SAYLOVLAR SOHASIDAGI ISLOHOTLARNING YANGI DAVRI

26.01.2023

2670

msk_yangiliklari_in

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan va yaqinda kuchga kirgan Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi bu borada mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan va yaqinda kuchga kirgan Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi bu borada mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

 

Davlatimiz rahbarining ushbu muhim tashabbusi 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida oʻz ifodasini topgan edi.

 

“Siyosiy hayotimizda muhim ahamiyatga ega boʻlgan saylov qonunchiligi haqida ham toʻxtalib oʻtmoqchiman, — deya taʼkidlanadi Murojaatnomada. — Bu borada qabul qilingan oltita qonun va bir qator qonunosti hujjatlari, afsuski, haligacha yaxlit bir hujjat shakliga keltirilmagan. Shu sababli xalqaro norma va standartlarga javob beradigan yagona Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish lozim. Shuningdek, 2019-yilda hokimiyatning vakillik organlariga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tadbirlar dasturini ishlab chiqishga hozirdan kirishish kerak. Dasturda mazkur siyosiy jarayon yanada oshkoralik ruhida oʻtishini taʼminlaydigan yangi, ilgʻor amaliyotni joriy etishga alohida eʼtibor qaratish zarur”.

 

Bugun jahonda ikki yuzga yaqin davlatlar bor. Lekin xalqaro norma va standartlar asosida ishlab chiqilib, loyihasi keng jamoatchilik, taʼbir joiz boʻlsa, saylov qonunchiligi borasida “qilni qirq yoradigan” xalqaro ekspertlar tomonidan batafsil muhokama qilinib, umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mos, puxta, ixcham va yaxlit shaklda qabul qilingan bunday mukammal Kodeks yaratish sanoqli mamlakatlargagina nasib etgan.

 

Tabiiyki, inson huquqlari har tomonlama oʻzining yorqin ifodasini topgan bunday keng qamrovli, puxta, demokratik ruhdagi kodeksni xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqish hamda qabul qilish bir kunda va bir zarb bilan boʻladigan ish emas. Buning uchun, eng avvalo, katta donishmandlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik, milliy anʼanalar hamda zamonaviy demokratiya gʻoyalariga ulkan sadoqat va kuchli siyosiy iroda talab etiladi. Shu bilan birga, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy, demokratik muhit va tamoyillar mustahkam qaror topishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, erkin, ochiq saylov tizimi — huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatining eng zarur omillaridandir. Chunki saylov orqali fuqarolar davlat va jamiyat boshqaruvida bevosita ishtirok etadi.

 

Saylov kodeksining qabul qilinishi, amaliyotga joriy etilishi yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning amaliy samarasi boʻlishi qatorida, istiqlol yillarida shakllangan milliy saylov qonunchiligimizni, demokratik saylovlarni oʻtkazish boʻyicha qariyb 30 yillik tajribamizni yanada mustahkamlash va takomillashtirish sari qoʻyilgan katta qadam boʻldi.

 

Fuqarolarning saylovga doir huquqlarini amalga oshirishga oid mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan Saylov kodeksi loyihasini ishlab chiqish vazifasi, uning ijrosini taʼminlash Prezidentimizning 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturini tasdiqlashga doir Farmonida aniq belgilab berildi. Dasturga binoan, Markaziy saylov komissiyasi raisi rahbarligida Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, ekspertlar ishtirokida ishchi guruhi tuzildi.

 

Kodeks loyihasini tayyorlash jarayonida ishchi guruhi tomonidan 20 dan ortiq davlat, jumladan, Fransiya, Niderlandiya, Kanada, Italiya, Shve­siya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Belarus, Ozarbayjon, Turkiya kabi mamlakatlar tajribasi hamda ushbu sohadagi xalqaro standartlar puxta oʻrganib chiqildi. Saylovga doir 10 dan ortiq xalqaro hujjatlar atroflicha tahlil qilinib, ularning asosiy gʻoya va standartlari loyiha normalariga chuqur singdirildi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi pakt, YXHTning insoniylik mezonlari toʻgʻrisidagi hujjatlari shular jumlasidandir.

 

Kodeks loyihasi jamoatchilik muhokamasini tashkil etish maqsadida 2018-yil 19-­iyulda Oliy Majlis palatalari tomonidan Markaziy saylov komissiyasi bilan birgalikda Amaliy harakatlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) tasdiqlandi. Unga muvofiq, loyiha besh turdagi muhokama va ekspertizadan oʻtkazildi.

 

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi. Shu maqsadda Saylov kodeksi loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (www.regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi hamda Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida (www.elections.uz) oʻzbek va rus tillarida joylashtirildi. Loyiha yuzasidan ommaviy axborot vositalari, xususan, gazeta-jurnallar, radio va televideniye, ijtimoiy tarmoqlarda saylovchilar, olimlar, deputatlar, ekspertlar, siyosiy partiyalar faollari va jurnalistlar tomonidan yuzlab chiqishlar amalga oshirildi.

 

Ishchi guruhi tashkil etgan yana bir yoʻnalish kodeks loyihasi yuzasidan bevosita amaliyotchilarning fikr-mulohazalarini olish bilan bogʻliq boʻldi. Boshqacha aytganda, loyiha viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari rahbarlari, uning aʼzolari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari va mutaxassislari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

 

Saylov kodeksi loyihasi yuzasidan 300 ga yaqin tadbirlar oʻtkazildi. Ularda 30 mingdan ortiq kishilar qatnashdi. Jami 450 dan ortiq takliflar kelib tushdi.

 

Xususan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi hamkorligida Olmaliq shahrida tashkil etilgan davra suhbati qizgʻin bahslarga boy boʻldi. Unda deputatlar, senatorlar, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Adliya vazirligi, siyosiy partiyalar, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, saylov huquqi sohasidagi tajribali mutaxassislar, ekspertlar, olimlar va amaliyotchilar qatnashdi.

 

Shuningdek, Forish tumanidagi “Qoʻlba”, “Qizilqum”, “Oqtom” mahalla fuqarolar yigʻinlari va tuman tibbiyot birlashmasida boʻlib oʻtgan kodeks loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbatlari ham qizgʻin tarzda kechdi.

 

Koʻrinib turibdiki, siyosiy partiyalar roli kuchaygan, saylovchilarning faolligi oshgan, saylov jarayonida ishtirok etayotgan fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning jamoat nazorati va monitoringini olib borish vakolatlari kengaygan.

 

Kodeks loyihasi xalqaro tashkilotlarga mustaqil xalqaro ekspertiza uchun taqdim etilgan boʻlib, bu muhokamaning beshinchi yoʻnalishini tashkil qildi. Bu borada Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi tavsiyalari, shuningdek, Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ijroiya qoʻmitasidan tegishli xulosalar va fikrlar olindi.

 

Oʻtgan yilning 16-17-noyabr kunlari Buxoro shahrida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Saylov qonunchiligini takomillashtirish va demokratik saylovlar: Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusidagi xalqaro konferensiyada bildirilgan takliflar ham foydali boʻldi. Unda BMTning saylov boʻyicha mutaxassislari, Venetsiya komissiyasi ekspertlari yurtimizda Saylov kodeksi loyihasini tayyorlash va qabul qilish borasida olib borilayotgan ishlarga va boʻlajak saylovlarda saylovchilar yagona elektron roʻyxati amaliyotga joriy etilayotganligiga yuksak baho berdilar.

 

Eʼtiborlisi, Buxoro konferensiyasida saylov jarayonlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning dolzarb masalalari batafsil koʻrib chiqildi. Unda Saylov tizimi boʻyicha xalqaro ekspertlar markazi (Niderlandiya), Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi kotibiyati (Janubiy Koreya), Qirgʻiziston Respublikasi saylovlar va referendumlar oʻtkazish boʻyicha Markaziy saylov komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Davlat personallashtirish markazi vakillari ishtirok etishdi.

 

Soʻzga chiqqanlar saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning oʻziga xos jihatlari, bu muhim siyosiy tadbirni oʻtkazishda foydalaniladigan texnik bazani modernizatsiya qilish masalalariga toʻxtalib, oʻzlarining ish tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

 

Maʼlumki, Prezidentimizning 2018-yil 4-oktyabrda qabul qilingan “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori milliy saylov tizimiga Saylov jarayonini boshqarishda axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini joriy qilishning huquqiy asoslarini yaratishda muhim omil boʻlmoqda. Mazkur axborot tizimi huquqiy tajriba tartibida 2017-yil dekabr oyida Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlari saylovida sinovdan oʻtkazilib, mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan yuqori baholandi. Uning afzalligi shundaki, ushbu tizim “bir saylovchi — bir ovoz” tamoyilini taʼminlash, bir saylovchining bir necha roʻyxatga kiritilishiga yoʻl qoʻymaslik, maʼmuriy-hududiy birliklar kesimida hamda xorijda yashab turgan umumiy saylovchilar sonini, saylov okruglari va uchastkalari boʻyicha saylovchilar normalarini belgilash uchun qulay imkoniyat yaratadi. Yagona elektron roʻyxatni qoʻllashni tartibga soluvchi normalar yaqinda qabul qilingan Saylov kodeksida mustahkamlangan. Shu maʼnoda, oldimizda turgan saylovlar nafaqat qonunchilik nuqtai nazaridan, balki texnik-texnologik jihatdan ham mutlaqo yangicha formatda boʻlib oʻtadi.

 

Muhokamalar doirasida Venetsiya komissiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi yuzasidan qoʻshma xulosasi hamda saylov qonunchiligini rivojlantirishning xorijiy amaliyoti boʻyicha tavsiyalari taqdim etildi.

 

Chunonchi ekspertlar Tatyana Xilsher-Bogusevich va Pere Vilovanova Trias Venetsiya komissiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi qoʻshma xulosasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi loyihasi muhokamasi boʻyicha oʻz tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi. Xalqaro anjumanda soʻzga chiqqan Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Nikolay Levichev, Venetsiya komissiyasi kengashining huquqiy masalalar boʻyicha maslahatchisi Gael Martin Minkaleff Oʻzbekiston milliy saylov qonunchiligi izchil takomillashib borayotganligini qayd etarkan, tegishli xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalari asosida tayyorlangan Saylov kodeksi loyihasi saylovlar demokratiya, oshkoralik, tenglik kabi muhim tamoyillar asosida oʻtkazilishini taʼminlashga xizmat qilishini bildirishdi.

 

Anjumanda yurtimizdagi soha mutaxassislari va xorijlik ekspertlar huquqni qoʻllash amaliyoti, saylov kampaniyasini moliyalashtirish, partiyalararo raqobat, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish masalalari yuzasidan oʻz fikrlarini bayon etishdi.

 

Kodeks loyihasi muhokamasi jarayonida fuqarolar, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ins­titutlari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridan yuzlab takliflar kelib tushdi. Ular Ishchi guruhi hamda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti mutaxassislari tomonidan chuqur oʻrganib chiqilganligini aytish zarur.

 

Xoʻsh, ana shunday keng muhokamalardan soʻng qabul qilingan Saylov kodeksining afzalliklari nimalarda namoyon boʻladi?

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qabul qilinib, Senat tomonidan maʼqullangan, 18 bob, 103 moddadan iborat ushbu Saylov kodeksi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan shu yil 25-iyunda imzolandi va kuchga kiritildi. Bunda, avvalo, saylovga oid mavjud bir qator qonunlar va qonunosti hujjatlari yaxlit hujjatga jamlandi. Pirovardida esa qonun normalari bilan saylov jarayonlarida fuqarolarning saylov huquqlariga soʻzsiz rioya etilishi, saylovchilarga erkin ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoit yaratish, deputatlikka, Prezidentlikka nomzod koʻrsatadigan siyosiy partiyalar va nomzodlarga saylov kampaniyasi davomida teng sharoit yaratish imkoniyati yanada mustahkamlandi.

 

Saylov kodeksi kuchga kiritilishi munosabati bilan 30 ga yaqin qonun hamda qonunlarga keyin­chalik kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, shuningdek, qonunosti hujjatlari oʻz kuchini yoʻqotdi. “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida”, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir. Aytish joizki, ularning barchasida fuqarolarning saylov huquqlariga doir deyarli bir xil normalar takrorlanardi. Saylovga oid qonunlar koʻpligi ularni qoʻllashda muayyan qiyinchiliklar tugʻdirganligi ham oʻz-oʻzidan tushunarli.

 

Bundan tashqari, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirokini cheklovchi normalar chiqarib tashlandi. Qonunchilik palatasida ­amaldagi deputatlik oʻrinlari (150 oʻrin) saqlab qolingani holda, Qonunchilik palatasida deputatlik oʻrinlari uchun Oʻzbekis­ton Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti bekor qilindi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzod koʻrsatish tartibi barham topdi. Endilikda Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish Kodeks bilan tartibga solinadi. Siyosiy partiyalar tomonidan imzo yigʻish jarayonida saylovchilar bundan keyin bir yoki bir nechta nomzodni yoxud partiyani qoʻllab imzo qoʻyishi mumkin boʻladi.

 

Kodeksda protsessual, yaʼni bevosita saylov jarayonlari bilan bogʻliq bir qator yangi qoidalar ham joriy etildi. Jumladan, saylov uchastkasida ovozlarni sanash bayonnomasining nusxasini darhol joylashtirish, ovoz berish tugaganidan keyin ­uchastka saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar (ovozlarni sanab chiqish, bayonnoma tuzish va boshqalar), fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari tomonidan uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar boʻyicha takliflar kiritish tartibi belgilandi. Qonunchilik palatasiga, mahalliy Kengashlarga saylov bir vaqtda oʻtkazilgan taqdirda yagona saylov uchastkalari tuziladi. Ilgari Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis Senati aʼzolarini saylash tartibi toʻgʻrisidagi nizom bekor qilinib, Senat aʼzolarini Saylov kodeksiga binoan saylash joriy etildi.

 

Bu yil yurtimizda saylovlar yili. Yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va tumanlar (shaharlar) Kengashlariga saylovlar boʻlib oʻtadi. Saylov — hamisha oʻziga xos sinov. Mamlakat uchun, saylanuvchi va saylovchilar uchun ham. Chunki, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Saylov jarayonlarida barchamizning, avvalo, dunyoqarashimiz, siyosiy va huquqiy madaniyatimiz, grajdanlik pozitsiyamiz yana bir bor namoyon boʻladi”. Yangi saylovlar ilk bor Saylov kodeksi asosida oʻtadi. Shu bois Markaziy saylov komissiyasi tomonidan boʻlajak saylovlarga qizgʻin tayyorgarlik ishlari hozirdan boshlab yuborildi.

 

Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan hamda “Inson manfaatlari — har narsadan ustun!” degan hayotbaxsh demokratik gʻoyani oʻzida mujassam etgan Saylov kodeksi yurtimizda saylovlar sohasidagi islohotlarning yangi, yanada yuksalish va samarali davrini boshlab berishi, shubhasiz. Kodeks saylovlarimizning oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik tartib-tamoyillar asosida oʻtishida muhim omil boʻlishi barobarida, saylovchi va saylanuvchilar uchun keng imkoniyatlar va qulayliklar yaratib beradi.

 

Mirzo-Ulugʻbek ABDUSALOMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi raisi

(“Xalq soʻzi” gazetasi, 2019-yil 23-iyul)

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur