JURNALIST - ZUKKO KUZATUVCHI VA YAXSHI TAHLILCHI

01.02.2023

2455

msk_yangiliklari_in

Ommaviy axborot vositalari aholiga turli darajadagi saylovlar haqidagi yangiliklarni yetkazish orqali saylovlarni kuzatishni osonlashtiradi.

 

Albatta, bu borada OAV vakillari uchun maʼlum bir shart-sharoitlarni yaratish zarur. Uni quyidagicha koʻrish mumkin:

 

- Soʻz va matbuot erkinligi. Ommaviy axborot vositalari saylovlar haqidagi axborotni cheklovsiz va senzurasiz taqdim etishda erkin boʻlishi kerak.

- Tahdid va zoʻravonlikdan himoya qilish. Ommaviy axborot vositalari tahdid va zoʻravonlikdan qoʻrqmasdan voqealarni tadqiq qilishi va xabar berishi kerak.

- Harakat erkinligi. Jurnalistlar nomzodlarning saylovoldi tashviqotlarini yoritish va hududlardagi saylovni boshqarish organlari faoliyatini erkin kuzatishlari lozim.

- Imkoniyat (dostup). Jurnalistlar saylov komissiyalari, saylov uchastkalari, nomzodlar va saylovchilar bilan uchrashishi va ular haqidagi maʼlumotlarni qoʻlga kiritishlari lozim.

- Teng munosabat. Barcha davlat va xususiy OAVga teng munosabatda boʻlish kerak.

 

Xalqaro hujjatlarda fikr erkinligi huquqi

 

Fikr erkinligi huquqi quyidagi hujjatlar bilan himoyalangan.

- Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasi;

- Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi paktning 19-moddasi;

- Inson huquqlari boʻyicha Yevropa konvensiyasi 10-moddasi, MDHning inson huquqlari va asosiy erkinliklari toʻgʻrisidagi konvensiyasining 11-moddasi;

- Mustaqil davlatlar hamjamiyatiga aʼzo davlatlarda saylov huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi konvensiyasining 13-moddasi.

 

“Raqamli texnologiyalar davrida fikrni ifoda etish va saylovlar erkinligi toʻgʻrisida”gi qoʻshma deklaratsiyada OAV, saylovlar davrida sharoit taqozo etgan hollarda, jumladan, nomzodlar va partiyalarning jamoatchilik bilan muloqoti uchun teng imkoniyatlar, siyosiy debatlar uyushtirishga platformalar hamda saylovlar bilan bogʻliq masalalar boʻyicha xolis va ishonchli axborot taqdim etishda alohida oʻrin tutishi qayd etib oʻtilgan.

 

Ommaviy axborot vositalari xalqaro kuzatuvchilar bilan bir xil darajada himoyalangan. Masalan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotida (YXHT) OAV erkinligi boʻyicha vakil faoliyat olib boradi.

 

U YXHTga aʼzo barcha 55 ta davlatda ommaviy axborot vositalari erkinligi holatini kuzatadi hamda soʻz erkinligi va ommaviy axborot vositalari erkinligiga oid tamoyillar va majburiyatlariga rioya etilishini nazorat qiladi.

 

Oʻzbekistonda axborotlashtirish sohasini, axborotni izlash, olish, tarqatish va undan boshqacha tarzda foydalanish masalalarini tartibga solishga qaratilgan quyidagi qonun hujjatlar mavjud.

 

- Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;

- Oʻzbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni;

- Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonuni;

- Oʻzbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni;

- Oʻzbekiston Respublikasining “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi Qonuni;

- Oʻzbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni;

- Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi.

 

Akkreditatsiya — OAV bilan hamkorlikning boshlangʻich qadami

 

Saylov oʻtkazuvchi mamlakatlar OAV bilan hamkorlik ishlarini asosan uni akkreditatsiyadan oʻtkazishdan boshlaydi. Akkreditatsiyadan oʻtgan OAV vakillari saylov kampaniyasi barcha tadbirlarini erkin yoritish huquqiga ega boʻladilar.

 

MDH aʼzo mamlakatlarda boʻlib oʻtgan saylovlarda mingga yaqin OAV vakillari ishtirok etganini kuzatish mumkin. Masalan, 2021-yil 19-sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Davlat Dumasiga boʻlib oʻtgan saylovlarda jurnalistlar uchun Axborot markazi tashkil etildi. Markazda oʻz faoliyatini olib borish uchun dunyoning 21 mamlakatidan 1372 OAV vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Shuningdek, 40 ta xorijiy OAV vakillari toʻgʻridan-toʻgʻri Rossiya Markaziy saylov komissiyasida ovoz berish jarayonlari haqida maʼlumot olishdi.

 

1400 dan ortiq OAV vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov uchastkalarida, 13 mingdan ziyod jurnalistlar esa hududlarda oʻz faoliyatini olib borish maqsadida akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

 

Shuningdek, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti saylovini yoritishda dunyoning 11 davlatidan 100 ga yaqin xalqaro jurnalistlar ishtirok etdi. Prezident saylovini 200 dan ziyod, referendumni esa 50 dan ziyod mahalliy OAV vakillari yoritib bordi.

 

Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan Prezident saylovlarida esa 1 ming 672 nafar mahalliy va xorijiy mamlakatlarning yirik ommaviy axborot vositalarining vakillari bevosita kuzatib va yoritib bordi.

 

Jurnalist qachon zukko kuzatuvchi va yaxshi tahlilchiga aylanadi?

 

Albatta, bu savolga turlicha javob berish mumkin. Lekin dastavval u saylov kampaniyasi boshlanishidan oldin saylov kodeksi va saylovga oid normativ-huquqiy hujjatlarni diqqat bilan oʻqib chiqishi lozim. Shuningdek, nomzodlar roʻyxati va ularning saylov oldi dasturining ijtimoiy-siyosiy mazmuni bilan tanishib, puxta tayyorgarlik koʻrishi kerak.

 

“Jurnalistlarning xulq-atvori prinsiplari deklaratsiyasi”da qayd etilganidek, haqiqatni va jamiyatning haqiqatni bilish huquqini hurmat qilish-jurnalistning asosiy vazifasidir. Jurnalist toʻgʻri ekaniga ishonch hosil qilgan, tekshirilgan faktlarnigina uzatishga, shuningdek axborot, fotosuratlar va hujjatlarni olish uchun faqat halol usullardan foydalanishga majbur.

 

Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (IFJ) tavsiyasiga koʻra, “Jurnalist hatto siyosatchining avto mashinasiga ham oʻtirmasligi kerak- bu unga boʻlgan ishonch darajasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin”.

 

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi professional OAV xodimlaridan iborat dunyodagi eng yirik tashkilot boʻlib, uning shtab-kvartirasi Bryusselda joylashgan. 1926-yilda tashkil etilgan ushbu tashkilot hozirda dunyoning 139 dan ziyod davlatidan 600 mingga yaqin jurnalistlarni qamrab olgan.

 

Saylovlarni xolis yoritish shaffoflikni oshiradi. Saylov jarayonlarida yuz berishi mumkin boʻlgan firibgarlik holatlari va ovoz berish jarayonining buzilishini oldini oladi. Oshkoralik saylov jarayonini takomillashtirishga ham yordam beradi. Jumladan, jurnalist tomonidan aniqlangan muammo va kamchiliklar saylov tashkilotchilariga, shuningdek keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etiladi. Buning natijasida mavjud muammo oʻrganiladi va uni bartaraf etish harakati boshlanadi.

 

Materialda “Soʻz, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar” kitobi, shuningdek, Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (IFJ) tavsiyalaridan foydalanildi.

 

Ravshan BURXON

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur