• eye Maxsus imkoniyatlar
yangiliklar bo'yicha izlash
MA'LUMOT
Fotogalereya
Qirg‘iz Respublikasi saylovlar va referendumlarni o‘tkazish Markaziy saylov komissiyasi raisi bilan uchrashuv
28.11.2021
827
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston delegasiyasi 27-29-noyabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etmoqda.

Tashrif doirasida 28-noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasining Kirg‘iston Respublikasi Saylovlar va referendumlarni o‘tkazish Markaziy saylov komissiyasi raisi Shayldabekova Nurjan Karmabekovna bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida N.Shayldabekova parlament saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va saylovlarni o‘tkazish borasida MSK tomonidan amalga oshirilgan ishlarga to‘xtaldi.

Qirg‘iziston Respublikasi saylov va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha Markaziy komissiyasi raisining ma’lum qilishicha, Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi deputatlari saylovida Yagona saylov okrugi bo‘yicha yakuniy saylovchilar ro‘yxatiga 3 million 703 ming 420 nafar saylovchi kiritilgan bo‘lib, shundan 84 ming 128 nafar saylovchi xorijda tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylovchilar soni 3 million 619 ming 292 nafarni tashkil etdi (chet elda ro‘yxatga olingan saylovchilar bundan mustasno).

21 siyosiy partiyadan 1015 nafar nomzod va 36 ta bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha 296 nafar nomzod ro‘yxatga olingan.

Qirg‘izistonda jami 2494 ta saylov uchastkasi ochilgan bo‘lib, shundan 59 tasi xorijda, 2435 tasi esa mamlakat xududida tashkil etilgan. 27 noyabr kuni «ochiq ovoz berish» bo‘lib o‘tdi.

Saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida 14 ta xorijiy saylov organidan 36 nafar, xalqaro tashkilotlardan 636 nafar, diplomatik vakolatxonalardan 64 nafar kuzatuvchidan iborat jami 736 nafar xalqaro kuzatuvchi MSK tomonidan akkreditasiyadan o‘tkazildi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘z so‘zida parlament saylovlariga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganligi, ayniqsa saylov jarayoniga zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlariga yuqori baho berdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati