SAYLOVCHILAR YAGONA ELEKTRON RO‘YXATI: TAKOMIL VA TARAQQIYOT

20.03.2023

35657

msk_yangiliklari_in

Bugunga kelib zamonaviy axborot texnologiyalarining saylov jarayoniga taʼsiri ham sezilarli darajada oshdi. Soʻnggi yillarda saylov amaliyotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yangi imkoniyatlaridan foydalanish boʻyicha muayyan tajriba toʻplandi. Bu fuqarolar saylov huquqlarining Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va milliy qonunchilikka, xalqaro saylov standartlariga muvofiq, amalda taʼminlanishiga zamin yaratmoqda.

 

Hozirda milliy saylov jarayonida zamonaviy AKT keng koʻlamda qoʻllanilmoqda. Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (SJBAT), saylovchilarning yagona elektron roʻyxati (SYER), saylov jarayonlarini videokuzatuv, interaktiv xizmatlarga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti (masalan, “Oʻzingizni saylovchilar roʻyxatidan toping”, “Saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish” va boshqalar) va “Saylov2021» maxsus veb-portali, elektron pochta, maxsus telegram bot, facebook, instagram, youtube va twitterdagi tezkor xabarlar, saylov komissiyalari aʼzolari tezkor foydalanishi uchun maxsus mobil ilovalar shular jumlasidandir. Yaratilayotgan bunday keng imkoniyatlar saylov jarayoni samaradorligini oshirishga xizmat qilayotir.

 

MUHIM VAZIFALARDAN BIRI

 

Rivojlangan mamlakatlarda saylov jarayonlarida zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilishi saylovning ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashning asosiy omili sifatida qaralmoqda. Shuni taʼkidlash kerakki, AKTni keng joriy etish yoʻli bilan milliy saylov jarayonini yanada takomillashtirishga qaratilgan birinchi qadam sifatida Oʻzbekistonda 2017-yili saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish borasida ishlar boshlandi. Bunda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxatini shakllantirish va yuritish toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlangan edi. Mazkur axborot tizimi 2017-yil dekabr oyida Toshkent shahar xalq deputatlari kengashiga saylovlarda sinovdan oʻtkazildi hamda u xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi. Endilikda ushbu yoʻnalishdagi eng muhim vazifa – saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini joriy etish, butun mamlakat boʻylab saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish va takomillashtirishdan iborat boʻldi.

 

Ayni paytda mazkur sohadagi islohotlarni amalga oshirish eng muhim vazifalardan biri sifatida belgilab olindi va qator hujjatlar qabul qilindi.

 

Xususan, zamonaviy AKTni tatbiq etish orqali saylov jarayonini isloh qilish Harakatlar strategiyasini 2018-yilda amalga oshirishga doir davlat dasturida koʻzda tutilgan edi. Bu hujjatda zamonaviy AKT keng joriy etilishi mamlakatdagi saylov jarayonini yanada takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab berildi.

 

Prezidentning “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi huquqiy bazaning muhim tarkibiy qismidir. Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida ham saylov jarayonini rivojlantirishning ustuvor vazifalari bilan birga, ushbu sohada AKTdan keng foydalanish, axborot xavfsizligini taʼminlash borasida eng muhim vazifalar belgilab berilgan.

 

Ushbu jarayonga MSK (umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshirish), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (yagona texnologik yondashuv), Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (reyestrlarni yuritish) va “UNICON.UZ” — “Fan-texnika va marketing tadqiqotlari” markazi davlat unitar korxonasi (tizimni yaratish va unga texnik xizmat koʻrsatish) jalb etildi.

 

Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda xorijiy tajribani oʻrganib, 2019-yilda mamlakat parlamenti va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtgan saylovlarda foydalanish uchun Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi ishlab chiqildi va joriy etildi.

 

Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish va undan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi normalarni (4-bob. Saylovchilar roʻyxatini tuzish) ishlab chiqish va Saylov kodeksi loyihasiga kiritish boʻyicha ishlar faol olib borildi. 2019-yilning 25-iyunida qabul qilingan kodeks saylovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va SYERni shakllantirish (28-modda), fuqarolarni saylovchilarning roʻyxatlari bilan tanishtirish, shuningdek, undagi xato yoki noaniqlik toʻgʻrisida uchastka saylov komissiyasiga arz qilish (29, 30-moddalar) masalalarini tartibga soldi.

 

Saylovda saylovchilarning elektron roʻyxatini tuzish, aniqlashtirish va ulardan foydalanish tartibi MSKning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomida ham oʻz aksini topgan. Shuningdek, fuqarolar saylov huquqlarining toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash va bir-necha bor ovoz berishning oldini olishga qaratilgan “Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidan foydalanishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi MSKning maxsus qarori qabul qilindi.

 

2019-yilgi saylov kampaniyasi davomida AKTni saylov jarayoniga tatbiq etish boʻyicha koʻrilgan amaliy chora-tadbirlar qatorida quyidagilarni alohida koʻrsatish mumkin:

 

SYAERni shakllantirish doirasida vakolatli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yilning noyabridan 2019-yilning aprel oyiga qadar uyma-uy yurishlar orqali aholini roʻyxatga kiritish tashkillashtirildi. Fuqarolarning pasport maʼlumotlari yetti millionga yaqin koʻchmas mulk obyektlari kadastr raqamiga biriktirildi. Natijada 20,5 milliondan ortiq saylovchidan tashkil topgan SYER shakllantirildi va ular saylov uchastkalariga avtomatik ravishda taqsimlandi.

 

Saylov kampaniyasi davrida uchastka saylov komissiyalari (USK) tomonidan yana bir marta uyma-uy yurilib saylovchilar roʻyxati aniqlashtirildi. Saylovlar davomida tashkil etilgan barcha 6720 saylov okrugi va 10260 saylov uchastkasi SYER bilan ishlash uchun internet tarmogʻiga ulandi. Mavjud telekommunikatsiya tarmogʻi orqali internet xizmatlarini koʻrsatishning texnik imkoniyati mavjud boʻlmagan olis va togʻli hududlarda joylashgan 40 ga yaqin saylov uchastkasi internet tarmogʻiga sunʼiy yoʻldosh aloqa tizimi orqali ulandi. 60 ta saylov uchastkasiga 120 ta videokuzatuv kameralari translyatsiyasi MSKning xalqaro matbuot markazida va veb-saytida, shuningdek, “Oʼzbekiston-24» telekanalida namoyish qilinishi orqali saylov jarayonlarini real vaqt rejimida toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

 

Tajriba tariqasida 20 ta saylov uchastkasida saylovchilar pasportlarining biometrik maʼlumotlarini identifikatsiya qiluvchi 60 ta moslama oʻrnatildi. SYAER toʻla SJBAT bilan birlashtirildi va saylovoldi kampaniyasi davrida va saylovlar yakuni boʻyicha tezkor, ishonchli maʼlumotlarni shakllantirish uchun asos boʻldi. Ushbu axborot tizimida Oliy Majlis aʼzolari, viloyat va tuman (shahar) saylov okruglari, saylov uchastkalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻplandi. MSK veb-saytida “Oʻzingizni saylovchilar roʻyxatidan toping” xizmati ishga tushirildi, undan 110 mingdan ortiq fuqaro saylov kampaniyasi davomida foydalandi.

 

Saylov tashkilotchilarining SJBAT dan foydalanish koʻnikmalarini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada respublikada 35 mingdan ziyod okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolari, operatorlar va siyosiy partiyalar aʼzolari oʻqitildi.

 

XALQARO EʼTIROF

 

YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) Saylovlarni kuzatish missiyasining Oʻzbekistonda 2019-yilgi parlament saylovlari boʻyicha yakuniy hisobotida saylov jarayoniga AKTning joriy etilishi muhim muvaffaqiyat sifatida taʼkidlandi. Jumladan, “Saylovchilar yagona elektron roʻyxatining ishga tushirilishi joriy saylovdagi muhim yutuq va avvalgi saylovlarda qoʻllangan yondashuvga qaraganda ancha ijobiy siljish boʻldi”, deyiladi hisobotda.

 

MDH kuzatuvchilar missiyasi fikricha, parlament saylovlari davomida saylovchilar roʻyxatlarini tuzish va aniqlashtirish tartibi umumiy saylov huquqi prinsipining amalga oshirilishini taʼminlash va Oʻzbekiston Respublikasining ovoz berish huquqiga ega barcha fuqarolariga saylovlarda qatnashish imkoniyatini yaratdi.

 

SHHT kuzatuvchilari missiyasining bayonotida taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonda zamonaviy AKTlarni joriy etish orqali saylov jarayoni izchil takomillashtirilmoqda. Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini joriy etish davom etmoqda. Tizim aholini saylov jarayonining borishi toʻgʻrisida keng xabardor qilish va saylovchilar roʻyxatini shakllantirishda fuqarolar hisobini yuritish imkonini beradi. Bu saylovchilar roʻyxati toʻgʻriligini taʼminlaydi va ikki marta ovoz berish imkoniyatini istisno qiladi.

 

MDH Parlamentlararo assambleyasi ekspertlar guruhining kuzatuvi natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori Oʻzbekiston tarixida ilk bor Qonunchilik palatasiga saylovlar uchun saylov kampaniyasi boshlanishiga qadar SYER va SJBAT shakllanishiga imkon yaratdi. AKTdan foydalanish saylov jarayoni tashkilotchilari ishini sezilarli yengillashtirishga, saylov qonunchiligi buzilishini istisno qilishga imkon yaratayotgani taʼkidlandi. “Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar saylovchilarning saylov huquqlaridan foydalanish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi. Masalan, chet eldagi fuqarolar saylov.mfa.uz veb-sayti orqali xorijdagi saylov uchastkalariga saylovchilar roʻyxatiga kiritishni soʻrab elektron shaklda murojaat qilishi mumkin edi. Umuman olganda, saylov kampaniyasi davrida chet elda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga qiyinchiliklarsiz ovoz berish huquqidan foydalanish uchun qulay sharoit yaratildi”, deyiladi MDH Parlamentlararo assambleyasi ekspertlar guruhi hisobotida.

 

TAKOMILLASHTIRISH DAVOM ETMOQDA

 

SYER bilan ishlashning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish ishlari davom etmoqda. Joriy yilning oʻzida bir necha muhim normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi buning tasdigʻidir. Xususan, 8-fevralda “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunda saylovchilar roʻyxati bilan ishlashga doir yangi qoidalar koʻzda tutilgan.

 

Saylov kodeksida saylovchilar roʻyxatiga oʻzgartirishlar kiritishni toʻxtatish muddati oʻzgartirilib, saylovga besh kun qolganda boʻlishi belgilandi. Chet davlatlarda turgan fuqarolarga saylovchilar roʻyxatidagi oʻziga tegishli maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (TIV), Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rasmiy veb-saytlari orqali ham taʼminlanadi.

 

Shuningdek, joriy yilning 6-mayida Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxatini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarorining qabul qilinishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga qulay sharoit yaratishga hamda ularning bevosita saylov huquqlari kafolatlari taʼminlanishiga xizmat qiladi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan fuqarolarning koʻchmas mulk obyektlari kadastr raqamlari va ular joylashgan manzili maʼlumotlarini taqdim etish belgilanishi SYAERni shakllantirishda qulayliklar yaratdi.

 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga (DPM) saylovchi fuqarolar toʻgʻrisida taqdim etadigan davlat organlari safi kengaytirilmoqda. Bundan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Milliy gvardiya tizimidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan, muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan va harbiy qismlardagi fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni DPMga taqdim etish belgilangan. Mavjud ayrim vakolatli organlarning saylovchi fuqarolar toʻgʻrisida taqdim etadigan maʼlumotlari va taqdim etadigan muddatlari qonunchilikka kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar orqali aniqlashtirildi. Bularning hammasi vakolatli organlar tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar orqali har bir saylovchi boshqa saylovchilar roʻyxatiga kiritilishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

 

DEMOKRATIK TAMOYILLARGA AMAL QILIB

 

Maʼlumki, umumiylik, tenglik, erkinlik, adolatlilik, maxfiylik, ochiqlik va hisobdorlik umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov tamoyillari hisoblanadi. Ushbu demokratik tamoyillarning amaldagi ifodasi saylov paytida har bir ovoz hisobga olinishi va har bir fuqaro davlat hokimiyati vakillik organlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etishida oʻz aksini topadi.

 

Bundan tashqari, saylov jarayonida saylovchilar roʻyxatiga kiritilganlar soni-salmogʻi asosida, masalan, maʼmuriy birliklar soni va saylov uchastkalarining joylashuvi, saylov uchastkalariga yetkazilishi lozim boʻlgan byulletenlar va saylov materiallarining miqdori, ovoz berishda qatnashganlar soni kabilar bilan bogʻliq muhim qarorlar qabul qilindi.

 

Milliy qonunchilikda SYER vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni oʻz ichiga olgan davlat axborot resursi sifatida taʼriflanadi.

 

Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati Saylov kodeksiga muvofiq, DPM tomonidan berilgan saylovchilar – fuqarolar hamda saylov kampaniyasi davomida saylovchilar roʻyxatlarini aniqlashtirish orqali USKlar tomonidan taqdim etilgan saylovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida shakllantiriladi va yangilanadi. Keyinchalik, SYERdan har bir saylov uchastkasi uchun saylovchilar roʻyxati olinadi.

 

Jazoni ijro etish muassasalarida, harbiy qismlarda, kasalxonalarda va boshqa statsionar tibbiy muassasalarda vaqtincha boʻlgan, shuningdek, chet elda yashovchi saylovchilarning roʻyxatlari ushbu muassasalar rahbarlari yoki tegishli diplomatik vakolatxonalar tomonidan tuziladi.

 

Har bir USK tuzilganidan keyin uch kun ichida SYERda taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki roʻyxatini oladi. USK saylovchilarning dastlabki roʻyxatini olganidan keyin uni mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yoʻli bilan aniqlashtirish choralarini koʻradi. USK saylovchilar roʻyxatini aniqlashtirish boʻyicha ishda ishtirok etish uchun jamoatchilik vakillarini jalb etishi mumkin. Tumanlar va shaharlar hokimliklari saylovchilarning roʻyxatlarini aniqlashtirish ishlariga koʻmaklashadi.

 

Saylov komissiyalari aholini uyma-uy aylanib chiqish natijalari saylovchining saylovchilar roʻyxatiga saylovchilarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va yashash manziliga oid oʻzgartirish kiritishiga asos boʻladi. Saylovchilarning roʻyxati har bir saylov uchastkasi boʻyicha USK tomonidan tuziladi hamda uning raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. Saylov kuni saylov uchastkalarida SYAERdan olingan saylovchilar roʻyxatlaridan foydalaniladi. Shunday qilib, bitta saylovchi bitta emas, balki bir-nechta saylov uchastkalari roʻyxatida boʻlishi holatlarining oldi olinadi.

 

Saylov kodeksida fuqarolarga USK binosida saylovchilar roʻyxati bilan tanishish, shuningdek, MSKning rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar roʻyxatidan oʻziga tegishli maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.

 

Chet davlatlarda turgan fuqarolarga saylovchilar roʻyxatidagi oʻziga tegishli maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati TIV, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rasmiy veb-saytlari orqali ham taʼminlanadi.

 

Saylovchilarning roʻyxatlari saylovga oʻn besh kun qolganida, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.

 

Chet elda vaqtincha yoki doimiy istiqomat qilayotgan saylovchilar oʻzlari yashab turgan mamlakatdagi saylov uchastkalarida saylovchilar roʻyxatiga kiritish uchun yozma ravishda ariza berishi yoki saylov oʻtkazilishidan oʻn besh kun oldin TIVning rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin. Oʻz navbatida, TIV xorijiy saylov uchastkalarida saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar toʻgʻrisida umumlashtirilgan maʼlumotlarni SYERga tegishli tuzatishlar kiritish uchun DPMga taqdim etadi. Qandaydir sababga koʻra saylovchilar roʻyxatiga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari saylovchining shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar roʻyxati ilovasiga kiritiladi.

 

Caylovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 20-avgustida MSK tomonidan “Saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom qabul qilindi. Unga koʻra saylovchi SYERdagi saylov uchastkasi haqidagi maʼlumotlar bilan uning doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzili oʻzaro nomuvofiq boʻlgan taqdirda saylov uchastkasini oʻzgartirishi mumkin. Ushbu interfaol xizmat Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va MSK ning rasmiy veb-sayti orqali koʻrsatiladi. MSK ning rasmiy veb-sayti, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va SJBAT oʻrtasidagi idoralararo elektron axborot almashinuvi yordamida amalga oshiriladi.

 

Joriy etilayotgan saylov uchastkasini oʻzgartirish boʻyicha yangi xizmat tizimi saylovchilarga yanada qulaylik yaratish bilan birga, USKlar faoliyati samaradorligini oshirishga koʻmaklashadi. Bundan tashqari, Saylov kodeksida saylovchilar roʻyxati xususida bahslashuv imkoniyatlarini tartibga soluvchi qoidalar mavjud. Har bir fuqaro saylovchilarning roʻyxatlaridagi xato yoki noaniqlik toʻgʻrisida USKga arz qilishi mumkin. USK 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilgani toʻgʻrisida asoslantirilgan javob berishi shart. Shu bilan birga saylovchilarning roʻyxatlariga oʻzgartishlar kiritish saylovga besh kun qolganida toʻxtatiladi.

 

XALQARO AMALIYOT VA MILLIY QONUNCHILIK

 

DIIHBning saylov qonunchiligi tahlili boʻyicha tavsiyalarida ovoz berish huquqi faqatgina qonunchilik bazasida shaxsning saylovchi sifatida roʻyxatdan oʻtishi uchun qulay tartib yaratilgan, saylovchilar roʻyxatlarining toʻgʻriligi taʼminlangan, ovozlarning adolatli hisoblanishiga kafolat mavjud boʻlganda haqiqiy ahamiyatga ega. Toʻliq shaffoflik tamoyili saylovchilarni roʻyxatga olish va saylovchilar roʻyxatini yuritishning asosiy standartlaridan biri sifatida belgilangan.

 

Oʻzbekistonda SJBAT va SYER DIIHBning muntazam ravishda yangilanib va turli manbalar orqali qayta tekshirilib turiluvchi markazlashgan saylovchilar roʻyxatini shakllantirish yuzasidan bergan tavsiyasi asosida ishlab chiqilgan. Bu borada Buyuk Britaniya, Daniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Moʻgʻuliston, Qirgʻiziston kabi mamlakatlar tajribasi chuqur oʻrganilgan.

 

Jahon amaliyotida avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini saylov jarayonlarida qoʻllashning mintaqaviy va federal turlari mavjud. Mintaqaviy usul (masalan, AQSHda) saylovlarni avtomatlashtirishda mahalliy saylov organlari javobgarligini nazarda tutsa, “federal” usulda (masalan, Kanadada) ushbu jarayon markazlashgan holda amalga oshiriladi. Ikkinchi usul, oʻzining yaqqol afzalliklari tufayli qulayroq hisoblanadi. Avtomatlashtirilgan tizim saylov tizimining elektron shakli boʻlishi lozim.

 

Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimiz milliy saylov tizimiga raqamli texnologiyalarining izchil va muvaffaqiyatli joriy etilayotgani fuqarolarning eng muhim konstitutsiyaviy huquqlaridan biri – saylash va saylanish huquqini amalda taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda.

 

Gulnoza RAHIMOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov

komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur

  • ABDUAZIMOV NODIRBEK BOSIMOVICH

    327

  • SABIROV TOXIR TULKINOVICH

    439 SU ROYXATI