DAHOLARDAN ULUG‘LIK ULGUSINI OLISH – VATANGA MUNOSIB FARZAND BO‘LISHNING MUHIM SHARTI

27.01.2023

4395

msk_yangiliklari_in

Daho darajasiga yetishgan zotlar oʻzlari tugʻilib oʻsgan joy, oʻzlari mansub boʻlgan millatni mukarram etadilar – dunyoga tanitadilar. Misol tariqasida musulmon olamida mashhur Imom Buxoriy, Imom at-Termiziy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshbandiy, az-Zamaxshariy va yana oʻnlab bobokalonlarimizning nomlarini keltirishimiz mumkin. Xususan, Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyotiga, xususan, ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifatning yuksalishiga ulkan hissa qoʻshgan.

 

Ular tomonidan barpo etilgan buyuk saltanatlar, muhtasham tarixiy obidalar bugun ham xalqimiz dahosining yorqin namunalari sifatida dunyo ahlini hayratga solib kelmoqda. Xorijda shu zotlar tufayli vatandoshlarimizga alohida hurmat va ehtirom koʻrsatilgani bot-bot qulogʻimizga chalinib turadi. Bularning barchasi oʻtmishimiz nechogʻli ulugʻvor ekanini anglatadi.

 

Mana shu shonli oʻtmish qalblarimizga faxr-iftixor tuygʻularini tarbiyalash barobarida, saboq vazifasini ham oʻtaydi. Ularga munosib avlod boʻlish masʼuliyatini zimmamizga yuklaydi. Chunki oʻtmishidan faqatgina gʻururlanish, bobolari bosib oʻtgan zafarli masofalarni pesh qilib ulugʻlikka daʼvo qilish – millatning ravnaqiga xizmat qilmaydi. Binobarin, harakatchanlik, ishtiyoq va sobitqadamlikka uygʻun boʻlmagan umidvorlik notavonlik belgisidir. Yoki Aristotel aytganidek: «... hamma narsaning mohiyati uning harakatida namoyon boʻladi”.

 

Shu oʻrinda ulugʻlarimiz – bobarokat bobolarimiz anʼanasini davom ettirish omili nima, degan haqli savol tugʻiladi. Nima qilsak ajdodlarimizga munosib avlod boʻlamiz? Batafsil javob aytish oʻta murakkab. Bir oddiy haqiqatni eslatib oʻtishni oʻrinli deb bildik. Ulugʻlik martabasiga musharraf boʻlgan oʻtmishdoshlarimizning birortasi ham bu masnadga siym-u zar bilan emas, balki ilm-u hunar, tinimsiz izlanish, intilish, harakat qilish bilan erishganlar. Oʻzlarida eng goʻzal insoniy fazilatlarni kamol toptirish orqali xulqlariga husn, odoblariga oro berganlar – aʼmollarini ziynatlaganlar.

 

Sirasini aytganda odob – oʻqibgina oʻrganiladigan ilm emas. Uning urugʻi inson bolasining qalbiga avval boshdayoq qadalgan boʻladi. Oʻqish-oʻrganish, pand-u nasihat, tanbih, oʻgit va ulgu – bularning barchasi odamning odobini orasta etguvchi vositalar xolos.

 

Qurʼoni karimda (Alloh) ota-onaning qadrini quyosh qadar sarbaland etgani, basharti shunday qilmaganida ham bandasi bu haqiqatni fahm-u farosati bilan anglashi lozimligi uqtirilgan. Darhaqiqat, katta koʻchani kesib oʻtayotgan qariyaga qoʻltiqdosh boʻlish, jamoat transportida keksalarga joy berish yoki kichik yoshdagi bolalarni bezorisifat bolalar taʼqibidan himoya qilish uchun albatta qaysidir mutafakkirning bu boradagi asarini oʻqigan boʻlishimiz shart emas (oʻqigan boʻlsak nur ustiga aʼlo nur, albatta).

 

Bu insonda tabiiy ravishda kechadigan jarayon. Burch darajasidagi qaraladigan qonimizda shunday unsurlar bor. Shuning barobarida oʻqib-oʻrganiladigan va amal qilinishi shart boʻlgan ilmlar ham mavjud. Masalan, huquqiy bilimlar. Bu borada Konfusiy aytganidek: “Oʻqigan biladi, bilgan amal qiladi”. Jamiyatda amalda boʻlgan qonunlarni bilmaslik siyosiy gʻoʻrlik, huquqiy savodsizlik belgisi sanaladi. Bunday kishilarni chalgʻitish, xohlagan tomonga ergashtirish oson kechadi. Chunki oʻqimaydigan kishi nainki qonunlar bilan tanish emas, u oʻzligini bilmaydi, oʻtmishini tanimaydi.

 

Shu bois ham har bir davrda yoshlarning ongida oʻtmishga hurmat hissini tarbiyalash dolzarb mavzu, muhim vazifa sanalgan. Shuning barobarida bizni oʻrab turgan muhitda chalgʻituvchi omillar ham bisyor, qonimizda esa chalgʻishga moyillik uygʻotuvchi qusurlar mavjud.

 

Birgina misol: aholimizning aksari sevib tomosha qiladigan hind filmlari uzoq vaqt qadriyatlarimizga qarshi ishlab keldi. Udumlarimizni ulugʻlashga emas, ulardan uzoqlashtirishga xizmat qildi. Irodasi sust, tashqi taʼsirlarga tez beriluvchan ayrim fuqarolarimiz filmlarga taqlidan ayrim nomaʼqulchiliklardan oʻzlarini tiya olmagan hollar ham uchradi (bunday hollar faqat hind filmlariga taalluqli emas. Binobarin katta ekranlarda “Fantomas ” filmi namoyish etilganida shunga taqlidan oʻgʻirlik jinoyatlari koʻpayganini, Shvarsenegger , Jan Klod Van Damm ishtirokidagi filmlar taʼsirida koʻcha-koʻyda mushtlashuvlar, mayda bezorilik illatlari urchiganligini katta yoshdagilar yaxshi eslashadi).

 

“Bobbi” filmini eslang. Sevgida omadi chopmagan yoshlar oʻzlarini suvga choʻktirib qurbon qilmoqchi, shu yoʻl bilan qalbi soʻqir otalarning koʻzini ochib qoʻymoqchi boʻlishadi. Kinoda shunday boʻladi ham. Hayotda-chi? Oʻsha kezlari qanchadan-qancha qiz-juvonlar muhabbat mojarosida oʻzlariga oʻt qoʻyganlari koʻpchiligimizning yodimizda. Bundan ehtimol qattiqqoʻl otalarning diydasi yumshagandir, ammo ularning koʻzlari manguga yumilgancha qoldi.

 

Hind filmlaridan yuqqan yana bir illat ota-oʻgʻil munosabatlaridagi parokandalikdir. Bilasiz hind filmlarida mana shu ziddiyat boʻrttirib talqin qilinadi. Betgachopar oʻgʻil uning tashvishini qilayotgan otaning raʼyiga qarshi borib, ters gapirib yuziga sapchiydi. Hattoki, kostyumini yelkasiga tashlab ota uyini tark etadi. Oxir-oqibat u haq boʻlib chiqadi, ota – mulzam boʻlib qoladi.

 

Xoʻsh, oʻsha davr yoshlari bundan qanday saboq oldi? Bunga shunchaki kino deb qaraganlar qatorida, uni hayotga tatbiq qilganlar boʻlmadi deysizmi?! Otasiga zarda qilib uyini tantanali tarzda tark etgan yigitlardan biri, ketishimku kinodagidek boʻldi-yu, bu yogʻi oʻxshamayapti-da, deb, pushaymon boʻlgan ekan. Oʻxshamaydi ham, axir otasini norozi qilgan qaysi bolaning omadi chopgan?

 

Xalqimizning purmaʼno hikmatlariga quloq tutaylik. Ikki toifa odamlarga yaxshilik qilib boʻlmaydi, debdi donishmand. Birinchisi, ota-onasining roziligini olmagan insonga, ikkinchisi ota-onasining roziligini olganga, deb fikriga yakun yasabdi u. Uni tinglab turganlar ajablanib qolishibdi. Shunda u oʻtirganlarga yuzlanib fikriga aniqlik kiritibdi: “Birinchisiga yaxshilik qilding nima-yu qilmading nima – foydasi yoʻq. Ikkinchisi esa yaxshilikka muhtoj emas!” Chunki, ota-onasini rozi qilgan farzanddan Alloh ham, bandasi ham rozi. Rozilik, halollik, poklik ila maqsadga intilgan inson albatta oʻz orzu-maqsadiga yetishadi. Hayotda bunga misollar juda ko‘p...

 

Qizigʻi shundaki shoʻro davrida adabiyot va sanʼat asarlari ustidan qattiq nazorat oʻrnatilgan, senzuraning taʼsiri kuchli boʻlgan. Biroq filmlarning mana shu jihati eʼtibordan soqit qilingan. Milliy mentalitetimizga zid boʻlgan bu syujetlarga hech kim eʼtiroz bildirmagan. Balki atay qilingandir! Buning bitta sababi bor, u ham boʻlsa oʻsha davr hind filmlarida uyatsiz sahnalarning deyarli uchramasligi degan farazga toʻxtalamiz. Xuddi mana shu omil hatto nuktadon nazoratchilarni ham chalgʻitgan boʻlishi kerak. Hozirgi aksariyat filmlarda, shu jumladan hind filmlarida ham uyatsiz sahnalar shu darajada urchib bormoqdaki, televizor atrofida oʻtirib, oila aʼzolaringiz bilan bu filmlarni miriqib tomosha qilish mutlaqo mumkin emas.

 

Oʻz vaqtida bu ham bir targʻibot usuli boʻlgan, albatta! Bugunda bu kabi targʻibotlar keng miqyos kasb etdi. Axborot tashuvchi texnologiyalar shu qadar rivojlandiki, endi dunyoning biror-bir mamlakatida barqarorlikni izdan chiqarish uchun katta bir armiyani boshlab borish shart boʻlmay qoldi. Informatsion xurujlar yoʻli bilan bu ish osongina hal etilyapti. Shuning uchun ham mamlakatimiz birinchi Prezidenti I.Karimov barchamizni ogohlikka daʼvat etib, jamiyatda maʼnaviy boʻshliq qoldirib boʻlmasligini, unda yot gʻoyalar urchishi mumkinligini, bugunda axborot xurujlari yadro poligonlaridan-da, xavfli tus olayotganini, buzgʻunchi yot gʻoyalar informatsiya tarzida, kino, multfilmlar, klip, rolik va boshqa koʻrinishlarda radio va teletoʻlqinlar va internet xalqaro tarmogʻi orqali tarqatilayotganini uqdirgan edilar.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida: “Bugungi tez oʻzgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari koʻrilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. Gʻarazli kuchlar sodda, gʻoʻr bolalarni oʻz ota-onasiga, oʻz yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin boʻlmoqda. Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-koʻy bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qoʻliga berib qoʻymasdan, ularni oʻzimiz tarbiyalashimiz lozim”, deya taʼkidlagan edilar.

 

Buyuk davlat arbobi Mahatma Gandi: “Uyimizga toza havo kirishi uchun derazalarni ochsak, shabada bilan birga chang, gʻubor va dovullar ham yopirilib kirib keladi. Bizni bezovta qiladi, hatto talafot ham yetkazishi mumkin”, degan edi. Darhaqiqat, bugungi dunyoda kechayotgan integratsiyalashuv jarayonida axborot oqimlari shu qadar koʻpayib ketdiki, oʻsmirlar u yoqda tursin, hatto aql-u hushini yigʻib olgan kishilar ham internetdagi xabarlarning qaysi toʻgʻri-yu qaysisi notoʻgʻri ekanini ajratishga qiynalmoqda.

 

Shu oʻrinda internet global tarmogʻi, uning ijobiy va salbiy jihatlari xususida bir oz toʻxtalsak. Insoniyatning XXI asr boʻsagʻasida informatsion-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida qoʻlga kiritgan bu yutugʻi manzurlik miqyosi jihatidan qanchalik ulkan boʻlsa, zararlilik jihatidan shundan kam boʻlmagan koʻlam kasb etmoqda. Aytish joizki internet global tarmogʻining umumtaraqqiyotga taʼsiri – rad etib boʻlmaydigan haqiqat, biroq u ayrim yoshlarimizning maʼnaviy immunitetini siqib olayotganidan ham koʻz yumib boʻlmaydi.

 

Uning ayrim buzgʻunchi saytlarida insonning iymonini izdan chiqarishga qaratilgan zoʻravonlik, behayolik, odobsizlik va fahshni, narkotik, ekstremizm va terrorni targʻib etadigan namoyishlarga ochiqdan-ochiq oʻrin berilgan. Buzgʻunchilikning barcha koʻrinishlari xuddi koʻrgazmaga qoʻyilgandek – kino qilib koʻrsatilmoqda. Bilasiz, koʻngilochar tadbirlar ichida kinoning qanchalik taʼsir kuchiga ega. Oʻtgan asrning “dohiy”laridan biri shu borada gapirib, “sanʼatlar ichida eng yaxshisi – kino” deganida, uning mana shu taʼsirchan qudratini nazarda tutgan boʻlsa ajab emas.

 

Internet global tarmogʻi orqali targʻib qilinayotgan buzgʻunchi gʻoyalardan yana biri, bu ommaviy madaniyatdir. Bu ham oʻzlikni, oʻtmishni unutishga qaratilgan gʻaraz niyatlarning ifodasi aslida. Kimlardir oʻzi botgan shaltmoqqa boshqalarni ham tortmoqchi. Buning kabi targʻibotlar taʼsiriga berilish oʻzini oʻzi sharmanda qilishdan boshqa narsa emas. Bunga tarix koʻp bor guvoh boʻlgan. XIX asrda yashagan rus adabiyotshunosi V.G.Belinskiy Pyotr I davrida Yevropa madaniyatini ruslarga singdirish uchun qilingan xatti-harakatlarni zaharxanda qilib: “Yevropa libosini kiygan rus yevropaliklarning oldida oʻzini parodiya qilgani qoldi”, deb yozgan edi. Chunki asrlar osha kiyishga odatlangan chakmonlarini yechib, torgina botfort va syurtik kiygan dvoryanlar, saroy ayonlari oʻzlarini noqulay his qilar, ayniqsa xonimlarning qoʻlini oʻpish uchun egilayotganlarida, bunga odatlanmaganlari bois pariklari qiyshayib ketar yoki oʻzlari munkib yiqilib tushishlariga oz qolar ekan.

 

Basharti milliy mentalitetimizga zid boʻlgan udumlarni, rasm-rusumlarni koʻr-koʻrona oʻzlashtirish ham shunday oqibatga olib keladi.

 

Xoʻsh, internet global tarmogʻi mavjud, undan foydalanish ixtiyoriy. Kimning qaysi saytda sayr qilayotgani, qaysi ehtiyojlarini qondirayotgani – faqat oʻziga ayon. Har bir kishining ustida nazorat oʻrnatishning iloji yoʻq, imkoni boʻlgan taqdirda ham mumkin emas, bu – xalqaro huquq talablariga zid.

 

Mana shunday vaziyatda farzandlarimizni internetga mutelikdan asrashning qanday samarali vositalari boʻlishi mumkin?

 

Mening nazarimda bu ishni eng avvalo, ota-onalar, oila oʻz zimmasiga olmogʻi darkor. Farzandining kelajagi uchun masʼullik hissi ulardan oʻta hushyorlikni, doimiy diqqat-eʼtiborda boʻlishni talab etadi. Qolaversa bu hech qaysi qonunda taʼqiqlanmagan. Jamoatchilik esa bu ishda koʻmakdosh. Xususan, bahamjihat boʻlib bolalarimizda maʼnaviy immunitetni hosil qilsak, kompyuter qarshisida sarf boʻlayotgan vaqtning qadr-qiymatini tushuntirsak, zararli gʻoyalarga ilakishib qolishning ayanchli oqibatlarini anglata olsak, soxta demokratiya niqobi ostida tiqishtirilayotgan egosentristik gʻoyalar ostida qanday gʻarazli maqsadlar yotganini isbot qilib bera olsak farzandlarimizni mushohada qobiliyatida mosuvo zombilarga aylanishdan asrab qolgan boʻlamiz. Zotan hayotimizning bor mazmun-mohiyati ham shu aslida, zotan yunon faylasufi Epiktet aytganidek, “bir solih farzand tarbiyasi ulugʻ bir kashfiyot bilan teng!”

 

Yuqorida oʻz nomini mangulik toqiga muhrlash barobarida oʻzi mansub boʻlgan millat shaʼnini sharaflagan ulugʻ zotlar – bobokalonlarimizning nomlarini zikr etib oʻtgandik. Fikrimizni muxtasar qilish arafasida Bahouddin Naqshband hazratlarining tariqatidan joy olgan bir taʼlimotni tilga olsak – “Xilvat dar anjuman”. Bunda tariqat piri insonning xilvatda xulqi qanday boʻlsa, koʻpchilikning ichida ham shu holatda boʻlishi lozimligidan saboq beradi. Chunki xilvatda chalgʻituvchi unsurlar deyarli yoʻq, anjumanda esa haddidan ziyod – har ikki holatda ham chalgʻimaslik komillikdan dalolatdir.

 

Alqissa ulugʻlar ulgʻaygan yurt farzandlari ekanimizni unutmasak, ulugʻlarimizdan ulugʻlik ulgusini olsak – milliy tiklanishdan, milliy yuksalish sari yuz tutgan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshamiz va kelajagi buyuk Oʻzbekistonga munosib farzand boʻlamiz.

 

Xudoyor MAMATOV,

Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat rahbari,

Yuridik fanlari doktori, professor

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur