 
                
Saylov — demokratiya ko‘zgusi. Zero, har qanday mamlakatda ochiqlik, oshkoralik, so‘z erkinligi, saylash va saylanish huquqiga oid umume’tirof etilgan ko‘plab demokratik tamoyillarning amalda nechog‘lik ta’minlangani aynan saylov jarayonida namoyon bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2019-yili O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining qabul qilinishi mamlakatimiz milliy saylov tizimida tub islohotlarning yangi davrini boshlab berdi. O‘tgan yillar mobaynida saylov va referendum o‘tkazish bo‘yicha milliy qonunchilik va amaliyoti xalqaro standartlarga mos demokratik tamoyillar asosida yangilandi. Saylov kodeksi amaliyotga kiritilgach, avvalo, saylovga oid mavjud barcha qonunlar va qonunosti hujjatlari yaxlit hujjatga jamlandi. Bevosita ishlaydigan qonun maqomini oldi.
O‘tkazilayotgan har bir islohot avvalo inson va jamiyat manfaatiga xizmat qilgan taqdirdagina kutilgan samaralarni beradi.
Inson qadrini yuksaltirishga ustuvor vazifa sifatida qaraladigan Yangi O‘zbekistonda bunday yuksak samaralarni saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayonlar adolatli, halol, shaffof, umume’tirof etilgan standartlar va eng maqbul amaliyotlar, mamlakatimizning saylovlar sohasidagi xalqaro majburiyatlariga binoan o‘tkazilayotganida ko‘rish mumkin.
Eng muhimi, fuqarolar o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishi uchun barcha sharoitlar yaratilib, saylovchilar mavjud imkoniyatdan samarali foydalanadi.
Buni o‘tgan saylovlar va referendum jarayonlarini bevosita kuzatib borgan nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi, Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi missiyalari va xorijiy mamlakatlarning yuzlab kuzatuvchilarining e’tiroflari ham yaqqol tasdiqlab turibdi.
So‘nggi yillarda saylov jarayonlarida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar va saylov jarayonida ishtirok etuvchi barcha subyektlarning huquqiy mas’uliyatini oshirish maqsadida bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani saylovchilar, saylanuvchilar va saylov tashkilotchilarining nafaqat huquq va imkoniyatlarining yanada kengayish, balki mas’uliyatining oshishiga ham xizmat qilmoqda. Saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikning aniq va samarali mexanizmlari shakllantirilgani ana shunday o‘zgarishlardan biridir.
Saylov qonunchiligini buzganlik uchun belgilangan javobgarlik, avvalo, umumiy prinsip sifatida Saylov kodeksining 103-moddasida o‘z ifodasini topgan. Mazkur moddada saylov qonunchiligini buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi qat’iy belgilangan. Bu me’yor fuqarolarning saylov huquqini himoya qilish va saylov jarayonida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.
Saylov qonunchiligini takomillashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar orasida ma’muriy javobgarlik tizimining yanada aniq va samarali yo‘lga qo‘yilgani alohida ahamiyatga ega. Mamlakatimizda saylov jarayonida huquqbuzarliklarning oldini olish va har bir fuqaroning saylov huquqini to‘laqonli ta’minlash maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda keng qamrovli va aniq huquqiy mexanizmlar yaratildi.
Bunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan saylov islohotlarida xalqaro tajriba va nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tavsiyalari inobatga olindi. Bu esa milliy qonunchilikda adolat, oshkoralik va fuqarolar irodasining erkin namoyon bo‘lishi uchun huquqiy kafolatlar yaratilishida muhim omil bo‘ldi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning maxsus bobida saylov va referendum jarayonida sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar to‘liq qamrab olingan. Xususan, saylov komissiyalari faoliyatiga aralashish, ularning qarorlarini ijro etmaslik, nomzod, kuzatuvchi va siyosiy partiya vakillarining huquqlarini buzish yoki ular to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar tarqatish, tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish, axborot va tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilish, jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov yoki referendum natijalari taxminlarini chop etish (e’lon qilish) tartibini buzish kabi harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Saylov jarayonining qonuniy va adolatli o‘tishi, fuqarolarning saylov huquqlari, davlat mablag‘laridan maqsadli foydalanish, moliyaviy hisobdorlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimli ravishda takomillashtirib borilmoqda. Buning yaqqol misoli sifatida 2024-yil 4-sentabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni alohida ta’kidlash joiz. Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi, ya’ni 5110 va 5111-moddalar kiritildi.
Kodeksning 5110-moddasida saylov (ovoz berish) byulletenlarini berish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Amaliyotda ko‘p uchraydigan “boshqa shaxslar nomidan ovoz berish” holatlarini qonun yo‘li bilan cheklash, saylov komissiyasi a’zosi tomonidan bunday holatga yo‘l qo‘yilgan taqdirda esa uni ma’muriy javobgarlikka tortish mexanizmi yaratildi. Bu orqali “Bir saylovchi — bir ovoz” tamoyili to‘laqonli kafolatlandi.
Shuningdek, Kodeksga kiritilgan qo‘shimcha 5111-modda bilan saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar belgilangan tartibda va muddatda hisobot taqdim etmasa, yoki hisobotda bilib turib noto‘g‘ri ma’lumot keltirilsa, mazkur harakatlar uchun ham mansabdor shaxslarga ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bu norma saylovda davlat mablag‘larining sarflanishida shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash, saylov jarayonidagi korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Ushbu yangi moddalarning qonunchilikka kiritilishi orqali saylov jarayonida adolat, qonuniylik va oshkoralikka erishish, huquqbuzarliklarni bartaraf etish, fuqarolarning saylovda erkin ishtirok etishi uchun yanada mustahkam huquqiy asos yaratildi.
Bundan tashqari, saylov jarayonidagi huquqbuzarliklarning ayrim turlari jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazish xavfini tug‘dirgani tufayli jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 146-moddasi alohida ahamiyatga ega. Xususan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov (ovoz berish) byulletenlariga yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni bila turib noto‘g‘ri sanash kabi harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 147-moddasida fuqarolarning saylov huquqini, nomzod yoki ishonchli vakil vakolatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilgan. Shu bilan birga, fuqarolar, nomzodlar, partiyalar yoki ularning vakillariga nisbatan bosim o‘tkazish, qo‘rqitish, aldash yoki zo‘ravonlik yo‘li bilan ularning saylovdagi ishtirokini cheklash jinoiy javobgarlikka sabab bo‘luvchi ijtimoiy xavfli qilmish sifatida baholanadi.
Aynan ushbu qonun normalari amaliy hayotda saylov jarayonida ochiq-oshkoralik va adolatli raqobat muhitini ta’minlaydi. Jinoiy javobgarlikning qat’iy belgilanishi esa davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning siyosiy huquqlarini to‘liq kafolatlash, mas’uliyatini oshirish uchun muhim huquqiy asos bo‘ladi.
Bugungi huquqiy islohotlar fuqarolarning saylov huquqini ishonchli himoya qilish, jamiyatda huquqiy ong va saylov madaniyatini yuksaltirish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasidagi amaliy qadamlar sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Anvar RO‘ZIYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi
kotibiyati rahbari
“Jamiyat” gazetasining 2025-yil 25-sentabrdagi №38 (957) sonida chop etilgan