Inson huquqlarini ta’minlash va demokratik rivojlanish yo‘lidagi islohotlarning xolis mezoni

22.08.2024

1503

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston bugungi kunda inson huquqlari bo‘yicha saksondan ortiq xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan va xalqaro huquqning to‘la huquqli subyekti sifatida xalqaro majburiyatlar, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalarini izchil amalga oshirib kelmoqda.

 

Jumladan, demokratik saylovlarni o‘tkazish, ushbu jarayon ishtirokchilarining huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda himoya qilish sohasida ham zamonaviy huquqiy asoslar yaratilgan va davr talabidan kelib chiqib takomillashtirilmoqda. Shu kunlarda mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik jarayonida bu jihatlar yaqqol namoyon bo‘layotir.

 

Xalqaro saylov kuzatuvi ushbu siyosiy jarayonning eng muhim bosqichlaridan biridir.  Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik doirasida xalqaro kuzatuvchilarni taklif etish jarayoni ham boshlab yuborildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Gulnoza RAHIMOVA bilan suhbatimiz xalqaro kuzatuvning milliy huquqiy asoslari va xalqaro standartlar, saylovni umume’tirof etilgan tamoyillar asosida o‘tkazishda xalqaro kuzatuvchilarning o‘rni xususida bo‘ldi.

 

– Gulnoza Abdusattorovna, suhbatimizni xalqaro kuzatuvning rolidan boshlasak. Xalqaro kuzatuv demokratik saylovlarning ochiq va oshkora o‘tkazilishiga, fuqarolarning saylov huquqlari amalga oshirilishini ta’minlashga qanday hissa qo‘shmoqda?

 

– Xalqaro saylov kuzatuvi butun dunyoda keng e’tirof etilgan, saylov jarayonlari mohiyatini to‘g‘ri va xolis baholashda muhim o‘rin tutadi.

 

Xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar kuzatuvchilarining saylovlardagi ishtiroki saylovni demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, xalqaro kuzatuv fuqarolarning saylov huquqlari amalga oshirilishini ta’minlash, saylov jarayoni amaliyoti bo‘yicha ikki tomonlama bilim va axborot almashishga xizmat qilishi bilan bir qatorda mustahkam xalqaro aloqalarni o‘rnatish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.  

 

Milliy saylov tizimi muttasil rivojlanib va takomillashib borayotgan yangi O‘zbekistonda fuqarolar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining saylov huquq va erkinliklarini amalda ta’minlashga yo‘naltirilgan izchil islohotlar yuksak samara bermoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston o‘z milliy saylovlari va referendumlarini o‘tkazishda xalqaro kuzatishni amalga oshirish uchun ochiqdir. Shunday qilib, mamlakatimizda demokratik saylovlarni o‘tkazish, saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov huquq va erkinliklarini ta’minlash, himoya qilish sohasidagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari hayotga tatbiq etillayotir.

 

O‘zbekistonda saylovlar tub o‘zgarishlar va demokratik islohotlar, vujudga kelayotgan yangi siyosiy muhit sharoitida o‘tkazilmoqda va xalqaro hamjamiyatda ushbu o‘zgarishlarga e’tibor tobora oshib bormoqda. Xalqaro kuzatish dinamikasi shundan dalolat beradiki, oxirgi yillarda mamlakatimizda o‘tkazilgan saylovlar jarayonida xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar ishtiroki oshgan. Amalda bu quyidagicha ko‘rinadi: 2015-yilda o‘tkazilgan saylovda 296 nafar xalqaro (xorijiy) kuzatuvchi ishtirok etgan bo‘lsa, 2016-yildagi saylovda ular 555 nafarni, 2019-yilda – 825, 2021-yilda –  971, 2023-yilda esa 797 nafarni tashkil etdi.

 

– Xalqaro saylov kuzatuvi qanday tartibga solinadi, xalqaro standartlar va xalqaro kuzatuvning milliy huquqiy asoslari haqida ma’lumot bersangiz.

 

– Xalqaro kuzatuvchilar faoliyatining xalqaro huquqiy asoslari, avvalo xalqaro hujjatlar bilan tartibga solinadi va ularning qo‘llanishi saylovlarga doir milliy qonunchilik doirasida amalga oshiriladi. Bunday amaliyot mamlakatimizning xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar kuzatuvchilarining saylovlardagi ishtiroki borasida xalqaro majburiyatlariga to‘la mos.

 

BMT, YEXHT, Yevropa kengashi, Parlamentlararo ittifoq va shu kabi boshqa yetakchi xalqaro tashkilotlar hujjatlarida aks ettirilgan xalqaro majburiyatlar va xalqaro saylov standartlari implementatsiyasi asosida O‘zbekistonda milliy saylov tizimi shakllantirildi. Saylovni o‘tkazishni huquqiy tartibga solish va saylovlarni xalqaro kuzatishni tashkil etish amalga oshirilmoqda.

 

Bu hujjatlar qatoriga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya, Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Ayollarning siyosiy huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya, BMTning saylovlarni o‘tkazilishi ustidan xalqaro kuzatuv tamoyillari to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi, YEXHTning insoniy o‘lchovlari bo‘yicha Kopengagen konferensiyasi yig‘ilishining hujjati,  Erkin va adolatli saylovlar mezonlari to‘g‘risidagi Deklaratsiya, 2002-yilda Venetsiya Komissiyasi tomonidan qabul qilingan “Saylovlarni o‘tkazishga oid tavsiya etilgan me’yorlarning majmuasi: Rahbariy tamoyillar va izohlovchi ma’ruza”,MDHga a’zo davlatlarda saylovlar va referendumlar ustidan xalqaro kuzatish tamoyillari to‘g‘risidagi MDH Parlamentlararo assambleyasining deklaratsiyasi va bir qator boshqa hujjatlar kiradi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarining ustuvorligi e’tirof etilgan. Mamlakatimizda xalqaro kuzatuvchilarning faoliyati xalqaro kuzatuv institutini tartibga solish sohasidagi xalqaro hujjatlarni hisobga olgan holda, xalqaro hujjatlarga zid kelmaydigan doirada milliy qonunchilik bilan tartibga solinadi hamda xalqaro kuzatuvchilarni taklif qilish borasida yetarlicha rivojlangan amaliyot mavjud.

 

Yurtimizda saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning maqomini huquqiy tartibga solish, shu jumladan, akkreditatsiya qilish tartibi, xalqaro kuzatuvchilarning huquqlari, majburiyat va cheklovlari ro‘yxati Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi saylovida ishtirok etuvchi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari to‘g‘risidagi nizomi bilan tartibga solinadi. Xususan, Saylov kodeksida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlar, shuningdek, saylov kuni ovoz berish joylarida va ovozlarni sanab chiqishda boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarning ishtirok etishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Markaziy saylov komissiyasining nizomida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kelgan kuzatuvchilarning saylovlarda ishtirok etishi tartibi belgilangan.

 

– Bugungi kunda xalqaro saylov standartlarini amalga oshirishda O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik qiladi va buni biz o‘tgan saylov kampaniyalari jarayonida kuzatdik. Xalqaro tashkilotlarning milliy saylovlarni kuzatishda ishtirok etishi haqida to‘xtalib o‘tsangiz. 

 

– O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etib, xalqaro saylov standartlarini amalga oshirish jarayonida konstruktiv hamkorlikni ta’minlamoqda. Ular orasida BMT, YEXHTning demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YEXHT DIIHB), YEXHT parlament assambleyasi, Yevropa parlamenti, MDH, MDH parlament assambleyasi (MDH PA), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT), Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) kabi xalqaro tashkilotlar bor. Bu hamkorlik bilan bir qatorda, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi 2013-yildan buyon Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi (BSOA), 2014-yildan esa Osiyo saylov organlari assotsiatsiyasi (OSOA) a’zosidir. YEXHT DIIHB, MDH PA a’zo davlatlari Demokratiya, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DMXI), Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi (IFES), YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalar bo‘yicha koordinatori, BMTTD kabi xalqaro tashkilotlar bilan saylov masalalari bo‘yicha faol hamkorlik qilib kelmoqda.

 

Xalqaro saylov kuzatuvini tashkil etishning milliy amaliyotidan kelib chiqqan holda xalqaro kuzatuvchilarning tarkibiga ko‘ra, kuzatuv monitoringi quyidagi formatda amalga oshirilishi mumkin.

 

Kuzatuv missiyalari – kuzatish xalqaro hujjatlar asosida amalga oshiriladigan xalqaro va davlatlararo tashkilotlar. YEXHTning DIIHB, YEXHT parlament assambleyasi, Yevroparlament, MDH, MDH PA, SHHT, IHT, TDT, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar shular jumlasidan.

 

Kuzatuvchilar guruhlari – bu ixtisoslashtirilgan organ va tashkilotlar, shu jumladan, saylov va referendumlarni xalqaro kuzatishning asosiy maqsadlari ularning ustavi yoki nizomlarida belgilangan davlatlararo tashkilot maqomiga ega bo‘lmagan xalqaro tashkilotlar tashkil qiladi.

 

Qoida tariqasida, bu format, birinchi navbatda, saylov va referendumlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq saylovlar va referendumlar o‘tkazishda professional tarzda ishtirok etuvchi xorijiy saylov organlaridan (komissiyalar) va vazifalariga saylov jarayonlarini o‘tkazishni o‘z ichiga olgan boshqa organlardan (milliy adliya vazirliklari, sud va boshqalar), shuningdek, milliy saylovlar, referendumlarning ilmiy-amaliy masalalari bilan professional ravishda shug‘ullanuvchi uyushma va tashkilotlardan kuzatuvchilarning ishtirokini o‘z ichiga oladi.

 

Yakka tartibdagi kuzatuvchilar – O‘zbekiston tomonidan xorijiy kuzatuvchi sifatida taklif etilgan va o‘z kasbiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda saylovni kuzatuvchi olim va tadqiqotchilar, saylov huquqi sohasidagi ekspertlar, huquqshunoslar, huquq himoyachilari va siyosatshunoslar kiradi.

 

– Xalqaro kuzatuvchilarni milliy saylovda ishtirok etish uchun akkreditatsiya qilish tartibi qanday?

 

– Ushbu tartib Markaziy saylov komissiyasining tegishli nizomi bilan tartibga solinadi. Ushbu nizom Saylov kodeksi asosida saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasidagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari, xalqaro saylov standartlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

 

Saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilingandan so‘ng Markaziy saylov komissiyasi Tashqi ishlar vazirligi orqali xorijiy davlatlarning saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga taklifnomalar yuboradi. Ular bu taklifga javob va tegishli hujjatlarni ovoz berish kunidan kamida o‘n kun oldin taqdim etishi kerak. Tashqi ishlar vazirligi tegishli xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining hujjatlarini ilova qilingan holda Markaziy saylov komissiyasiga taqdimnoma kiritadi. MSK besh kun ichida xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va ro‘yxatini o‘zining rasmiy veb-saytida e’lon qiladi.

 

Agar akkreditatsiya uchun taqdim etilgan hujjatlar qo‘yilgan talablarga javob bermasa yoki muddatidan kech taqdim qilinsa, xorijiy kuzatuvchi yoki uning nomzodini ko‘rsatgan tashkilotning faoliyati milliy qonunchilikka zid bo‘lsa yoxud O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va milliy manfaatlariga xavf solsa, qonunchiligimizga muvofiq akkreditatsiya qilish rad etilishiga asos bo‘ladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiya qilingan xorijiy kuzatuvchiga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun asos bo‘lgan tegishli mandat beriladi.

 

– Milliy qonunchiligimizda saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning maqomi va ularning vakolatlari qanday belgilangani haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

 

– Xalqaro kuzatuvchilarning faoliyati milliy qonunchilik va xalqaro huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Milliy saylov amaliyotimizda xalqaro kuzatuvchilarning aniq huquqiy maqomini belgilash modeli to‘la shakllantirilgan. Ularning huquq va majburiyatlari davlat tomonidan yuridik jihatdan majburiy kuchga ega bo‘lgan huquqiy hujjat bilan belgilanadi. Bu bilan ularning faoliyati uchun sharoit yaratishning yagona amaliyoti kafolatlanadi.

 

Saylov kodeksida xorijiy kuzatuvchi mahalliy kuzatuvchi (siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari) bilan bir xil huquqlarga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekistondagi faoliyati doirasida xalqaro kuzatuvchilar xalqaro standartlar, shu jumladan, Xalqaro saylovni kuzatish tamoyillari deklaratsiyasi va Xalqaro saylov kuzatuvchilari odob-axloq kodeksiga mos keladigan muayyan vakolatlarga ega. Ushbu vakolatlar doirasida xorijiy kuzatuvchilar bo‘lib o‘tayotgan saylovlar jarayoniga obyektiv baho berish uchun ma’lumot to‘playdi, saylov qonunchiligi va amaliyotini  o‘rganadi, saylov o‘tkazuvchi komissiyalar faoliyatiga baho beradi.

 

Xususan, xorijiy kuzatuvchilar:

 

 saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish;

 

nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish;

 

saylov uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;

 

saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatish;

 

muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti va joyi haqida xabardor bo‘lish hamda ushbu jarayonni kuzatish;

 

saylovchining turgan joyida uning ruxsati bilan ovoz berishi jarayonini kuzatish;

 

ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir bo‘lish;

 

saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini so‘rash va olish;

 

kuzatuv olib borish davomida o‘zi yollagan tarjimon hamrohligida bo‘lish;

 

saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish (qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalari bundan mustasno);

 

kuzatuv natijalari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillariga murojaat qilish;

 

saylovoldi tashviqoti belgilari bo‘lmagan, familiyasi, ismi va otasining ismi, o‘zi vakillik qilayotgan tashkilotning nomi ko‘rsatilgan ko‘krak nishonlari taqish;

 

okrug saylov komissiyasi tomonidan uchastka saylov komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalarni qabul qilib olish hamda okrug bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash jarayonida hozir bo‘lish;

 

harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalariga borishi haqida kamida uch kun oldin tegishli uchastka saylov komissiyasini belgilangan tartibda xabardor qilish;

 

agar saylov uchastkasida saylovga oid qonunchilik va xalqaro normalar talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida ushbu uchastka saylov komissiyasi a’zolariga ularning ishiga aralashmagan holda ma’lum qilish, shuningdek yuqori turuvchi saylov komissiyalariga xabar berish;

 

saylov to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari haqida hamda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uning o‘tkazilishi bo‘yicha o‘z fikrini bayon qilish.

 

Shu bilan birga, xalqaro hujjatlarga ko‘ra, davlatning ichki ishi hisoblangan va tashqaridan har qanday noqonuniy aralashuvdan himoyalanish lozim bo‘lgan ichki siyosiy jarayonlarga bilvosita yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashish holatlarining oldini olish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar to‘g‘risidagi nizomida xalqaro kuzatuvchilarga o‘z vakolatlarini amalga oshirishda muayyan majburiyatlar/cheklovlar belgilanganki, ular ushbu cheklovlarga rioya qilishlari shart.

 

Jumladan, xorijiy kuzatuvchilar

 

– o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlari, jumladan, O‘zbekistonda bo‘lish qoidalari, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasidagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan norma va prinsiplariga amal qilish;

 

– saylovlar ustidan xalqaro kuzatuvni amalga oshirish borasidagi o‘z vazifalarini xolislik, siyosiy betaraflik prinsiplariga amal qilgan holda bajarish, saylovlarni o‘tkazuvchi komissiyalar, davlat organlari, mansabdor shaxslar, saylovlar ishtirokchilariga nisbatan qanday bo‘lmasin biron-bir tarzda afzallik bildirishdan voz kechish;

 

– barcha darajadagi saylovlar o‘tkazuvchi komissiyalarga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga hamda boshqa tashkilotlarga kirganida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan mandatni shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda ko‘rsatish;

 

– o‘z xulosalarini o‘tkazilgan kuzatuv va haqiqiy materiallar bilan asoslashi talab etiladi.

 

Shuningdek, xorijiy kuzatuvchilarga cheklovlar sifatida ovoz beruvchi ovoz berish byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish; ovoz beruvchilarga ta’sir o‘tkazish, biron bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish; ovoz beruvchilardan ular qanday ovoz berganliklarini surishtirish yoki ularga ovoz berish byulleteniga belgi qo‘yishda biron bir tarzda yordam ko‘rsatish; saylovlar o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan ovoz berish qutilarini muhrlash, ularni ochish, ovozlarni sanab chiqish chog‘ida aralashish; saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylovlar natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan referendum bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish man etiladi.

 

Xorijiy kuzatuvchilarning saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarda ishtirok etishi Markaziy saylov komissiyasi bilan oldindan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

 

Qoida tariqasida, xalqaro kuzatuvchi u Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xalqaro kuzatuvchi sifatida akkreditatsiya qilingan kundan e’tiboran saylov kampaniyasining istalgan bosqichida o‘z faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega. Xalqaro kuzatuvchining vakolatlari saylov natijalari rasmiy e’lon qilinganidan keyin tugaydi.

 

– Xalqaro kuzatuv natijalari saylov bo‘yicha milliy qonunchilik bazasini takomillashtirishga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi? Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar qay darajada samarali deb baholaysiz?

 

– O‘zbekistonda shakllangan xalqaro kuzatuv amaliyotiga muvofiq, saylov jarayoni monitoringi natijalari bo‘yicha e’lon qilingan xulosa va tavsiyalar e’tibordan chetda qolmaydi. Milliy saylov qonunchilik bazasi va saylov o‘tkazish amaliyotini takomillashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Fikrimizga YEXHT DIIHB bilan hamkorlikni misol qilib keltirish mumkin.

 

Ushbu xalqaro tashkilot missiyalari 1999-yildan buyon saylovlarni kuzatish uchun taklif etilmoqda. O‘tgan parlament va Prezident saylovlaridagi kuzatuvlar natijasi sifatida ular tomonidan bir qancha taklif va tavsiyalar berilgan. So‘nggi yillarda O‘zbekiston ushbu tashkilotning saylovlarni kuzatish bo‘yicha qator tavsiyalarini bosqichma-bosqich amalga oshirdi. Bunga Saylov kodeksining qabul qilinishi, saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilgani va bir qator kiritilgan boshqa yangiliklar yaqqol misol bo‘la oladi.

 

Yana bir misol – YEXHT DIIHBning Ehtiyojlarni baholash missiyasi joriy yil may oyida yurtimizga tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘z hisobotida O‘zbekiston bo‘lajak saylovlarni o‘tkazishga tayyorligini yuqori baholab, saylov organlari va tegishli idoralarning amalga oshirilayotgan ishlari, shu jumladan, 2023 yilgi konstitutsiyaviy islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lgan saylovlarni o‘tkazishning huquqiy va me’yoriy shartlarini takomillashtirish, markaziy va hududiy saylov komissiyalarini tuzishning yangi qoidalarini ijobiy baholaydi.

 

Shu bilan birga, 2023-yilda bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy referendum va Prezident saylovi monitoringi natijalari bo‘yicha DIIHBning tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan “yo‘l xaritalari”i qabul qilinganini ijobiy qadam sifatida e’tirof etgan. Shuningdek, hisobotda O‘zbekiston tomonidan DIIHBning muqaddam taklif qilingan bir qator tavsiyalarini amalga oshirish qo‘llab-quvvatlanayotgani qayd etilgan. Shular qatorida xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faolligini oshirish, qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganlarning ovoz berish huquqlariga to‘liq cheklovlarni bekor qilish, alohida shaxslar tomonidan Oliy sudga shikoyat qilishlari uchun yig‘im (davlat boji) bekor qilinganini aytib o‘tish joiz.

 

Xususan, DIIHBning huquqiy layoqatga asoslangan ovoz berish chegarasini bo‘yicha tavsiyasini Uzbekiston tomonidan xalqaro majburiyatlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilgan choralarni misol qilib keltirish mumkin.

 

Birinchi navbatda, 2021-yil iyul oyida mamlakatimiz tomonidan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Keyingi qadam huquq layoqati cheklangan shaxslarning saylovlarda boshqalar bilan teng huquqliligini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash bo‘ldi.

 

Yangi tahriridagi Konstitutsiyamizda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sud hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkinligi belgilangan. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Keyinchalik bu konstitutsiyaviy norma saylov qonunchiligida mustahkamlab qo‘yildi. 2023-yil 6-mayda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonun va Saylov kodeksining tegishli moddalari yangi tahrirda bayon qilindi. Muomalaga layoqatsiz shaxslar faqat sud qarori bilan saylov huquqidan mahrum etilishi mumkinligi belgilandi. Ushbu norma shaxs o‘z huquqiy subyektivligini tan olish huquqidan mahrum qilinishi yoki bu huquq cheklanishi mumkin bo‘lgan holatlarni istisno qilishning konstitutsiyaviy kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

 

Ayni paytda, yurtimizda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi saylovda YEXHT DIIHBning keng ko‘lamli kuzatuv missiyasi ishtiroki kutilmoqda. Ya’ni, birgina ushbu xalqaro tashkilotdan 12 nafargacha asosiy guruh a’zosi, 28 nafar uzoq muddatli va 300 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi kelishi kutilyapti. Qolaversa, boshqa xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlardan ham ko‘plab kuzatuvchilar ushbu muhim siyosiy tadbirda qatnashishga qiziqish bildirmoqda. Bu esa saylovni umume’tirof etilgan demokratik qadriyatlar, ochiqlik, tenglik, oshkoralik tamoyillari asosida o‘tishida muhim omil bo‘ladi.

 

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Bahor XIDIROVA suhbatlashdi

 

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2024-yil 22-avgust. 168-soni (1229)

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur