• eye Maxsus imkoniyatlar
yangiliklar bo'yicha izlash
MA'LUMOT
Fotogalereya
Markaziy saylov komissiyasi Raisi hududiy seminar-trening mashg‘ulotlari jarayoni bilan tanishdi
15.07.2022
304
Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizomxodjayev hamda Komissiya vakillari 15-iyul kuni Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida bo‘lib, Referendum o‘tkazuvchi komissiya a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida olib borilayotgan o‘quv treninglar bilan tanishdi.

Muloqot chog‘ida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan referendumni milliy saylov qonunchiligi va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish borasida belgilangan muhim vazifalarning ijrosi haqida so‘z bordi.

Referendum komissiyalari a’zoligiga nomzodlar va tashkilotchilarining saylov qonunchiligi bo‘yicha bilimini oshirish va ko‘nikmalarini tizimli ravishda mustahkamlash ana shunday yuksak vazifalardan.

Markaziy  saylov komissiyasi Raisi seminar-trening ishtirokchilari bilan bo‘lgan muloqotda: “Referendumni o‘tkazish aynan shu bo‘g‘in tashkilotchilaridan puxta bilim va katta mas’uliyat talab etiladi. Ular saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlardan yaxshi xabardor bo‘lsa, axborot texnologiyalarini amalda bemalol qo‘llay olsa, referendum jarayonlari muvaffaqiyati shunchalik to‘kis ta’minlanadi” deb ta’kidladi. 

Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida davom etayotgan hududiy seminar-treninglarda hozirgacha  jami 804 nafar tinglovchi mashg‘ulotlarda faol ishtirok etib, yakuniy testlarni muvaffaqiyatli topshirdi.

MSK Raisi, shuningdek, Jizzax viloyatidagi na’munaviy jihozlangan ayrim referendum uchastkalarini borib ko‘rdi. Ularda ovoz beruvchilar, uchastka komissiyalari a’zolari va kuzatuvchilar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi. 

Hududlarda davom etayotgan seminar-treninglarda 104 nafar respublika treneri 966 nafar hududiy trenerlarni tayyorlagan bo‘lsa, hududiy trenerlar, o‘z navbatida, tuman va shaharlarga taqsimlanib, uchastka komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga 33 mingga yaqin nomzodlar uchun mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati