jarayonga saylov komissiyalarining aloqasi yoʻq, lekin shunday boʻlsa-da amalda saylov komissiyalari zimmasiga oʻzlariga xos boʻlmagan vazifa yuklatilib kelingan. Endilikda saylov qonunchiligidagi ushbu kamchilik ham bartaraf etildi.

 

Qonundagi yangiliklardan yana biri, siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishi va moliyaviy taʼminlanishi yuzasidan shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan boʻlib, unga koʻra siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablagʻlari yuzasidan saylov kuniga qadar oraliq hisobotini va saylov natijalari eʼlon qilinganidan keyin yakuniy hisobotini Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan siyosiy partiyalarning moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi belgilandi.

 

Saylov kodeksi yangi 27-prim modda bilan toʻldirildi. Unga koʻra, chet davlatlarda boʻlib turgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasiga yozma shaklda yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda oʻzlarini saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida saylovga oʻn besh kun qolgunga qadar murojaat qilishi mumkinligi belgilandi. Ilgari bunday amaliyot boʻlmagan. Chet davlatlarda boʻlib turgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida konsullik hisobida turgan boʻlsagina, saylov uchastkasiga shaxsan kelib, u joyda tuzilgan saylov uchastkalari saylovchilari roʻyxatiga kiritilgan. 2019-yilda Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan bu amaliyot ham tajriba tariqasida sinovdan oʻtdi. Xorijda istiqomat qilayotgan fuqarolarimizning eʼtirofiga sazovor boʻldi. Shu bois, ushbu norma Saylov kodeksida mustahkamlandi.

 

Qonundagi boshqa yangiliklarga qisqacha toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, Saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlanmoqda. Masalan, davlat xizmatchilariga, agar ular ishonchli vakil boʻlmasa, shuningdek, harbiy xizmatchilarga, diniy tashkilotlar xizmatchilariga, sudyalarga saylovoldi tashviqotini olib borish taqiqlandi;

 

Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, harbiy qismlarda tashkil etilgan saylov uchastkalarini kuzatuvchilar oʻz tashrifi haqida kamida 3 kun oldin xabardor qilishi tartibi belgilandi;

 

“Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun Saylov kodeksi bilan muvofiqlashtirilib, parlament va mahalliy vakillik organlariga saylovlar bilan teng ravishda Prezident saylovini ham davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi belgilandi;

 

Saylov natijalarini eʼlon qilish muddatlari asossiz choʻzilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat qilish muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirildi.

 

Saylov qonunchiligini demokratlashtirishga qaratilgan ushbu yangiliklar milliy saylov qonunchiligimizni umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga yanada muvofiqlashtiradi, saylov jarayonlari ochiq va oshkora oʻtishini taʼminlashga xizmat qiladi, fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki kamayib ketishi kabi salbiy holatlarning oldi olinadi hamda kuzatuvchilar va saylovchilar uchun qulay sharoit yaratiladi, saylovlardan keyin davlat hokimiyati organlarini oʻz muddatida shakllantirish va muhim siyosiy qarorlarni qabul qilish uchun yetarlicha imkoniyat boʻladi, qolaversa Oʻzbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi oʻrni yaxshilanishi taʼminlanadi.

 

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotini insonparvarlik tamoyillariga asoslangan demokratik huquqiy davlat qurishda koʻrmoqda, bu hech kimga sir emas. Shunday ekan, demokratik jarayonlar ichida eng muhimi hisoblangan saylovlarni faqat qonun doirasida amalga oshirilishini taʼminlash va unda faol ishtirok etish muhim ahamiyatga ega. Saylovlarni xalqaro hamjamiyat tan olgan huquq normalari va milliy qonunchiligimizga asosan tashkil etish va oʻtkazish uzoq yillar davomida mamlakatimizni siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Xudoyor Mamatov

Markaziy saylov komissiyasi kotibi, yuridik fanlar doktori, professor

 

“Zarafshon” gazetasining 2021-yil 25-fevral kungi 23 (23,459)-soni

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur