AJRASHISH AROSATGA YETAKLAYDI

27.01.2023

4011

msk_yangiliklari_in

Muhabbat – insonga ato etilgan eng oliy tuygʻu. Ikki qalbning oʻzaro mehr rishtalari bilan bogʻlanishi oila atalgan tabarruk qoʻrgʻonni bunyod etadi. Bu qoʻrgʻon mustahkam boʻlsa, hayot undan neʼmatlarini ayamaydi. Agar unga darz yetsa, shu ondan oiladagilar uchun arosatli kunlar boshlanishi muqarrar.

 

Muhabbat – insonga ato etilgan eng oliy tuygʻu. Ikki qalbning oʻzaro mehr rishtalari bilan bogʻlanishi oila atalgan tabarruk qoʻrgʻonni bunyod etadi. Bu qoʻrgʻon mustahkam boʻlsa, hayot undan neʼmatlarini ayamaydi. Agar unga darz yetsa, shu ondan oiladagilar uchun arosatli kunlar boshlanishi muqarrar.

 

Oila qurmoqchi boʻlgan yoshlar bir-birlariga dunyoni bermoqchi boʻladilar. Ammo oila qurib boʻlgach, ayrimlarda bu tuygʻular negadir unut boʻladi. Ajrashish uchun ariza koʻtarib yurganlarni koʻrganda, shu haqda oʻylaydi kishi. Sud zalida bir-biriga bildirilayotgan eʼtirozlar, tomonlarning andishasizlarcha bir-birini balchiqqa bulgʻashdan-da toymasliklarini koʻrib hayratdan yoqa ushlaysan kishi.

 

Axir shular emasmi, kuni kecha maqsadlari mushtarak boʻlib, mehr rishtalarini payvasta qilib bir yostiqqa bosh qoʻyganlar. Ishonging ham kelmaydi, rosti. Qani berilgan vaʼdalar – yigitning lafzi? Endi esa, “yigit soʻzim, yashamayman dedimmi, yashamayman”, deb tixirlik qiladi u.

 

Bu holat Bayronning lirik qahramoni, “Mening bu borada uzil-kesil soʻzim bitta, u ham taxmin!”, degan satrlarini yodga tushiradi. Shu bir satrda u uzoqni koʻrish qobiliyatidan mahrum yoshlar qiyofasini ochib bergan edi. Qiz-chi, orzulari osmon edi-ku, nega buncha tez taslim boʻldi? Toʻydan keyin tartiblar tamoman boshqacha tus olishini anglamagan edimi?

 

Nazarimda, qizlarimizning ham muhabbatga munosabati avvalgidek emas. Arastuning shogirdlaridan biri ustozining yoniga kelib, uylanishga qaror qilganini aytibdi. “Eh, baxtsizlikka yuz buribsan-ku, boʻtam!”, debdi ustozi. “Agar uylanish baxtsizlik boʻlsa, bu dunyodan soʻqqabosh oʻtganim boʻlsin!”, deya ahdidan voz kechmoqchi boʻlib shogirdi. “Unda ikki karra baxtsizlikka tutqun boʻlasan”, degan ekan Arastu.

 

Darhaqiqat, turmush – musht, degan keksalarimiz. Uning zarbalariga bardosh bergan, mashaqqatlariga chidagan matonatli kishilargina rohatbaxsh manzilga yetadi. Aro yoʻlda ayro tushgan qadamlar esa arosat vodiysiga boradi, xolos. Oʻrtada bola boʻlsa, uni ham arosat azobiga giriftor etishadi.

 

Er va xotinning ajrashishidan Arsh larzaga keladi, degan gap bor. Qolaversa, bu jamiyat, davlat manfaatlariga ham tamomila zid. Bu yerda turmushga yengiltaklik bilan munosabatda boʻlayotgan, arzimas sabablar bilan oila atalmish qoʻrgʻonini qulatayotgan, bundan zarracha achinmayotgan yoshlarni nazarda tutayapmiz. Hayotda har xil sabablar bilan qayta turmush qurib, kemtik boʻlib qolgan roʻzgʻorini butlab yashayotgan oilalar bundan mustasno, albatta.

 

Bu masalaning yana bir jihati, mavjud qoʻydi-chiqdilarning sabablari tahlil qilinganda, aksar ajralishlar qaynona-kelin munosabatlaridagi muvozanatning buzilishi oqibatida kelib chiqayotgani ham koʻzga tashlanadi. Ajablanarlisi, muqaddam bunday ziddiyatlar ajrashishga olib kelmagan. Aksincha, hattoki sovuqchilik bilan boshlangan munosabatlar yillar sinovidan oʻtib, tamoman ijobiy tomonga oʻzgarganiga koʻp bor guvoh boʻlganmiz.

 

Xalqimizning “Oyning oʻn beshi qorongʻu, oʻn beshi yorugʻ”, degan hikmati baayni shu mavzuga taalluqlidek. Oʻzi ona boʻlib, soʻng qaynonalik martabasiga erishgan koʻplab ayollarimiz kelinlik davrlarini xotirlab, qaynonalarining qattiqqoʻlligini minnatdorlik bilan yodga olgani, mana shu tutum mustaqil hayot yoʻllarida juda asqatgani haqida soʻzlashadi.

 

Qadimgi hind brahmanlarining hikmatli bir soʻzini shu oʻrinda eslash oʻrinli: “Insonning koʻzi oʻzidan boshqa borliqdagi barcha narsalarni koʻradi”. Haqiqatdan shunday. Ayniqsa, kelin-kuyov toʻyida oʻtirgan oʻrnidan turib, pastga tushib oʻzlariga atab qurilgan koʻshk va unda oʻtirgan ikki qalb, ikki begʻubor qiyofa qanchalar nafis ekanini koʻrsalar, balki shunda mana shu lahzalar qanchalar goʻzal, nechogʻli maftunkor, naqadar betakror ekanini teranroq anglagan boʻlar edi. Ehtimol oʻshanda shu baxtiyor daqiqalarning qadriga koʻproq yetgan boʻlisharmidi?

 

Mavlono Rumiy “Koʻzni yumgil, koʻzga aylansin koʻngil”, deb bejizga aytmagan. Qolaversa, hech qachon unutishga haqqimiz boʻlmagan bir haqiqat bor: Odam Ato bilan Momo havo ikki yuz yillik ayriliq azobidan soʻng Arofat togʻida uchrashgan. Makkadagi mana shu tepalikni hozirda ziyoratchilar Rahmat togʻi deb tavof qilishadi. Nikoh bazmida kelin va kuyovga atab quriladigan oʻrindiq, bu shunchaki bir koʻshk emas – u Arofat togʻi singari tabarruk. Zotan kishining kishiga mehri tushishi, ikki qalbning birlashishi Yaratganning xohishi aslida.

 

Binobarin, shoir “Biz baxtli boʻlamiz xudo xohlasa, xudo xohlamasa uchrasharmidik”, deganida haq edi. Mana shu mantiqning fahmiga yetgan, oila degan davlatning qadriga yetadi –­ zinhor-bazinhor arofatdan arosatga yuz burmaydi.

 

Xudoyor Mamatov,

Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyat rahbari

yuridik fanlari doktori, professor

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur